"Olmaliq kon-metallurgiya kombinati" aksiyadorlik jamiyati
Call-markaz
+998 78 141 90 99Ishonch telefoni
+998 71 619 23 33Call-markaz
+998 78 141 90 99Ishonch telefoni
+998 71 619 23 33OKMK ishchi-xodimlarining bilim va malakasini oshirishda o‘qitishning zamonaviy shakli, uslub va talablarini joriy etish maqsadida dunyoning eng ilg‘or universitetlari bilan hamkorlik aloqalari yo‘lga qo‘yilgan. Ana shunday kelishuvlar doirasida Yaponiyaning xalqaro hamkorlik agentligi (JICA) tomonidan konchilik sanoatida amalga oshirilayotgan dasturlar hamda O‘zbekiston Respublikasi Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligining 2025-yil 31-iyuldagi tegishli qaroriga asosan joriy yilning 22-sentabr kuni kombinatga Yaponiyaning Akita universiteti talabalari hamda professor-o‘qituvchilaridan iborat delegatsiya tashrif buyurdi.
Dastlab mehmonlar Surxon vohasida faoliyat yuritib kelayotgan Xonjiza kon boshqarmasida boʻlishib, korxonadagi texnologik ishlab chiqarish jarayoni bilan tanishdilar.
Shuningdek mehmonlar “Qalmoqqir” va “Yoshlik-1” konlariga ham borib, kon-qazish va madanni tashish jarayonlari bilan yaqindan tanishishdi.
Kamimoto Shoichiro, Akita Universiteti Konchilik ishi yo‘nalishi 3- bosqich talabasi: OKMKga tashrif buyurganimdan juda mamnunman. Olmaliq shahri aholisi nihoyatda samimiy va mehmondo‘st ekan. Tashrif davomida ulkan konlarni ko‘rib, ularning zamonaviy texnologiyalar asosida boshqarilayotganiga guvoh bo‘ldik. Bu biz uchun juda qiziqarli va kelgusidagi kasbiy faoliyatimizda katta tajriba hamda bilim manbai bo‘ldi.
Shu kuni Akita Universiteti professor-o‘qituvchilari hamda talabalar Islom Karimov nomidagi TDTU Olmaliq filialida ta’lim va ilmiy-tadqiqot ishlari uchun yaratilgan sharoitlar bilan ham tanishishdi.
Atushi Shibayama Akita universiteti professori: - Bugungi tashrifimizning asosiy maqsadi O‘zbekistonda mis ishlab chiqarish borasidagi imkoniyat va salohiyat bilan yaqindan tanishish, shuningdek, Yaponiyadan kelgan talabalar uchun qisqa muddatli amaliy tajriba tashkil etishdan iborat. Konlaringizning qanchalik ulkan va salohiyatli ekanligiga bugun yana bir bor amin bo‘ldik. Kombinatning ishlab chiqarish quvvati ham juda yirik va e’tiborga molikdir. Menimcha, bunday keng ko‘lamli loyihalarni samarali amalga oshirish uchun, albatta, zamonaviy texnologiyalarni keng joriy etish zarur. Tashrif davomida biz ushbu masalalar yuzasidan ham atroflicha fikr almashdik. Kelgusida Olmaliq kon-metallurgiya kombinati bilan kadrlar tayyorlash, ilmiy-tadqiqot ishlari va ta’lim sohasidagi hamkorlikni yanada mustahkamlash niyatimiz bor.
Akita Universiteti talabalari uchun o‘tkazilgan sanoat ekskursiyasi so‘ngida OKMK mutaxassislari ishtirokida davra suhbati tashkil etilib, unda mehmonlar o‘zlarini qiziqtirgan barcha savollariga batafsil javob oldilar.
Xulosa o‘rnida ta'kidlash joizki, Yaponiyaning ta’lim sohasidagi ilg‘or tajribasi va OKMKning sonoat ishlab chiqarish yo‘nalishidagi ko‘p yillik amaliyotini uyg‘unlashtirish natijasida, nafaqat yuqori malakali mutaxassislar tayyorlanadi, balki ikki mamlakat o‘rtasidagi do‘stona aloqalar yanada mustahkamlanadi.
Ulugʻbek Igamberdiyev,
Oʻquv markazi etakchi muhandisi