"Olmaliq kon-metallurgiya kombinati" aksiyadorlik jamiyati
Call-markaz
+998 78 141 90 99Ishonch telefoni
+998 71 619 23 33Call-markaz
+998 78 141 90 99Ishonch telefoni
+998 71 619 23 33Olmaliq kon-metallurgiya kombinatida raqamlashtirish borasida samarali ishlar amalga oshirib kelinmoqda.
2025-yilda biznes va texnologik jarayonlarini avtomatlashtirish, boshqaruv va operatsion sohasini optimallashtirish doirasida 21 ta loyiha amalga oshirilishi rejalashtirilgan bo‘lib, birinchi yarim yillikda 11 ta loyiha ishga tushirildi.
Jumladan, Ishlab chiqarish jarayonlarini avtomatlashtirish va zamonaviy axborot tizimlarini qo‘llash maqsadida “Qalmoqqir” va “Yoshlik I” konlarida kon-transport boshqaruv tizimi joriy qilinmoqda. 127 ta avtosamosval, 47 ta ekskavator, 26 ta burg‘ilash texnikasi va 147 ta yordamchi texnikalar maxsus texnik apparat vositalari (planshet, GPS/Glonass trekkerlari va sensorlar) bilan jihozlandi. Bu esa ma'lumotlarni onlayn shaklda jamlash va qayta ishlashni yo‘lga qo‘yishga imkoniyat yaratmoqda. “Yoshlik I” konida ishga tushirilgan ekskavator-avtosamosval tezkor boshqaruv tizimi esa tizim avtomatik ravishda avtosamosvallarni ekskavatorlarga taqsimlash imkonini beradi.
Shuningdek, 15 ta quduqlarni burg‘ilash texnikalarida reja ko‘rsatkichlarni onlayn tarzda belgilash va nazorat qilish yo‘lga qo‘yildi.
Ohak zavodida yangi aylanuvchi gorizontal baraban pechida avtomatlashtirilgan tizimi joriy etildi. Zamonaviy avtomatika datchiklari bilan jihozlangan pechda gaz va elektr energiyasi sarfini nazorat qilish imkoniyati yaratildi.
“Xondiza” KB boyitish fabrikasida texnologik jarayonlarni boshqarishni avtomatlashtirilgan tizimlari uskunalari modernizatsiya qilindi. Bu texnologik jarayonni optimal holda yuritish, uskunalar holatini doimiy kuzatish va tahlil qilish, texnik nosozliklarni o‘z vaqtida aniqlash hamda uzluksiz ishlashini ta'minlashga xizmat qiladi.
Mis boyitish fabrikasida texnologik jarayonlarida ruda-suv nisbatlarini avtomatlashtirish maqsadida 21 ta nazorat va o‘lchov javonlari va 30 dan ziyod nazorat o‘lchov asboblari yig‘ilib, o‘rnatildi. Loyiha doirasida MBF Yanchish va flotatsiya bo‘limining barcha tegirmonlari(jami 21 ta)da tizimni ishga tushirish natijasida yiliga 1,8 mln kub suv tejashga erishiladi.
Kombinatda xarajatlar monitoringi va moliyaviy nazoratni ta'minlash maqsadida joriy etilgan “Byudjetlashtirish” axborot tizimi prognozdan omborgacha bo‘lgan jarayonda shaffoflik va mablag‘ oqimini nazorat qilish imkonini beradi.
Markaziy apparatda yagona markazlashgan dispetcherlik punkti tashkil etildi. Biznes va texnologik jarayonlarni boshqarish uchun interaktiv dashbord va vizual jadvallar yaratildi. 10 ta onlayn hisobotlar va 15 ta bo‘linmaning texnologik jarayonlari nazorat qilinmoqda.
Kombinatda manfaatlar to‘qnashuvining oldini olish maqsadida deklaratsiya elektron shaklda to‘ldirish moduli yaratildi. Loyiha doirasida 36 mingdan ortiq xodimlar har chorak 3 ta deklartasiyani elektron tarzda to‘ldirish hisobiga yiliga 1,3 mln varaq (130 mln so‘m) tejash imkoniyati yaratiladi.
Axborot xavfsizligini oshirish maqsadida imtiyozli foydalanuvchilar nazorati va monitoringi tizimi (PAM -Privileged Access Management) doirasida qo‘shimcha 7 ta (jami 27 ta) litsenziyalar ishga tushirildi. OKMK axborot tizimi va resurslarida ishlayotgan foydalanuvchilar (administratorlar) harakatlari auditi va ruxsatsiz kirishdan himoya qilish imkoniyati kengaytirildi.
Korporativ tarmoqqa kirishni nazorat qilish (NAC) tizimi barcha ulanishlarni markazlashgan holda boshqaradi va ruxsatsiz kirish xavfini 80 foizga kamaytiradi. Foydalanuvchilar va qurilmalar aniqlanib, xavfsizlik talablariga muvofiqligi tekshiriladi. Administrator tomonidan belgilangan siyosatlar avtomatik tarzda, qo‘shimcha dastursiz qo‘llaniladi. Bu boshqaruvni yengillashtirib, IT xodimlar yukini kamaytiradi
ESET Mail Security loyihasi doirasida 2900 foydalanuvchining elektron pochtasini himoya qilishni ta'minlaydigan pochta serveri ishga tushirildi. Tizim real vaqt rejimida xatlarni antivirus filtrlash, nomaqbul xabarlardan intellektual himoyalash, xavfsizlik siyosatini markazlashgan holda boshqarishni ta'minlaydi.
DLP tizimi maxfiy ma'lumotlarni nusxalash, chop etish va uzatishni avtomatik nazorat qilib, tarqalish xavfini 80 foizgacha kamaytiradi.
2025-yil yakuniga qadar bir qator chora-tadbirlar amalga oshirilishi belgilangan.
Xususan, Mis eritish zavodi hududidan tayyor mahsulotni yuklab jo‘natishning avtomatlashtirilgan jarayoni mijozning so‘rovidan transport chiqib ketishigacha bo‘lgan barcha bosqichlarni to‘liq nazorat qilishni ta'minlaydi. Bunda 1C dasturi, shtrix-kodlash va fotofiksatsiyadan foydalaniladi. Ombor, temir yo‘l va avtomobil tarozilari bilan integratsiyalashuv ham avtomobil, ham temir yo‘l transportida yuklashning aniqligini, shaffofligini va tezligini oshiradi.
“Elektron jurnallar” axborot tizimi sinov tariqasida ishga tushirilib, naryad-topshiriq, yo‘l-yo‘riq o‘tish, I va II pog‘ona jurnallarini elektron shaklga o‘tkazish yo‘lga qo‘yildi. Bugungi kunda ishchi-xodimlarni identifikatsiyadan o‘tkazish jarayonini ishonchiligini yanada oshirish maqsadida ananaviy ID kartalardan zamonaviy MyID texnologiyalariga o‘tish ishlari amalga oshirilmoqda. Loyihani ishga tushirish hisobiga 80 ming (700 mln so‘m/yiliga) qog‘oz jurnallar iqtisod qilinadi. Naryad-topshiriq berish jarayoni 3 barobarga qisqaradi va tahlil qilish imkoniyati yaratiladi.
“Avtotransport va logistika” Axborot tizimi joriy qilinishi natijasida avtotransportdan foydalanish samaradorligi 4 foizga oshdi va qog‘oz yo‘l varaqalari elektron shaklga o‘tkazilib, qog‘oz aylanmasi 70 foizga kamaytirildi.
Elektron hukumat markazi platformasi bilan integrasiya orqali haydovchilar ma'lumotlari va texnik holatni onlayn tekshirish yo‘lga qo‘yilib, tizim avtomatlashuvi 20 barobarga, inson resurslari samaradorligi esa sezilarli darajada oshiriladi.
Ish haqqi va xodimlarni boshqarish (1C) axborot tizimi mehnat haqi hisob-kitobini avtomatlashtirish, kadrlar hujjatlarini yuritish, ta'lim va ish vaqtini boshqarishni ta'minlaydi. Loyiha doirasida 36 ta xodimni qamrab olgan yagona ma'lumotlar bazasi yaratiladi, bu esa ma'lumotlar shaffofligi va boshqaruv samaradorligini oshiradi.
Shuningdek, hozirda Toshkent davlat texnika universiteti bilan hamkorlik doirasida bir qator loyihalar amalga oshirilmoqda. Jumladan, hamkorlikda amalga oshirilayotgan “NeuroVision” — sun'iy intellekt videotahlil tizimi, haqiqiy vaqt rejimida inson omilisiz xavfsizlik qoidalari buzilishini avtomatik aniqlash va nazorat qilish imkonini beradi. Tizim yuzni tanish, intellektual xabar berish va xavfsizlik vositalari bilan integratsiya orqali sanoat obyektlarida ichki nazoratni kuchaytiradi va insidentlar sonini kamaytiradi.
“Ekomonitoring” sun'iy intellekt tizimi atmosferadagi chiqindilarni monitoring qilish, tahlil etish va prognozlash uchun to‘liq intellektual platforma yaratadi. Tizim real vaqtda anomaliya va ifloslanish manbalarini aniqlab, ekologik xavflarni kamaytiradi, xarajatlarni qisqartiradi hamda jamoatchilik va nazorat organlari ishonchini oshiradi.
Bir so‘z bilan aytganda OKMKda raqamlashtirish jadallik bilan olib borilmoqda.
OKMK Raqamlashtirish departamenti