• Ishonch telefoni

    (+998 70) 619-23-33
Рус O'z En
Ishonch telefoni
Qayta bog'lanish

OKMKda akademiya ish boshlaydi

21 Noyabr 2023, 12:43 250

OKMK matbuot xizmati yaqin vaqtlarda klubning akademiyasi ish boshlashini malum qildi.

Olmaliqning OKMK futbol klubi rahbariyati “Barselona” futbol klubining yaqindagina qo'shni Qirg'iz Respublikasida ochilgan akademiyasi mehmoni bo'ldilar.

Ko'pchilikka malumki, yurtimizda bolalar futbolini qo'llab-quvvatlash va ularga asosiy etiborni qaratish bo'yicha qator ishlar amalga oshirilmoqda. Xususan, Muhtaram Prezidentimiz SHavkat Miromonovich Mirziyoev tomonidan futbolni yanada rivojlantirishga qaratilib, imzolanayotgan bir nechta farmonlarning asosiy qismi bolalar va o'smirlar futbolini yangi bosqichga olib chiqish, jumladan joylarda futbol akademiyalari tashkil etishga qaratilmoqda.

SHu maqsadda, Olmaliqning OKMK futbol klubi prezidenti Abdulla Xolmurodovich Xursanov hukumatimiz tomonidan qabul qilingan farmon va qarorlar ijrosi yuzasidan klub bosh direktori Bahodir Mirzaevga Olmaliq shahrida OKMK futbol klubiga qarashli futbol maktabi maqomini akademiya darajasiga olib chiqish bo'yicha kerakli topshiriqlar bergandi. Hozirgi kunda, klub rahbariyati tomonidan akademiya tashkil etish borasida futbolda o'z so'zini aytgan va xalqaro tajribasi yuqori bo'lgan bir qator mamlakatlar modeli o'rganib chiqilmoqda.

Kuni kecha OKMK futbol klubi bosh direktori Bahodir Mirzaev, klub menejeri Doniyor Yoqubov va sport direktori Jahongir Risliqboev qo'shni Qirg'iz Respublikasida bo'lib qaytishdi.

Safardan asosiy maqsad, bundan roppa-rosa ikki oy muqaddam Jalolobod shahrida faoliyatini boshlagan “Barselona” futbol klubi akademiyasi bilan yaqindan tanishish bo'ldi. Safar taassurotlari, klubning rejadagi akademiyasi qanday bo'ladi va shu kabi savollarga klub rahbari quyidagilarni malum qildi.

- Bilasizmi, klubimiz prezidenti futbolni ashaddiy ishqibozi va jonkuyari. Umuman olganda, sportga, sog'lom turmush tarziga befarq emas. So'nggi yillarda, Olmaliq shahridagi futbol infratuzilmasini yangi bosqichga olib chiqish uchun qator sharoitlar yaratib berdi. OKMK sport majmuasi maydoni jahon talablariga javob beradigan darajada yangilandi.

Hozirda, Olmaliqdagi maydon maysalariga juda ko'pchilikning havasi kelmoqda. SHuningdek, stadionimizning yoritish tizimi ham xalqaro talablar darajasida o'zgartirildi. Olmaliqdagi stadionga o'rnatilgan zamonaiy ulkan monitor esa, o'ylashimcha hozircha yurtimizda yagona bo'lsa kerak. Qolaversa, stadionning media tribunasi, oliy darajadagi mehmonlar uchun mo'ljallangan VIP loja, jamoalarning kiyim almashtirish xonalari, hakamlar, nazoratchi va komissar uchun mo'ljallangan xonalar, shuningdek, doping nazorati, tibbiyot xonasi ham zamonaviy uskunalar bilan jihozlanib, zarur preparatlar bilan taminlangan. 

Qisqa qilib aytganda, stadionimiz har qanday xalqaro uchrashuvlarni o'tkazish borasidagi talablarga to'liq javob beradigan darajaga keltirildi. Endi navbatdagi bosqichga o'tish arafasida turibmiz. Navbat – futbol akademiyasini barpo etish,deydi klub bosh direktori Bahodir Mirzaev.

OKMK futbol klubi akademiyasi qanday bo'ladi?

Muhtaram Prezidentimiz tomonidan imzolangan farmonda xalqaro tajriba sifatida Bolqon bo'yi mamlakatlari, xususan Xorvatiya futbol modeli tavsiya sifatida qayd etilgan. Biz ham aynan shu yo'ldan yurmoqchimiz. Yaqinda, klubimiz prezidenti bilan uchrashuvda akademiyamizning istiqbolli rivojlanish modeli xususida o'z yo'nalishimizni belgilab oldik. Hozirda, Olmaliq shahridagi «Metallurg» va «OKMK sport majmuasi» stadionlari xududlarida qo'shimcha maydonlar barpo etish bo'yicha ishlarimiz boshlanib ketdi. Noyabr-dekabr oylarida qo'shimcha 3ta suniy qoplamali maydon barpo etiladi va yangi yilning erta bahoridan standart o'lchamdagi bitta tabiiy maydon qurilishi ham rejalashtirilgan. 

Hozirgi kunda, futbol maktabimizda 500 nafarga yaqin tarbiyalanuvchilarimiz bor. Qo'shimcha maydonlarimiz barpo etilgach, bizga o'z farzandini bermoqchi bo'ladigan ota-onalar soni keskin oshib ketadi. Sababi, yanvar oyidan boshlab, akademiyamizda xorvatiyalik texnik direktor ish boshlaydi. U yurtimizga o'zining bolalar futbolini rivojlantirish borasidagi bir necha yillik dasturi bilan keladi. Tan olaylik, bugungi kunda futbol maktabimizda faoliyat yuritayotgan murabbiylar tarbiyalanuvchilarga o'zlarida bor bo'lgan tajribalarini bera olishmoqda xolos. 

Har kimning tajribasi va bolalarga pedagog murabbiy sifatida bera oladigan darajasi turlicha. Xorvatiyalik texnik direktor esa avvalo o'zi bilan bir nechta yurtdoshlarini olib keladi. Eng asosiysi esa, u o'z dasturi bo'yicha har hafta mahalliy murabbiylarga ilmiy darsliklarini uqtirib boradi. SHu asosida, mashg'ulotlar aynan uning dasturi asosida olib boriladi. Bu degani, har bir yosh toifasi aynan bir maqsadli yo'nalishda futbol sir asrorlarini o'rganib borishadi. Tarbiyalanuvchilarning yoshi ulg'ayib, katta guruhlarga o'tganida boshqa olamga tushib qolmaydi. Mashg'ulotlar va uning falsafiy yo'nalishi birdek davom etadi.

Akademiya barpo etilgach, unda yotoqxona va ovqatlanish tizimi qanday amalga oshiriladi?

Albatta, futbol maktabi maqomidan akademiya darajasiga o'tilgach, yotoqxona va ovqatlanish tizimi bo'lishi shart va bu siz iloji yo'q. Klubimiz prezidenti A.Xursanovning qurilish sohasidagi masullarga bergan topshiriqlari bo'yicha ikkita variant ko'zdan kechirilmoqda. Dastlabkisi, Olmaliq shahrida mavjud bo'sh turgan bino inshootlarni rekonstrukciya qilish, ikkinchisi esa engil konstrukciyali sendvich panellar orqali zamonaviy inshoat barpo etish. Bu borada qurilishga masul insonlar izlanishmoqda. Akademiya bino inshooti bitkazilguncha qilinadigan boshqa rejalarimiz bor.

U qanday reja?

Akademiya binosida haqiqiy iqtidorlar istiqomat qilishi kerak. Hech kimning tanishi, falonchining jiyani qabilida ish tutilmaydi. Bino inshoat bitguncha, biz unga munosib nomzodlarni topish va haqiqiy iqtidorlarnigina akademiyada istiqomat qilishiga uchun shaffof selekciya ishlari amalga oshiramiz. 2024 yilning yanvar-fevral oylarida ketma-ketlikda Olmaliq shahriga qo'shni tuman va shaharchalarda o'z filiallarimizni ochamiz.

Jumladan, Angren, Ohangaron, Piskent, Bo'ka, O'rta CHirchiq, Krasnogorsk va shu kabi yaqin xududlarga etibor qaratamiz. U erda futbol o'ynab, bugungi kunda murabbiyliq qilishga layoqati bor istedodlar mavjud. Kerak bo'lsa, xar bir xududga xorvatiyalik mutaxassislardan jalb etamiz. SHuningdek, yuqoridagi tumanlar markazlaridagi futbol maydonlariga etibor kamaygan. Biz o'z mutaxassislarimizni safarbar qilish orqali, tuman va shaharchalardagi maydonlarni yaxshi holatga keltirish barobarida, u erlardagi yosh bolalarni bekorchilikdan yoki kompyuter o'yinlaridan chalg'itib, futbolga qaytarmoqchimiz. 

Men ishonamanki, etiborimizdan chetda qolayotgan ushbu hududlarda kelajakda Yurtimiz futbolida o'z so'zini ayta oladigan istedodlar bor. SHunchaki, bolalarga etibor berish zarur va shu orqali ulardagi qobiliyatni uyg'ota olamiz, degan umiddaman. Ushbu xududlarda etiborga muxtoj iqtidorlar ko'plab topilishiga shubham yo'q. Qisqa qilib aytadigan bo'lsam, selekciyamizning birinchi va asosiy bosqichi Olmaliq shahri va yuqorida nomlarini tilga olib o'tgan hududlardan bo'ladi.

Xorvatiyalik mutaxassislar jalb qilinishi bo'yicha gapirib o'tayapsiz. Biroq, ispaniyalik murabbiylar faoliyat yuritayotgan «Barselona» akademiyasiga tashrif buyurishni qanday tushunsa bo'ladi?

Avvalo, har qanday o'rganilgan bilim kelajakda asqotishi aniq. Bizning Qirg'iz Respublikasidagi «Barselona» akademiyasiga tashrifimizdan asosiy maqsadimiz, u erdagi ishirilgan yopiq inshootni ko'zdan kechirish edi. 110x72 metr o'lchamdagi maydon ustida hech qanday temir konstrukciyalarsiz, shunchaki, engil shar ko'rinishidagi shishirilgan manejni o'rganish edi. Xabaringiz bor, o'tgan yili qish qanday keldi. Bir necha kun davom etgan anomal sovuqda nafaqat yosh bolalar, balki kattalarimiz ham mashg'ulot o'tkaza olishmadi. Qolaversa, jazirama yozning chillasida o'tkazilgan mashg'ulotlar inson tanasida ortiqcha ko'ngilsizliklar keltirib chiqargan pallalarning ham guvohi bo'ldik. Zamonaviy ishirilgan manej o'zining yoritish tizimiga, xavo haroratini o'zingizga kerakli meyorda saqlab turish imkoniyatiga ega. Ushbu manejda mashg'ulotlarni yilning istalgan fasli, kunning istalgan vaqtada o'tkazish imkoniyatini beruvchi mukammal echim ekan. Rostini aytsam, bu kabi manejni bundan 6-7 yil ilgari Krasnodar futbol akademiyasiga borganimda ko'rgandim. U paytda u qadar etibor bermagan ekanman. Bugungi o'zgaruvchan iqlim davrida Qirg'iz Respublikasidagi «Barselona» akademiyasi foydalanilayotgan ushbu manej bizda juda katta qiziqish uyg'otdi. Hozirda, ushbu manejni ishlab chiqaruvchilari bilan aloqa o'rnatganmiz. Narx navosi, kafolat muddatlari bilan qiziqyapmiz. Agar maqul kelsa, balki Olmaliqda ham shu kabi manej o'rnatiladi.

Akademiya barpo etish yo'lida klub rahbariyatiga kuch-quvvat tilaymiz.

Futbolda akademiyadan boshqa yo'l yo'q! Yurtimizning bazi klublari bu yo'lga bir necha yil oldin o'tib bo'lishgan. Hali ham eskicha tizimda faoliyat yuritayotlar ham bor. Istaymizmi-yo'qmi, baribir bir kun kelib, hammada akademiya bo'ladi. Hamma shu yo'nalishga o'tadi. Bu zamon talabi va professionallik belgisi. Biz shuni tushunib etdikki, akademiyamizni qancha tez ochsak, o'zimizga va futbolimizga shuncha tez foydali bo'ladi. Vaqt va imkoniyatdan unumli foydalanib, tezroq shu tizimga o'tishimiz zarur.

Manba : ОКМК FK матбуот хизмати

Bo`lishmoq:
Text to speech