• Call-markaz

    (+998 78) 141-90-99
  • Ishonch telefoni

    (+998 70) 619-23-33
Рус O'z En
Ishonch telefoni
Qayta bog'lanish

OKMK: Molibden ishlab chiqarish miqdori oshiriladi

19 Yanvar 2023, 9:30 2437

Prezidentning “2022-2026 yillarga mo‘ljallangan Yangi O‘zbekistonning taraqqiyot strategiyasi to‘g‘risidagi” farmonida Olmaliq kon-metallurgiya kombinati zimmasiga bir qator muhim vazifalar yuklatildi. Ushbu vazifalar ijrosini ta'minlash maqsadida  bugungi kunda bir qator ishlar amalga oshirilmoqda. Jumladan, farmon ijrosi yuzasidan 2022-2024 yillarga mo‘ljallangan “Olmaliq KMK” AJ “Nodir metallar va qattiq qotishmalar ilmiy ishlab chiqarish birlashmasi”ni rivojlantirish va yangi mahsulotlarni o‘zlashtirish dasturi ishlab chiqildi.

Dasturning birinchi yo‘nalishi bo‘yicha molibden ishlab chiqarishni 2023-yilda 800 tonnadan 1200 tonnaga ko‘paytirish loyihasini amalga oshirish belgilangan.

Mazkur vazifaning ijrosini ta'minlash maqsadida Mis eritish zavodining Kamyob metallar ishlab chiqarish sexi kengaytirilmoqda.

Sex boshlig‘i Izzatulla Doniyorovning ma'lum qilishicha, ayni kunlarda ushbu sexdagi mavjud 4 ta pechga qo‘shimcha yana 2 ta pech qurilmoqda. Bu pechlarni mart oyida ishga tushirish mo‘ljallanmoqda. Ushbu pechlar kombinatning o‘zida ishlab chiqarilgan va ishlab chiqarish quvvati chet elnikiga nisbatan 30%ga yuqori. Pechlarni o‘rnatish ishlari ham kombinatning “Olmaliqmetallurgqurilish” tresti ishchilari tomonidan amalga oshirilmoqda. 

Molibden tarkibli rudalardan ushbu sexda mahsulot olinmoqda. “Yoshlik-1 konini o‘zlashtirish” investitsiyaviy loyihasi doirasida barpo etilayotgan 3-Mis boyitish fabrikadan keladigan yarim tayyor mahsulotlar ham ushbu sexda qayta ishlanadi.

Bundan tashqari, sexning yarim tayyor mahsulotlarni saqlash ombori ham kengaytirilmoqda.

Sexda asosan tarkibida miqdori 25%dan kam bo‘lmagan molibden kuyindisi hamda tarkibida 69,3% kam bo‘lmagan reniy bo‘lgan perranat ammoniy olinadi.

Molibden kuyindisini kombinatning o‘zida chuqur qayta ishlash yo‘lga qo‘yilgan, perranat ammoniy esa to‘liq eksportga jo‘natiladi.

Ma'lumot o‘rnida shuni aytish mumkinki molibdendan metallarni legirlashda, qattiq qotishmali texnologik uskunalar tayyorlashda foydalaniladi. Perranat ammoniydan esa harbiy maqsadlarda raketalarda, radiotexnikada hamda katalizatorlarda foydalaniladi.

Hozirgi kunda sexda yiliga 750 tonna molibden kuyindisi olinayotgan bo‘lsa yangi pechlarning ishga tushirilishi hisobiga bu ko‘rsatkich 1200 tonnaga yetkaziladi.

OKMK Axborot xizmati

Bo`lishmoq:
Text to speech