• Ishonch telefoni

    (+998 70) 619-23-33
Рус O'z En
Ishonch telefoni
Qayta bog'lanish

“OKMK sport majmuasi” maydoni yangilanadi

13 Mart 2023, 9:56 691

OKMK futbol klubi matbuot xizmatining ma`lum qilishicha, jamoaning uy arenasi – “OKMK sport majmuasi” maydoni joriy yilda yangilanadi.

Maʼlumki, OʻzPFLning klublarga qoʻyayotgan talablari, qolaversa, OKMK futbol klubining Osiyo Chempionlar ligasi turniri saralash boqichidagi ishtiroki munosabati bilan Olmaliqdagi stadion maysalari yangilanadi.

Oʻtkazilgan tender natijalariga koʻra, gʻolib chiqqan “KOMRONBEK MEGA STROY” qurilish kompaniyasi 6 mart sanasidan stadionda amaliy ishlarni boshladi.

Uchqun Quvonov bochiligidagi mutaxassislar “OKMK sport majmuasi” maysalarini yangilash bilan bogʻliq ishlarning dastlabki bosqichiga kirishishdi. Rejaga koʻra, taʼmirlash ishlari may oyi oʻrtalarida yakunlanadi. Stadionga futbol uchrashuvlarini qabul qilishga esa iyun-iyul oylaridan ruxsat beriladi. 

Ushbu mutaxassislar bungacha “Navbahor”, “Neftchi”, “Buxoro”, “Jar” va yangilangan “Bunyodkor” stadioni chimlarini tayyorlab, foydalanishga topshirishgan edi.

Olmaliqdagi stadion ham OFK va FIFA talablariga toʻla javob berib, bir qancha xalqaro musobaqalarga mezbonlik qiladigan arenaga aylanadi.

OKMK jamoasi yangi chim tayyor holatga keltirilgunga qadar uy uchrashuvlarini Toshkent shahridagi “Jar” stadionida oʻtkazadi.

Ma’lumot oʻrnida: 2013-yilda foydalanishga topshirilgan OKMK sport majmuasida sportchilar uchun barcha sharoitlar muhayyo etilgan.

Mazkur majmuadagi oʻyingohning maydoni respublikamizda yagona gibrid maydon hisoblanadi. Oʻyingohda har biri 30 nafardan futbolchi va murabbiylarga mo’ljallangan jami toʻrtta kiyim almashtirish xonasi sportchilar xizmatida. U yerda yumshoq oʻrindiqlar, kiyim-kechaklar uchun maxsus shkaf, yuvinish xonasi, massaj xonasi va boshqa qulayliklarga ega zarur sharoitlar yaratilgan.

Majmua hududida stadion bilan birga ikkita yopiq sport maydoni (70x38 metr) barpo etilgan. Har birida 500 oʻrinli muxlislarga moʻljallangan tribuna mavjud. Shuningdek, kiyim almashtirish, yuvinish, massaj xonalari sportchilar uchun hozirlangan. Bu maydonning birinchisida futzal, gandbol, voleybol va basketbol jamoalari, ikkinchisida esa kurash, boks, gimnastika va yengil atletika bilan shugʻullanuvchi sportchilar foydalanishadi.

Majmuada tennis maydoni ham barcha talablar asosida barpo etilgan. Ikki taraflama tribunada 1000ga yaqin muxlis sportchilar mahoratidan zavq olishi mumkin.

Bundan tashqari, ikkita basketbol va tennis mashgʻulot maydoni hamda standart oʻlchamdagi (105x68) sun’iy qoplamali maydon yosh sportchilarni yetishtirishda qo’l kelmoqda.

Yuqorida sanab oʻtganimizdek kompleksda asosiy stadiondan tashqari, yana 2 ta yopiq maydon, tennis maydoni, basketbol maydonchasi va sun’iy qoplamali futbol maydoni joylashgan.

Yana bir ahamiyatli jihati mazkur majmua koʻplab nufuzli xalqaro sport musobaqalari, respublika, viloyat miqyosidagi tadbirlar, bayram konsertlariga mezbonlik qilib kelmoqda.

Stadion oʻz bagʻriga 10 000 tomoshabinni sig`dira oladi.

Axborot xizmati

Bo`lishmoq:
Text to speech