Call-markaz
(+998 78) 141-90-99Ishonch telefoni
(+998 70) 619-23-33Har bir mehnat jamoasida yutuqlar omili albatta, malakali mutaxassislar sanaladi. Yirik sanoat korxonasi bo‘lgan Olmaliq kon-metallurgiya kombinatida ham har doim oliy ma'lumotli, yetuk mutaxassislarga talab yuqori bo‘lib kelgan. Kombinat tarkibiy bo‘linmalarining oliy ma'lumotli mutaxassislarga bo‘lgan ehtiyojini qondirish maqsadida esa qator xorijiy va mamlakatimizda faoliyat yuritib kelayotgan oliy o‘quv yurtlari bilan hamkorlik aloqalari yo‘lga qo‘yilgan.
Mana shunday hamkorlik aloqalari doirasida 2022-yilning 31-mart kuni Toshkent davlat transport universiteti rahbariyati va professor-o‘qituvchilari kombinatga tashrif buyurishdi.
MTTU MISiS Olmaliq filialida kombinat rahbariyati, mutaxassislari hamda oliygoh mas'ullari va professor-o‘qituvchilari ishtirokida tashkil etilgan davra suhbatida kelgusidagi rejalar muhokama etildi.
Tadbirda “Olmaliq KMK” AJ va Toshkent davlat transport universiteti o‘rtasida kombinat mutaxassislarini maqsadli tayyorlash va o‘zaro hamkorlikni rivojlantirish bo‘yicha memorandum tuzish masalalari bo‘yicha fikr-mulohazalar almashildi.
Samimiy ruhda bo‘lib o‘tgan davra suhbatida OKMK transport sohasida raqamlashtirish borasida amalga oshirilayotgan ishlar bo‘yicha taqdimot o‘tkazildi. Kombinat tarkibiy bo‘linmalarida texnologik ishlab chiqarish jarayonini avtomatlashtirish jarayoni xususida ham to‘liq ma'lumot berildi.
Oliygoh mas'ullari ham universitet bo‘yicha batafsil ma'lumot berishdi.
Mehmonlar, davra suhbatidan so‘ng Qalmoqqir, Yoshlik-1 konlariga hamda Texnologik transport boshqarmasiga ham borishdi. Mazkur ob'yektlarda amalga oshirilayotgan ishlar, texnologik jarayonni yaqindan ko‘zda kechirishdi.
Tadbir davomda har ikki tomon o‘rtasida o‘zaro manfaatli hamkorlikni yo‘lga qo‘yish va mustahkamlash orqali malakali mutaxassislar kadrlar tayyorlash va ilmiy-tadqiqot ishlarini yanada rivojlantirish bo‘yicha kelishib olindi.
Axborot xizmati