Рус O'z En
Ishonch telefoni
Qayta bog'lanish

OKMK Sun’iy intellekt Alyansi a’zosi

02 Iyul 2026, 8:26 209

Kuni kecha Sun’iy intellekt Alyansi ishtirokchilarining birinchi uchrashuvi bo‘lib o‘tdi.

Mazkur uchrashuvda Sun’iy intellekt Alyansi tomonidan amalga oshirilgan ishlar hamda oldinda turgan vazifalar bo‘yicha taqdimot o‘tkazildi. Shuningdek, 2026-yil uchun asosiy maqsadlar va rejalashtirilgan tadbirlar yuzasidan ishtirokchilarga ma’lumot berildi.

Bugungi kunda Alyans ishtirokchilari soni 35 tadan oshib, uning tarkibiga yirik sanoat kompaniyalari, banklar, universitetlar, ilmiy-tadqiqot institutlari hamda davlat tashkilotlari kirgan.

Qisqa muddat ichida Alyans tomonidan bir qator loyiha va tashabbuslar yo‘lga qo‘yildi. Xususan, ITU tashkiloti bilan hamkorlikda “AI for Good” tashabbusi doirasida qo‘shma loyihaga start berildi, shuningdek boshqa xalqaro tashkilotlar bilan hamkorlik dasturlari bo‘yicha ishlar olib borilmoqda.

“National AI Hackathon” loyihasi doirasida bir qator hududlarda xakatonlar o‘tkazilib, jami 1 500 nafardan ortiq yosh mutaxassis jalb etildi hamda 180 danortiq AI loyihalarning MVP’lari ishlab chiqildi.

Shuningdek, AI sohasida mahalliy ekspertlarni birlashtirish orqali “Uzbekistan AI Community”ni hamkor tashkilotlar bilan birgalikda rivojlantirish bo‘yicha ishlar yo‘lga qo‘yilmoqda.

Ushbu tabrida Sun’iy intellektni ishlab chiqish va joriy etish bo‘limi xodimlari ham ishtirok etishdi.

Ma’lumot uchun: OKMK 2026-yil 6-mart kuni Sun’iy intellekt alyansi tashkilotining a’zosiga aylangan.

AI Alliance’da ishtirok etish korxona uchun bir qator imkoniyatlarni ochadi:
- ekspertlar hamjamiyati va sohadagi amaliyotlardan foydalanish - sanoatda sun’iy intellekt texnologiyalarini joriy etish bo‘yicha tajriba almashish;
- qo‘shma tashabbuslar va pilot loyihalarda ishtirok etish - sheriklik vakolatlaridan foydalangan holda innovasion yechimlarni amalga oshirish;
- kadrlar va ko‘nikmalarni rivojlantirish – korxona mutaxassislarini o‘quv va ekspert dasturlariga jalb qilish, sun’iy intellektni joriy etish uchun mas’ul bo‘lgan jamoalarni tayyorlash sifatini oshirish.
- sun’iy intellektni mas’uliyatli qo‘llashda yagona yondashuvlar – intellektual yechimlarni joriy etishda ma’lumotlar sifati, xavfsizlik, xavflarni boshqarish bo‘yicha amaliyotlarni mustahkamlash.
- texnologik hamkorlikni kengaytirish – samarali sun’iy intellekt yechimlarini kengaytirish uchun tegishli tashkilotlar, ishlab chiquvchilar bilan yangi aloqalar va hamkorlik.

"Olmaliq KMK" AJda sun’iy intellekt texnologiyalari ishlab chiqarish va boshqaruv jarayonlariga izchil tatbiq etilmoqda. AI Alliance’da ishtirok etish ushbu ishlarni tizimlashtirish, innovasion yechimlarni joriy etishni jadallashtirish va korxonaning raqamli tashabbuslari samaradorligini oshirish imkonini beradi.

Axborot xizmati

Bo`lishmoq:
Text to speech