• Call-markaz

    (+998 78) 141-90-99
  • Ishonch telefoni

    (+998 70) 619-23-33
Рус O'z En
Ishonch telefoni
Qayta bog'lanish

OKMKda 2023-2025 yillar uchun mo‘ljallangan jamoa shartnomasi loyihasi ma’qullandi

22 May 2023, 9:35 2200

Xodimlar uchun qonun hujjatlarida belgilangan imtiyozlarga qo‘shimcha tarzda kafolat va kompensatsiya berish uchun har bir korxona tashkilotda Jamoa shartnomasi tuziladi.

Olmaliq kon-metallurgiya kombinati xodimlari Kasaba uyushmasi Kengashi bu borada ancha ilg‘or, mas'ullar shartnomaga yangiliklar va o‘zgartirishlar kiritib uni yanada takomillashtirmoqda. Buning barchasi kombinat mehnatkashlari bugungi kunidan rozi bo‘lib, farovon hayot kechirishlarini ta'minlash uchun amalga oshirilayotgan ishlar desak mubolag‘a bo‘lmaydi.

So‘zimizni isboti sifatida esa joriy yilning 19-may kuni Jamoa shartnomasining 2022-yilda amalga oshirilgan tadbirlarini sarhisob qilish hamda 2023-2025 yillar uchun mo‘ljallangan loyihasini ma’qullashga bag‘ishlangan konferensiyada keltirib o‘tilgan raqamlardan anglashimiz mumkin.

Tadbirda OKMK boshqaruvi raisi Abdulla Xursanov, O‘zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasi Mehnatkashlarning ijtimoiy-iqtisodiy manfaatlarini himoya qilish bo‘limi mudiri Mahmudjon Isayev, kombinat xodimlari kasaba uyushmasi raisi va ma'sullari xamda korxona tashkilotlardan saylangan 100 nafar delegatlar Zoom platformasi orqali ishtirok etishdi.

Tadbir avvalida 2022-yilda jamoa shartnomasida ish beruvchi tomonidan ko‘rsatilgan majburiyatlarning bajarilishi yuzasidan Abdulla Xursanovning ma'ruzasi tinglandi. Qayd etilishicha, kombinat ishchilari davom etayotgan jahon inqirozi va murakkab sharoitlarga qaramay, barcha prognoz ishlab chiqarish ko‘rsatkichlarining bajarilishini to‘liq ta'minlamoqdalar. Bundan tashqari, amalga oshirilayotgan ishlar, investisiya loyihalari, yangi barpo etilayotgan korxonalar, hamda kelajakdagi istiqbolli rejalar haqida so‘z bordi.

Kombinatning avvalgi jamoa shartnomasi 16 bo‘lim 186 ta banddan iborat bo‘lgan xozirgisi esa 18 bo‘lim va 230 ta bandni o‘z ichiga olgan. Ya’ni, ko‘shimcha mehnat ta’tillari, mukofot pulari miqdorining oshirilishi, xodimlarni kasbga tayyorlash, qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish, ishni ta’lim bilan birga olib boruvchi xodimlarga kafolatlar va kompensatsiyalar kabi bandlarni qamrab olgan.

Konferensiyada so‘z olgan OKMK xodimlari kasaba uyushmasi Kengashi raisi Abdurashid Haydarov o‘z hisobotida Jamoa shartnomasi tadbirlarini bajarish uchun kombinat bo‘yicha o‘rta hisobda bir xodimga ijtimoiy paketga 2021-yil davomida 14,2 mln.so‘m, 2022-yilda esa bu ko‘rsatkich 15,2 mln so‘mni tashkil etganligini aytib o‘tdi.

Yangi tahrirdagi Mehnat kodeksida xodimga asosiy beriladigan mehnat ta’tilining muddati 21 kalendar kuni etib belgilanganligi munosabati bilan jamoa shartnomasining 4.8 bandi bilan Kombinatda faoliyat yuritayotgan ishchi (kasanachi) va texnik xodimlar toifasiga kiritilgan ishchilarga dam olish va ishlash qobiliyatini tiklash uchun ish o‘rni (lavozimi) hamda o‘rtacha ish haqi saqlab qolingan holda:

- birinchi ish yili uchun: 21 kalendar kun;

- 1 yildan 5 yilgacha: 21(asosiy) + 4(ishlagan staji uchun)= 25 kalendar kuni;

- 5 yildan 10 yilgacha: 21(asosiy) + 6(ishlagan staji uchun)= 27 kalendar kuni;

- 10 yil va undan yuqori: 21(asosiy) + 8(ishlagan staji uchun)= 29 kalendar kuni;

(elektromexaniklar, kon dispetcherlari va qonunchilikda nazarda tutilgan ayrim ishchi va texniklarga belgilangan asosiy va qo‘shimcha mehnat ta'tillari bundan mustasno);

rahbarlar, mutaxassislar, elektromexaniklar va kon dispetcherlariga:

- 5 yilgacha: 21(asosiy) + 3(qo‘shimcha) + 6(ishlagan staji uchun)= 30 kalendar kuni;

- 5 yil va undan yuqori: 21(asosiy) + 3(qo‘shimcha) + 8(ishlagan staji uchun)= 32 kalendar kunidan  iborat har yilgi mehnat ta'tillari belgilandi.

Shuningdek, shartnomada ustuvor yo‘nalishlaridan biri - bu mehnatni muhofaza qilish ekanligini bildirdi hamda xodimlarga zararli ishlab chiqarish omillaridan holi bo‘lgan, bexatar mehnat sharoitlari yaratib berilishi ustidan kasaba uyushmalarining doimiy jamoatchilik nazoratini tashkil qilish va faollarining mehnat muhofazasi sohasidagi bilim, ko‘nikmalarini yanada oshirishga qaratilgan tizimli ishlar bajarilganini ta'kidladi.

Shuningdek, Besh kunlik va olti kunlik ish haftasi qo‘llanilganda kombinatda umumiy dam olish kuni yakshanba hisoblanishi. Besh kunlik ish haftasida ikkinchi dam olish kuni deb shanba belgilandi. Bundan tashqari, jamoa shartnomasiga Ish haqi qisman saqlanadigan ta'til hamda ish haqi saqlanmaydigan ta'tillar berish tartibi kiritildi.

Yig‘ilish davomida delegatlar, o‘z korxonalarida  2022-yilda jamoa shartnomasining har bir bandi bo‘yicha amalga oshirgan ishlari to‘g‘risidagi hisobotlarini o‘qib eshittirdilar.

Konferensiya yakunida esa tinglangan ma’ruzalar inobatga olinib, kombinatda jamoa shartnomasining bajarilishi qoniqarli deb topildi. 2023-2025 yillar uchun mo‘ljallangan jamoa shartnomasi loyihasi bir ovozdan ma'qullanib, tegishli qaror qabul qilindi.

Feruza Bazarova,

"Olmaliq KMK" AJ xodimlari kasaba uyushmasi raisining

iqtisodiy masalalar bo‘yicha maslahatchisi

Bo`lishmoq:
Text to speech