"Olmaliq kon-metallurgiya kombinati" aksiyadorlik jamiyati
Call-markaz
+998 78 141 90 99Ishonch telefoni
+998 71 619 23 33Call-markaz
+998 78 141 90 99Ishonch telefoni
+998 71 619 23 332026-yil boshiga kelib mis nafaqat sanoat metali, balki davlatlarning iqtisodiy qudratini belgilovchi strategik resurs maqomini to‘laqonli egalladi. Joriy yil yanvar oyi holatiga ko‘ra, London metall birjasida (LME) mis narxi bir tonna uchun 12 500-13 000 dollar atrofida belgilanmoqda. Bu o‘tgan yillarga nisbatan mis narxi 40%ga o‘sganini ko‘rsatmoqda.
Bu yil dunyo bozorida 150 000 tonnadan 330 000 tonnagacha tozalangan mis tanqisligi kuzatilishi kutilmoqda. Bu esa mis ishlab chiqaruvchi davlatlar, jumladan, O‘zbekiston uchun katta iqtisodiy imkoniyatlarni yaratadi. Olmaliq kon-metallurgiya kombinatida ham ishlab chiqarish quvvatlarini oshirish borasida amalga oshirib kelinayotgan loyihalar mis tayyorlash hajmini oshishiga xizmat qiladi.
Xususan, 2-Mis boyitish fabrikasida ma’danlarni qayta ishlash hajmini 5 mln tonnaga oshirish maqsadida ayni kunlarda yangi boyitish majmuasini qurish ishlari jadal sur’atlarda olib borilmoqda.
3,1 gektar yer maydonida joylashadigan majmuaning qurish ishlari “Olmaliqmetallurgqurilish” tresti tomonidan amalga oshirilmoqda. Ayni kunlarda yer ishlari olib borilayapti. Majmua loyihasi esa Loyiha ishlar boshqarmasi tomonidan bajarildi. Texnologik uskunalarni montaj va o‘rnatish ishlari esa Ixtisoslashtirilgan ta’mirlash ishlari boshqarmasi tomonidan olib boriladi.
E’tiborli jihati - majmua uskunalarini Markaziy ta’mirlash mexanika zavodi mehnat jamoasi tayyorlab berishadi.
Ushbu loyiha ishga tushishi natijasida 600 ta yangi ish o‘rinlari yaratiladi. Tovar mahsulot hajmi ham oshib, byudjetga to‘lovlar ham ko‘payadi.
“Yoshlik I” koni ma’danini qayta ishlashga mo‘ljallangan boyitish majmuasida yiliga 5 mln tonna ma’dan qayta ishlanib, 74,2 ming tonna konsentrat olinadi. Natijada mis katodi, oltin va kumush kabi qimmatbaho metallarni ishlab chiqarish hajmi oshiriladi.
Zamonaviy ishlab chiqarish quvvatlariga ega bo‘lgan majmua maydalash, yanchish, flotatsiya, filtrlash va quyultirish bo‘limlari hamda kompressor stansiyalaridan iborat bo‘ladi.
2-Mis boyitish fabrikasida mazkur inshoot foydalanishga topshirilgach, ma’danni qayta ishlash hajmi deyarli 10 mln tonnaga yetkaziladi.
Xulosa qilib aytganda, jahon bozorida mis narxining qulay konyunkturasi va kombinatda yangi quvvatlarning ishga tushirilishi o‘zaro uyg‘unlashib, sanoat rivoji, eksport hajmlarining ortishi hamda mamlakat iqtisodiy barqarorligini mustahkamlashga zamin yaratadi.
Axborot xizmati