• Call-markaz

    (+998 78) 141-90-99
  • Ishonch telefoni

    (+998 70) 619-23-33
Рус O'z En
Ishonch telefoni
Qayta bog'lanish

OKMK va Germaniya konserni hamkorligida mutaxassislar tayyorlanadi

12 Aprel 2023, 8:23 721

Ma'lumki, Olmaliq kon-metallurgiya kombinati hamda Germaniya davlatining bir qator yetakchi kompaniyalari o‘rtasida o‘zaro hamkorlik aloqalari o‘rnatilgan.

Hamkorlik doirasida kecha OKMKga Germaniyaning “GP Günter Papenburg AG” konserni boshqaruvi a'zosi, “Bau-und Verwaltungsgesellschaft” kompaniyasi ijrochi direktori Angela Papenburg tashrif buyurdi.

OKMK rahbariyati va Angela Papenburg o‘rtasida tashkil etilgan muzokaralar chog‘ida, nemis konserniga mutaxassislar yetkazib berish, Germaniya ta'lim standarti asosida Olmaliqda mutaxassislarni o‘qitish masalalari muhokama etildi.

Shuningdek, Angela Papenburg Olmaliq kon-metallurgiya kollejida faoliyat yuritayotgan nemis tili kursi bilan yaqindan tanishib, til o‘rganayotgan o‘quvchilar bilan suhbatlashdi.

Endilikda Olmaliq kon-metallurgiya kollejida Germaniya ta'lim standarti asosida ishlab chiqilgan o‘quv dasturi bo‘yicha yoshlar o‘qitiladi. Zarur mutaxassisliklar bo‘yicha o‘qitilgan yoshlar Germaniyaga yuboriladi va “GP Günter Papenburg AG” konsernining Xalle shahridagi korxonalarida dual ta’lim asosida tahsil olishadi. Tegishli sinovlardan o‘tishganidan so‘ng, konsern kompaniyalarida 5 yil muddat mobaynida ishlashadi. So‘ngra, yetarli tarzda tajriba orttirgan yoshlar mamlakatimiz iqtisodiy qudratiga hissa qo‘shish uchun Vatanimizga qaytishadi.

Ma'lumot uchun: “GP Gunter Papenburg AG” konserni tarkibida 69 ta kompaniyalar mavjud bo‘lib, ular xomashyo, qurilish materiallari, qurilish kompaniyasi, qayta ishlash va utilizasiya qilish, qurilish mashinalari va uskunalari, logistika, tijorat avtomobillari, xizmat ko‘rsatish, madaniy tadbir va boshqalar bilan shug‘ullanib kelmoqda. Bular qatoriga “Bau-und Verwaltungsgesellschaft”, “GP Papenburg Maschinenbau”, “Gala-Lusit-Betonsteinwerke”, “GP Steuerungs-und Anlagenbau” kabi kompaniyalar kiradi. 2020-yil yakunlari bo‘yicha konsern tarkibiga kiruvchi kompaniyalarning jami daromadi 1,15 mlrd. yevro tashkil etdi.

Hozirgi kunda “GP Günter Papenburg AG” konserni hamda “Transyo‘lqurilish” DUK bilan hamkorlikda tashkil etilgan “Asfalt-beton aralashmalari ishlab chiqarish” – “Papenburg Uzbekistan” qo‘shma korxonasi MChJ faoliyat yuritmoqda.

Shuningdek, A.Papenburg tashabbusi bilan Andijonda “Berlin” o‘quv markazi tashkil etilgan.

Axborot xizmati

Bo`lishmoq:
Text to speech