• Call-markaz

    (+998 78) 141-90-99
  • Ishonch telefoni

    (+998 70) 619-23-33
Рус O'z En
Ishonch telefoni
Qayta bog'lanish

OKMKda mahalliylashtirish Dasturi bo‘yicha 256,2 mlrd so‘mlik mahsulot ishlab chiqarildi

10 Noyabr 2022, 9:39 1043

Olmaliq kon-metallurgiya kombinati tomonidan Mahalliylashtirish dasturi samarali amalga oshirib kelinmoqda. Xususan, joriy yilning yanvar-oktyabr holatiga ko‘ra, dastur  doirasida rejalashtirilgan 106 ta loyiha bo‘yicha hajmi 192,9 mlrd so‘mlik mahsulotlar ishlab chiqarilishi belgilangan edi.

Amalda esa 256,2 mlrd so‘mlik mahsulot ishlab chiqarilishiga erishilib,  rejaga 132,8%ga bajarildi. O‘tgan yilning shu davriga nisbatan esa o‘sish sur'ati +144,9%ni tashkil etdi.

Barcha loyihalar bo‘yicha reja ko‘rsatkichlari bajarishga erishildi va 579,1 ming dollarlik mahsulot eksport qilindi.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2022-yil 24-yanvardagi “Respublikada ishlab chiqarishni rivojlantirish va sanoat kooperatsiyasini kengaytirishning samarali tizimini yaratish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi PQ-99-son Qarori bilan Olmaliq kon-metallurgiya kombinatida 2022-yilda 97 loyiha doirasida 208,7 mlrd so‘mlik import o‘rnini bosuvchi mahalliylashtirilgan mahsulotlarni ishlab chiqarish belgilangan.

Qarorga qo‘shimcha ravishda 28,2 mlrd.so‘mlik 11 ta yangi loyihalar kiritilib, mahsulotlar ishlab chiqarilishi boshlandi.

Yangi loyihalar bo‘yicha jami 55,7 mlrd so‘mlik 32 ta turdagi yangi mahsulotlar ishlab chiqarildi. Jumladan, “Qattiq qotishmali mahsulotlar – parma(sverlo) va keskich(freza)lar”, “Tosh maydalash tegirmoni qoplamasi”, “Yuqori haroratga chidamli keramik mahsulotlar”, “Volfram angidridi”, “Yanchish uskunasining zirhlari”, “Quyma mahsulotlar”, rangli quymalar (bronza, latun, mis), Du50, Du200 zadvijkalari, maxsus texnikalar uchun ehtiyot qismlar, molibden, volfram karbidi, qattiq qotishmali vtulka va voloklar kabi yangi mahsulotlar o‘zlashtirildi.

Joriy yilning yanvar-dekabr oylarida mahalliylashtirish Dasturida rejalashtirilgan 108 ta loyiha bo‘yicha hajmi 236,9 mlrd so‘mlik mahsulotlar ishlab chiqarilishi belgilangan bo‘lib, amalda 320 mlrd so‘mni yoki rejaga nisbatan 135,6 foizni tashkil etishi kutilmoqda.

Bunda import o‘rnini bosish samaradorligi 29 mln dollarni tashkil etadi.

Sanoat kooperatsiyasi doirasida “Olmaliq KMK” tomonidan mahalliy ishlab chiqaruvchilar bilan birgalikda import qilinayotgan mahsulotlarni o‘zlashtirish bo‘yicha samarali ishlar olib borilmoqda.

Xususan, joriy yilda import o‘rnini bosuvchi mahsulotlarni tarmoqlararo sanoat kooperatsiyasida o‘zlashtirish bo‘yicha “Toshkent quyuv mexanika” va “Maxsus polimer” zavodlari, “Apetiks” qo‘shma korxonasi, Namangandagi “Inter Texno Prom”, Olmaliq shahridagi “Karbon Polimer”, Farg‘ona shahridagi “Farg‘ona izlanish ixtiro”, Toshkent shahridagi “Aziatskiy Mashinostroitelniy Zavod”, Bekobod shahridan “Team Drill Servise”  kabi korxonalar bilan hamkorlik qilinmoqda. Buning natijasida yuzdan ziyod  mahsulotlar sanoat kooperatsiya asosida mahalliylashtirilishi kutilmoqda.

Jumladan, “O‘zbekiston temir yo‘llari” AJ tarkibiga kiruvchi sanoat korxonalari tomonidan 130 ga yaqin mahsulotlarni o‘zlashtirish imkoni o‘rganib chiqildi va xozirda 30 dan oshiq mahsulotlar mahalliylashtirildi.

Shuningdek, Toshkent viloyatidagi “Nurafshon Maxsus Texnikalar” MChJ tomonidan og‘ir yuk ko‘taruvchi (220 tonnali) tog‘-kon texnikalarini ishlab chiqarish bo‘yicha, “ADM Jizzakh” MChJ bilan birgalikda avtomobillar uchun misdan jgutlar ishlab chiqarish bo‘yicha yangi loyiha yuzasidan ishlar olib borilmoqda.

Bundan tashqari, “Shatakka olish” tizimi bo‘yicha Olmaliq shahrida loyiha qiymati 115 mlrd so‘mlik bo‘lgan “Olmaliq quyuv mexanika zavodi” korxonasi tomonidan qurish ishlari yakunlanmoqda.

Korxona dekabr oyida ishga tushirilishi rejalashtirilmoqda va kooperatsiya asosida yillik 250 mlrd so‘mlik import o‘rnini bosuvchi mahsulot ishlab chiqarish quvvatiga ega bo‘ladi. Ushbu korxona ishga tushishi bilan 200 dan ziyod yangi ish o‘rinlari yaratiladi.

Shuningdek, joriy yilning 20-21 oktyabr kunlari Navoiy shahrida “Tog‘-kon metallurgiyasi, elektrotexnika, kimyo sanoati va qurilish materiallari”ga ixtisoslashgan hududiy tarmoqlararo sanoat yarmarkasi bo‘lib o‘tdi.

Respublikaning turli viloyatlaridan kelgan 150 dan oshiq korxonalar va mahalliy ishlab chiqaruvchilar qatnashgan ushbu yarmarkada Kombinat o‘z stendi va ishlab chiqarilayotgan hamda import orqali olinayotgan mahsulotlari bilan ishtirok etdi.

Yarmarka natijalariga ko‘ra, mahalliy ishlab chiqaruvchi korxonalar tomonidan ishlab chiqarilgan mahsulotlarini sotib olish bo‘yicha 19,9 mlrd. so‘mlik 56 ta shartnoma imzolandi.

Shuningdek mazkur yarmarkada mahalliy ishlab chiqaruvchi korxonalar bilan mahsulot sotib olish bo‘yicha 33,7 mlrd. so‘mlik 7 ta memorandum imzolandi.

OKMK Axborot xizmati

Bo`lishmoq:
Text to speech