Call-markaz
(+998 78) 141-90-99Ishonch telefoni
(+998 70) 619-23-33Avval xabar berilganidek, 2022-yilning 25-dekabr kuni Koreya Milliy Assambleyasi tomonidan Olmaliq kon-metallurgiya kombinatiga 15 mlrd von(12 mln AQSh dollari atrofida) miqdoridagi grant ajratilishi bo‘yicha qaror qabul qilingan edi.
Shu munosabat bilan joriy yilning 8-fevral kuni Koreya texnologiyalarni rivojlantirish instituti (Korea Institute for Advancement Technology - KIAT) vakillari Olmaliq kon-metallurgiya kombinatiga tashrif buyurishdi.
OKMK rahbariyati va mehmonlar o‘rtasidagi uchrashuvda o‘zaro manfaatli hamkorlik masalalari muhokama etildi. Koreyalik mehmonlar tomonidan institut faoliyatiga oid, O‘zbekiston bilan Koreya davlati o‘rtasidagi hamkorlik munosabatlari bo‘yicha taqdimot ham o‘tkazildi.
Olmaliq kon-metallurgiya kombinati va Koreya texnologiyalarni rivojlantirish instituti (Korea Institute for Advancement Technology - KIAT) o‘rtasida ODA (Official development assistnace) dasturi bo‘yicha 15 mlrd Koreya vonilik (ekvivalent 12 mln AQSh dollari) grant shartnomasi imzolandi.
Mazkur grant doirasida Koreya Respublikasi tomonidan Chirchiq shahridagi O‘zbek-Koreys Nodir metallar va qattiq qotishmalar Ilmiy texnologik markazi tarkibida sanoat-tajriba sexi tashkil qilinadi.
Grantning asosiy maqsadi, O‘zbekiston korxonalari nodir metallarni qayta ishlash hamda ilmiy ishlanmalarni tijoratlashtirish uchun zarur infratuzilmasini tashkil qilish, yurtimizda nodir metallarni qayta ishlash uchun zamonaviy texnologiyalarni transferini amalga oshirishdan iborat.
Shuningdek, yurtimizdagi korporativ ishchi kuchi sonini hamda ilmiy tadqiqot qobiliyatlarini oshirish, O‘zbekiston va Koreya o‘rtasidagi shaxsiy sektor kompaniyalari biznes imkoniyatlarini kengaytirish ham maqsad qilingan.
Loyiha 5 yilga mo‘ljallangan bo‘lib, byudjeti 15 mlrd Koreya vonini tashkil etadi.
Loyiha davomida, markazga tijoratlashtirishga tayyor texnologik uskunalar yetkazib beriladi. Koreya Respublikasi mutaxassislari bilan qo‘shma ilmiy tadqiqotlar olib boriladi. Koreya Respublikasining nodir metallar va mis sanoati sohasidagi yetuk ekspertlari O‘zbekistonda faoliyat olib boradi. Tizimli ravishda markazning muhandislari va menejmenti uchun stajirovka va o‘qitishlar tashkil qilinadi.
Tashrif davomida mehmonlar Chirchiq shahridagi birlashma qoshidagi faoliyat yuritib kelayotgan O‘zbek-Koreys ilmiy texnologik markaz faoliyati bilan tanishishdi hamda Qalmoqqir va Yoshlik-1 konlarida, yangi barpo etilayotgan 3-Mis boyitish fabrikasida ham bo‘lishdi.
Axborot xizmati