Call-markaz
(+998 78) 141-90-99Ishonch telefoni
(+998 70) 619-23-33Olmaliq kon-metallurgiya kombinati nafaqat ishlab chiqarish sohasida ilg‘or, balki sport rivojlantirish va iqtidorli sportchi yoshlarni qo‘llab-quvvatlash borasida e'tirofga loyiq ishlarni amalga oshirib keladi.
Kombinat tomonidan bunyod etilgan OKMK sport majmuasida yaratilgan sharoitlar misolida ko‘radigan bo‘lsak, mazkur o‘yingohning maydoni respublikamizda yagona gibrid maydon hisoblanadi. O‘yingohda har biri 30 nafardan futbolchi va murabbiylarga mo‘ljallangan jami to‘rtta kiyim almashtirish xonasi sportchilar xizmatida. U yerda yumshoq o‘rindiqlar, kiyim-kechaklar uchun maxsus shkaf, yuvinish xonasi, massaj xonasi va boshqa qulayliklarga ega zarur sharoitlar yaratilgan.
Majmua hududida stadion bilan birga ikkita yopiq sport maydoni (70x38 metr) barpo etilgan. Har birida 500 o‘rinli muxlislarga mo‘ljallangan tribuna mavjud. Shuningdek, kiyim almashtirish, yuvinish, massaj xonalari sportchilar uchun hozirlangan. Bu maydonning birinchisida futzal, gandbol, voleybol va basketbol jamoalari, ikkinchisida esa kurash, boks, gimnastika va yengil atletika bilan shug‘ullanuvchi sportchilar foydalanishadi.
Majmuada tennis maydoni ham barcha talablar asosida barpo etilgan. Ikki taraflama tribunada 1000ga yaqin muxlis sportchilar mahoratidan zavq olishi mumkin.
Bundan tashqari, ikkita basketbol va tennis mashg‘ulot maydoni hamda standart o‘lchamdagi (105x68) sun'iy qoplamali maydon yosh sportchilarni yetishtirishda qo‘l kelmoqda.
E'tiborlisi, mazkur majmua ko‘plab nufuzli xalqaro sport musobaqalari, respublika, viloyat miqyosidagi tadbirlar, bayram konsertlariga mezbonlik qilib keladi.
Bu yerda shug‘ullanayotgan sport jamoalari nafaqat viloyat, respublika balki, jahon arenalarida ham muvaffaqqiyat qozonib kelishmoqda.
Jumladan, futzal bo‘yicha AGMK jamoasi 5 karra O‘zbekiston chempioni, 2 karra kumush medal sohibi, 4 karra O‘zbekiston kubogi va 2 karra superkubogni qo‘lga kiritgan. Gandbol bo‘yicha AGMK erkaklar jamoasi hisobida 7ta O‘zbekiston chempionligi, 9 karra O‘zbekiston kubogi sohibi, 8 karra O‘zbekiston mustaqilligi kubogi egasi kabi yutuqlar bor. Sportning shu turi bo‘yicha AGMK ayollar jamoasi ham 13 karra mamlakat chempionligini, 12 karra O‘zbekiston kubogini, 11 karra O‘zbekiston mustaqilligi kubogini, 2 karra Janubiy-Sharqiy Osiyo chempionligini hamda Osiyo chempionligini qo‘lga kiritishgan.
Bundan tashqari, basketbol bo‘yicha AGMK ayollar jamoasi 10 karra mamlakat chempioni, 12 karra O‘zbekiston kubogi va 8 karra O‘zbekiston mustaqilligi kubogi sohibalari bo‘lishgan.
Voleybol bo‘yicha AGMK erkaklar jamoasi esa mamlakat chempionatida 2 marotaba chempion bo‘lib, 3 marotaba kubogga ega chiqishgan. Shuningdek, chempionatda 1 marotabadan kumush va bronza medallariga sazovor bo‘lishgan.
Sportning kurash, yengil atletika, tennis, og‘ir atletika turlari bo‘yicha ham sportchilarimiz mamlakat chempionatlarida sovrinli o‘rinlarni qayd etishmoqda. Masalan, pauerliftingchilarimiz Hindistonda bu yil o‘tkazilgan Osiyo chempionatida 2 ta oltin va 1ta kumush medalni qo‘lga kiritishdi.
Futbol bo‘yicha AGMK jamoasi o‘z hisobiga tarixiy g‘alabalarni yozib qo‘ydi. Xususan, 2018-yilda futbolchilarimiz O‘zbekiston kubogini qo‘lga kiritishdi. 2020- va 2021-yillarda mamlakat superligasida bronza medaliga sazovor bo‘lishdi. 2019-yilda Osiyo chempionlar ligasi saralash bahsida, 2021-yilda esa Osiyo chempionlar ligasi guruh bahslarida ishtirok etdi.
Bundan tashqari, kombinat tomonidan mamlakatimiz sportchilari va sport jamoalari ham bir necha yillardan buyon qo‘llab-quvvatlanib kelinadi
Xususan, Olmaliq kon-metallurgiya kombinati bir necha yillardan buyon “Matonat futbol“ nogiron-amputantlar futbolini rivojlantirish markaziga hamda “Matonat“ nogiron-amputantlar futbol jamoasiga homiylik qilib keladi. Turkiyada amputantlar o‘rtasida futbol bo‘yicha Jahon chempionatida esa O‘zbekiston milliy terma jamoasi uchinchi o‘rinni egallab, bronza medalini qo‘lga kiritdi.
Kombinat tomonidan qo‘llab-quvatlab kelinayotgan yosh umidli va iqtidorli tennischi Munisa Ashurbekova ham yaqinda Quvaytda bo‘lib o‘tgan xalqaro turnirda mutlaq g‘olib bo‘lganini alohida ta'kidlash joiz.
Bir so‘z bilan aytganda mazkur zamonaviy sport majmuasida sportchilarimizning shug‘ullanishlari uchun barcha qulay shart-sharoitlar yaratilgan. Ularda minglab bo‘lajak chempionlar shug‘ullanib kelishayapti.
OKMK Axborot xizmati