Call-markaz
(+998 78) 141-90-99Ishonch telefoni
(+998 70) 619-23-33Maʼlumki mamlakatimizda 2017-yildan boshlab avgust oyining ikkinchi yakshanbasi “Oʻzbekiston Respublikasi qurilish sohasi xodimlari kuni” sifatida nishonlanib kelinmoqda.
Olmaliq kon-metallurgiya kombinati tarkibida ham qurilish sohasi bilan bogʼliq bir qator tarkibiy boʻlinmalar faoliyat yuritib keladi. Kecha sana munosabati bilan kombinat bunyodkorlari uchun bayram tadbiri tashkil etildi.
Bayram tadbirida soʻz olgan OKMK rahbariyati kombinat bunyodkorlari nafaqat tarkibiy boʻlinmalarning qurilish ishlarida balki Olmaliq shahar, Toshkent viloyati va Respublikamizdagi ijtimoiy soha obʼektlarini ham barpo etishda jonbozlik koʻrsatishayotganini taʼkidlashdi.
“Oʻzbekiston Respublikasi qurilish sohasi xodimlari kuni” munosabati bilan bir guruh quruvchilar turli darajadagi “Konchilik shuhrati” koʻkrak nishoni, Faxriy Yorliqlar va qimmatbaho sovgʼalar bilan taqdirlanishdi.
“Metallurg” madaniyat saroyining ijodiy guruhlari tomonidan tayyorlangan kontsert dasturi barchaga bayramona kayfiyat ulashdi.
Maʼlumot uchun: Bugungi kunda OKMK tarkibida aynan faoliyati qurilish sohasi bilan bogʼliq boʻlgan Kapital qurilish boshqarmasi, Loyiha ishlari boshqarmasi, “Olmaliqmetallurgqurilish” tresti, Ixtisoslashtirilgan taʼmirlash ishlari boshqarmasi, Shaxtaqurilish boshqarmasi kabi tarkibiy boʻlinmalar mavjud. Shuningdek, har bir tarkibiy boʻlinmada qurilish sohasi bilan bogʼliq boʻlgan xizmatlar faoliyat yuritadi.
Joriy yilda kombinat quruvchilari tomonidan Parkent tumani Krasnogorsk shaharchasida “Chotqol” madaniyat saroyi va Olmaliq shahridagi 33-son maktabgacha taʼlim muassasida kapital taʼmirlash, Olmaliq shahrida yer osti oʻtish yoʻlagini qurish va koʻp qavatli uylarning atrofida obodonlashtirish ishlari ham olib borilmoqda.
Shuningdek, kombinatning Muhandislik maktabi oʻquv va trening binolarini qurishda va Olmaliq shahar Tugʼruq kompleksini qayta rekonstruksiya qilishda ham kombinat bunyodkorlari ishtirok etishmoqda.
OKMK Аxborot xizmati