• Call-markaz

    (+998 78) 141-90-99
  • Ishonch telefoni

    (+998 71) 619-23-33
  • Call-markaz

    (+998 78) 141-90-99
  • Ishonch telefoni

    (+998 71) 619-23-33
Рус O'z En
Ishonch telefoni
Qayta bog'lanish

OKMK kasaba uyushmalari zamon bilan hamqadam

02 May 2025, 13:19 532

Kasaba uyushmalari mehnatkashlarning ixtiyoriy asoslarda birlashtiruvchi nodavlat-notijorat tashkiloti hisoblanadi. Bir so‘z bilan ifodalaganda esa, hamdo‘stligidir. Umumiy kasbiy manfaatlar kasaba uyushmalari a'zolarini birlashtiradi.

Mehnatkashlar va ular oila a'zolarining ijtimoiy-iqtisodiy manfaatlarini himoya qilish kasaba uyushmalari maqsadlarining asosiy yo‘nalishlaridir.

Kasaba uyushma qo‘mitasining pozitsiyasi va faoliyati davr vazifalari, ma'lum bir davrning murakkabliklari va unga xos bo‘lgan xususiyatlar hamda ularning oqilona yechimi bilan uzviy bog‘liq.

Tarixiy xotira o‘tmishga yuzlanish, vaqt esa istiqbolli maqsadlarni ko‘ra olish imkonini beradi. Bosib o‘tilgan tarixiy yo‘lning barcha bosqichliklari, davrlarning burhonlarida kasaba uyushma qo‘mitasi mehnatkashlar manfaatlari va mehnat kishilarining haq-huquqlarini himoya qilib borishda o‘z o‘rniga ega bo‘lib keldi.

2024-yilda O‘zbekiston metallurgiya sanoatining bayroqdori bo‘lgan Olmaliq kon-metallurgiya kombinati o‘zining 75 yilligini nishonladi. 75 yil davomida konchi-metallurglarning ko‘plab avlodlarining nafaqat mehnat zafarlari, an'analari poydevori o‘rnatildi, balki kombinat mehnat jamoasini ulug‘ maqsadlar yo‘lida birlashtirgan kasaba uyushma tashkiloti yetakchi kuch sifatida shakllandi.

O‘tgan davr mobaynida kasaba uyushma tashkiloti mehnatkashlar bilan hamkorlikda ishlab chiqarish topshiriqlarini bajarish bilan bir qatorda ish joylarida mehnat sharoitlarini yaxshilash, ijtimoiy dasturlarni hayotgan tatbiq etish va aholi farovonligini yuksaltirish borasida e'tirofga molik vazifalarni bajarib bordi.

Mamlakat metallurgiya sanoati Vazirligining 1949-yil 30-yanvardagi buyrug‘iga asosan, 1951-yildan 1953-yilgacha Nikolay Aleksandrovich Sogoyev Oltin-topkan qo‘rg‘oshin-rux kombinati direktori sifatida faoliyat yuritdi. 1952-yilda A.S.Kontorov kon qo‘mitasi raisi lavozimiga tayinlandi. A.Kontorov mazkur lavozimni 1955-yilning dekabrigacha egallab keldi. 1956-yilning sentyabr-dekabr oylari mobaynida kasaba uyushmasi guruh qo‘mitasi raisi sifatida I.T.Shapovalov ko‘rsatilgan. Uning 1960-yilning yanvaridan sentyabrigacha bo‘lgan muddatlarda kombinat kasaba uyushmasi guruh qo‘mitasi raisi bo‘lganligi tarixiy hujjatlarda ko‘rsatib o‘tilgan.

1960-yilning oktyabr-dekabr oylarida E.F.Bajmin kasaba uyushmasi guruh qo‘mitasi raisi etib saylangan. U 1963-yil oktyabriga qadar bir necha marotaba kasaba uyushmasi guruh qo‘mitasi raisi sifatida qayta saylanish sharafiga muyassar bo‘lgan. O‘sha yilning aprel-iyun oylari davomida kasaba uyushmasi guruh qo‘mitasi raisligini V.I.Petuxin boshqargan.

1965-yilning yanvarida Qo‘rg‘oshin-rux boyitish fabrikasi direktori lavozimida faoliyat yuritgan L.G.Cherniy kasaba uyushmasi guruh qo‘mitasi raisi lavozimiga tayinlandi. U mazkur lavozimni 1967-yilning apreliga qadar egallab keldi. 1967-yilning iyunidan 1974-yilning oxiriga qadar V.K.Breus kasaba uyushmasi guruh qo‘mitasi raisi lavozimida samarali ish olib bordi.

“Olmaliq KMK” AJ xodimlari kasaba uyushmasi qo‘mitasi raisi sifatida 1989-yilga qadar V.I.Tokarev ko‘rsatilgan. Uning mazkur lavozimga tayinlanishi sanasiga doir ma'lumotlar mavjud emas.

Ma'lumki, kasaba uyushma tashkiloti yetakchisi tashabbuskor, tashkilotchilik va odamlar bilan omilkorona muloqot qila olish qobiliyatlariga ega bo‘lishi kerak. Aynan yuqoridagi jihatlar 1989-yilning aprelidan 1994-yil oktyabriga qadar Olmaliq tog‘-kon metallurgiya kombinati kasaba uyushma qo‘mitasiga raislik qilgan Yegor Ivanovich Fominga xos xislatlar edi.

Iqtisodiy aloqalar keskin uzilayotgan, ishlab chiqarish va xodimlar qo‘nimsizligi yaqqol bo‘y ko‘rsatayotgan pallalarda Yegor Ivanovich marksheyderlik sohasida shakllanib, kasaba uyushmasi faoliyatiga kirib borar ekan, kombinat oldida turgan muammolar izchillikda o‘z yechimini topib borishiga munosib hissasini qo‘shdi.

1994-yilning 16-oktyabrida OKMK xodimlari kasaba uyushma qo‘mitasi raisi lavozimiga mehnat faoliyatini kombinat konlarida boshlagan Sobir Akramovich Po‘latov saylandi.

Kadrlar barchasini hal qiladi. Bu hayotiy haqiqatni Sobir Po‘latov misolida ko‘rishimiz mumkin. Nihoyatda og‘ir iqtisodiy tanglik sharoitlarida dabdabali va'dalardan ko‘ra amaliy ishlarga o‘tish va o‘z ortidan jamoani ergashtirish vazifasini Sobir Akramovich muvaffaqiyatli uddaladi. Aynan uning kasaba uyushma tashkilotiga rahbarlik qilgan yillarida OKMK safiga kelib qo‘shilgan yangi konlarda iqtisodiy-ijtimoiy muammolar omilkorlikda hal etilib borildi. 2006-yilda “Olmaliq KMK” OAJ muassisligida o‘zbek tilida “OKMK hayoti” ko‘p nusxali ijtimoiy-siyosiy gazetasi nashr etilishi yo‘lga qo‘yildi.

2010-yilning 1-martida kasaba uyushma qo‘mitasi konferensiyasida OKMK xodimlari kasaba uyushmasi qo‘mitasi raisi lavozimiga bir ovozdan Ilhom Izzatullayevich Abdullayev saylandi. Bunga qadar “Olmaliq KMK” OAJ boshqaruvi Mehnat muhofazasi va xavfsizlik texnikasi bo‘limida yetarlicha tajriba to‘plagan, mehnatkashlarning ijtimoiy muammolaridan yaxshigina xabardor bo‘lgan va kombinat rahbariyati o‘z oldiga qo‘ygan maqsadlar mohiyatini yaxshi tushungan serg‘ayrat bu inson rahbarligida kasaba uyushma qo‘mitasi faoliyati yangi asoslarga burildi. Aynan uning tashabbusi evaziga “Olmaliq KMK” OAJ xodimlari kasaba uyushma qo‘mitasi kasaba uyushmasi Kengashi sifatida qayta tashkil etilib, uning safiga bir qator tashkilotlar kelib qo‘shildi.

“Olmaliq KMK” AJning 2014-yil fevralida bo‘lib o‘tgan hisobot-saylov konferensiyasida Abdurashid Jaynaqovich Haydarov kasaba uyushmasi Kengashi raisi lavozimiga tayinlandi. Yuqori intellektli, mustahkam hayotiy pozitsiyasiga ega bo‘lgan hamda davlat va jamoat tashkilotlarida rahbarlik lavozimlarida boy tajriba to‘plagan bu rahbarning aynan shu qirralari kasaba tashkilotlari faoliyatiga yangicha yondashuv va munosabatni olib kirdi. Doimiy ijtimoiy-siyosiy masalalar yechimi yo‘lida jipslashish - rivojlanish omili. Muammolarning birgalikda va adolat tamoyillarida hal etilishi - yuksak marralar poydevori. Abdurashid Jaynaqovich rahbarligi davrida kombinat kasaba uyushmasi Kengashi faoliyatida aynan shu jihatlar shakllandi.

2017-yilning 25-sentyabrida OKMK xodimlari kasaba uyushmasi Kengashi raisi vazifasini bajaruvchi sifatida Kamol Hasanboyev tayinlandi.

“Olmaliq KMK” AJ ishlab chiqarish tizimining yakuniy va asosiy ishlab chiqarish tizimi hisoblangan Mis eritish zavodi va uning eng muhim sexlaridan biri bo‘lgan Oltin va kumush affinaji sexida oddiy apparatchi kasbidan mehnat faoliyatini boshlagan K.Hasanboyev mehnatkashlarga yaqinligi, ularning oldida yuzaga kelayotgan muhim masalalar yechimini oqilona hal qilishda mehnatkashlar va ish beruvchi o‘rtasida munosib pozitsiyani tutib turishi bilan e'tirof qozondi.

2017-yil OKMK tarixida yangi bosqichni boshlab bergan yil sifatida yodda qoldi. Aynan o‘sha yili kombinat yirik investitsiyaviy loyihalarni amalga oshirishga kirishdi. Ulkan maqsadlar yo‘lida mehnat jamoasi hamkor, ko‘makchi va kombinat ma'muriyatining eng yaqin maslahatchisi bo‘lishi talab etilardi. Shu maqsadda 2018-yilning 12-noyabrida “Olmaliq KMK” AJ xodimlari kasaba uyushmasi Kengashi raisi lavozimiga Abdurashid Jaynaqovich Haydarov qayta saylandi. Aynan uning rahbarligi ostida OKMKning iqtisodiy-ijtimoiy rivojlantirishning ish beruvchi va mehnat jamoasining hamkorlikdagi strategiyasi ishlab chiqildi.

Ijtimoiy imtiyozlarning asosiy salmog‘i kompaniyaning iqtisodiy ko‘rsatkichlariga bog‘liq. Aynan shu tamoyilga asoslangan holda OKMKda mehnatkashlar manfaatlariga xizmat qiluvchi bir qator ijtimoiy mezonlar Abdurashid Haydarovning rahbarligida ishlab chiqilib, amaliyotga tatbiq etildi.

Bugungi kunga kelib mehnat kishisining huquq va manfaatlarini ta'minlash, ularni ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash va mehnatini muhofaza qilish, bu orqali esa hayotimizda ijtimoiy adolat yanada mustahkam qaror topishida kombinat kasaba uyushmalari faoliyati o‘ziga xos o‘rin tutib kelmoqda.

Hasan ABDULLAYEV

Bo`lishmoq:
Text to speech