"Olmaliq kon-metallurgiya kombinati" aksiyadorlik jamiyati
Call-markaz
+998 78 141 90 99Ishonch telefoni
+998 71 619 23 33Call-markaz
+998 78 141 90 99Ishonch telefoni
+998 71 619 23 33O‘tgan 2025-yilda Olmaliq kon-metallurgiya kombinati tomonidan barcha ishlab chiqarish prognozlari bajarilishi barobarida Mahalliylashtirish dasturining ijrosi ham ta’minlandi.
Dastur doirasida 2025-yilda 1,31 trln so‘mlik mahsulot ishlab chiqarilib, prognoz 102 foizga bajarildi. Sanoat kooperatsiyasi bo‘yicha xaridlar hajmi 4,0 trln so‘mga yetkazildi. Bu 2024-yilga nisbatan 3 barobar yoki 2,6 trln so‘mga ko‘pligini alohida qayd etib o‘tish lozim.
Dastur bo‘yicha ishlab chiqarilgan mahsulotlar evaziga import o‘rnini qoplanishi 109 mln dollarni tashkil etdi. Xususan, dastur bo‘yicha EKG-15 rusumli karyer ekskavatori kovshining oldi devori, yangi flotatsion pnevmo mashinalar, MMPSI 9,5x5,4 tegirmon uchun rezinali bruslar kabi import mahsulotlari kombinatda ishlab chiqarildi.
Shuningdek, Olmaliq kon-metallurgiya kombinatida 2025-yil yanvar-dekabr oylarida asosiy ishlab chiqarish ehtiyojlari hamda investitsiya loyihalari doirasida import qilingan tovarlar hajmi 108,5 mln dollarni tashkil etib, prognozga nisbatan bu ko‘rsatkich 30 foizga qisqartirildi.
E’tiborlisi, import mahsulotlari hajmlarini qisqartirish borasida amalga oshirilgan chora-tadbirlar natijasida jami o‘tgan yilda 180,3 mln dollar valyuta mablag‘lari tejalganini alohida ta’kidlash zarur.
Sanoat kooperatsiyasini kengaytirish hamda “Sanoat uchburchagi” dasturi orqali 26 ta korxona OKMK tomonidan “shatakka olish” tizimiga olinib, ushbu korxonalardan import o‘rinini bosuvchi yangi turdagi 71,3 mln dollarlik tovarlar xarid qilindi va import o‘rni qoplandi. Natijada 210 ta yangi ish o‘rni yaratildi. “Shatakka olish” tizimi asosidagi hamkorlik qilinayotgan korxonalardan 2BC115 vagon dumpkari, karyer samosvali, o‘tga chidamli g‘ishtlar, polimer mikrosferalar, ammiakli selitra kabi mahsulotlar xarid qilindi.
2026-yilda ham import hajmlarini qisqartirish borasida belgilangan chora-tadbirlar natijasida 155,8 mln dollar valyuta mablag‘lari tejalishi kutilmoqda.
Shuningdek, Mahalliylashtirish dasturi doirasida 1 329,7 mlrd so‘mlik import o‘rnini bosuvchi mahsulotlar o‘zlashtirilib, 110,8 mln dollar import o‘rni qoplanishi rejalashtirilgan. Bunda 3-mis boyitish fabrikasi uchun yangi turdagi yanchish uskunalariga hamda 7300x13000 rusumli tegirmon uchun zirhlar va futerovkalar, 2BC115 vagon dumpkari korpusi hamda ramasi ishlab chiqarilishi ko‘zda tutilgan.
Bundan tashqari, Sanoat kooperatsiyasini kengaytirishda 45 mln dollarlik import o‘rnini bosuvchi SBSh-250 uskunasi burg‘ulash shtangasi, qadoqlash lentasi, temir yo‘l transporti uchun ehtiyot qismlar mahsulotlar xarid qilinadi.
Bir so‘z bilan aytganda, 2026-yilda ham Mahalliylashtirish dasturi ijrosini ta’minlashda bor kuch va imkoniyatlarimizni ishga solamiz.
Abbos Abdullayev,
OKMK Mahalliylashtirish bo‘limi boshlig‘i