"Olmaliq kon-metallurgiya kombinati" aksiyadorlik jamiyati
Call-markaz
+998 78 141 90 99Ishonch telefoni
+998 71 619 23 33Call-markaz
+998 78 141 90 99Ishonch telefoni
+998 71 619 23 33Joriy yilning 16-iyun kuni Olmaliq kon-metallurgiya kombinatiga Niderlandiya Qirolligining O‘zbekiston Respublikasidagi Favqulodda va Muxtor elchisi Niko Sxermers boshchiligidagi yirik ishbilarmon doiralari vakillaridan iborat delegatsiya tashrif buyurdi. Delegatsiya tarkibida Niderlandiyaning kritik xomashyo resurslari, logistika, raqamlashtirish va yuqori texnologiyalar sohasida faoliyat yurituvchi yetakchi kompaniyalari hamda nufuzli tashkilotlari vakillari o‘rin olganini alohida ta’kidlash joiz.
Tashrif dasturi doirasida xorijlik mehmonlar OKMKning yirik sanoat obyektlari, xususan, “Qalmoqqir” va “Yoshlik-I” konlari hamda 3-mis boyitish fabrikasida bo‘lishdi.
“Metallurg” madaniyat saroyidagi kombinat muzeyi ham mehmonlarda katta taassurot qoldirdi.
Delegatsiya a’zolari bevosita qazib olish va qayta ishlash jarayonlari, korxonada amalga oshirilayotgan zamonaviy modernizatsiya ishlari hamda kombinatning strategik investitsiya loyihalari taqdimoti bilan yaqindan tanishdilar.
OKMK rahbariyati bilan o‘tkazilgan muzokaralar davomida kritik minerallar va nodir hamda kamyob yer elementlarini qazib olish, mis mahsulotlarini chuqur qayta ishlash orqali yuqori qo‘shilgan qiymatga ega mahsulotlar ishlab chiqarish kabi masalalar muhokama etildi. Delegatsiya a’zolari kombinatning mineral-xomashyo bazasi va istiqbolli loyihalariga alohida qiziqish bildirdilar.
Shuningdek, tomonlar tayyor mahsulotlarni Yevropa Ittifoqi bozorlariga eksport qilish istiqbollarini ham ko‘rib chiqishdi.
Mehmonlar bugungi kunda Yevropa Ittifoqi uchun strategik ahamiyatga ega bo‘lgan kritik xomashyo ta’minot zanjirlarini diversifikatsiya qilish masalasi muhim ahamiyat kasb etayotgani qayd etishdi. Shu munosabat bilan OKMKning mis, molibden va boshqa strategik metallar sohasidagi imkoniyatlari mehmonlar tomonidan yuqori baholandi.
Uchrashuvda Markaziy Osiyo va Yevropani bog‘lovchi transport yo‘laklarini rivojlantirish masalasi ham ko‘rib chiqildi. Delegatsiya tarkibidagi mashhur "Port of Rotterdam" (Rotterdam porti) vakillari mahsulotlarni eksport qilishda yangi transport yechimlarini joriy etish va strategik xomashyolarni Yevropa bozorlariga xavfsiz hamda tezkor yetkazib berish imkoniyatlariga katta qiziqish bildirdilar.
Uchrashuv yakunida elchi Niko Sxermers OKMKda amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli investitsiya dasturlari va ishlab chiqarishni modernizatsiya qilish ishlarini yuqori baholadi.
Olib borilgan muloqotlar natijasida ikki tomon ham kritik minerallar sohasidagi hamkorlikni kengaytirish, investitsiya loyihalarini amalga oshirish, texnologik sheriklikni kuchaytirish hamda Yevropa bozorlariga chiqish bo‘yicha tizimli muloqotlarni davom ettirishdan manfaatdor ekanliklarini bildirishdi.
Axborot xizmati