• Call-markaz

    (+998 78) 141-90-99
  • Ishonch telefoni

    (+998 70) 619-23-33
Рус O'z En
Ishonch telefoni
Qayta bog'lanish

OKMKda raqamlashtirish yanada jadallashtiriladi

10 Aprel 2023, 10:0 994

Joriy yilning 6-aprel kuni MTTU MISiS Olmaliq filialida “OKMKda raqamlashtirish sohasida 2022-yil yakuni va 2023-yil I chorak natijadorligi hamda II chorakda bajariladigan vazifalar” mavzusida hisobot yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi.

Yig‘ilishda raqamlashtirish dasturi bo‘yicha I chorakda amalga oshirilgan loyihalar  ijrosining tahlili hamda II chorak uchun asosiy maqsad va vazifalar muhokama etildi.

Tadbirda “Olmaliq kon-metallurgiya kombinati” AJ boshqaruvi raisining Raqamlashtirish bo‘yicha o‘rinbosari Abdulla Azizov kombinatda raqamlashtirish bo‘yicha amalga oshirilgan ishlar yuzasidan hisobot berdi.

Unga ko‘ra, 2022-yil mobaynida kombinatda raqamli transformatsiya qilish doirasida 48 ta loyiha amalga oshirildi.

Boshqaruv tizimi samaradorligini oshirish va ish yuritish jarayonida hamda ishlab chiqarish jarayonlarini avtomatlashtirish va zamonaviy axborot tizimlarini joriy etilishi hisobiga 2022-yil 333 mlrd so‘m iqtisod qilindi va 70% qog‘oz hujjatlar (yiliga 2 mln donadan ortiq varaq) raqamlashtirib, ma'lumotlarni tezkor tahlil qilish imkoniyati yaratildi.

Joriy  yilning birinchi choragida 12 dan ortiq loyiha va vazifalar yakuniga yetkazilib, 40 dan ortiq axborot tizimlari, telekommunikatsiya,  ishlab chiqarishni avtomatlashtirilgan tizimlari kombinat xodimlariga faol xizmat ko‘rsatib, IT xodimlari tomonidan uzluksiz va barqaror ishlashi ta'minlandi.

33 000 dan ortiq kombinat xodimlari yangi ID karta bilan ta'minlanib, ma'lumotlar bazasi yangilandi, Masofaviy o‘qitish (LMS) tizimi uchun 150 dan ortiq yangi o‘quv kurslari tayyorlandi, “Kon dispetcheri” avtomatlashtirilgan tizimi doirasida 100 dan ortiq videokameralar o‘rnatildi va Mis eritish zavodida Metso-Outotec va Engineering Dobersek mutaxassislari bilan birgalikda Vanyukov pechi va Sulfat kislota sexining boshqaruv tizimi, nazorat va o‘lchov asboblarining  uzluksiz ishlashi ta'minlandi.

Shuningdek, avtotransport va logistikani boshqarish tizimini ekspluatatsiyaga topshirish hisobiga kombinat transportlari va texnikalaridan foydalanish samaradorligi 4% oshirildi, onlayn hisobot va ma'lumotlar takrorlanishi kamaytirildi.

Bundan tashqari, kombinatda SAP ERP tizimida foydalanuvchilarning litsenziyalari faollashtirilib, tizimda best practice prinsiplariga asosan kombinatning amaldagi biznes jarayonlariga moslashtirish ishlari amalga oshirilmoqda.

“Qalmoqqir” va “Yoshlik I” konlarida tezkor boshqaruv tizimi (ASU GTK) loyihasi doirasida mutaxassislar tomonidan joriy yil fevral-mart oylarida o‘rganish ishlari o‘tkazildi va “Karyer ASD” dasturiy ta'minotni joriy etilishi doirasida sinov tariqasida birinchi ekskavator va “BelAZ” avtotransportiga tegishli datchiklari o‘rnatildi.

Ishlab chiqarish jarayonlarini real vaqt rejimida nazorat qilish va tezkor boshqarish maqsadida MES tizimining texnik iqtisodiy asoslari ishlab chiqildi. Loyihani ishga tushirish evaziga uskunalarning foydali ish samaradorligi 5% oshirilib, rejadan tashqari to‘xtash vaqti 15% qisqartiriladi.

OKMKda ikkinchi chorakda raqamlashtirish loyihalarini amalga oshirilishi bilan bir qator natijalar kutilmoqda.

Xususan, kombinatning barcha korxonalarida kirish/chiqish yagona boshqaruv va nazorat tizimi (SKUD) joriy etilishi natijasida  qog‘oz ruxsatnomalar 100% ID kartalarga o‘tkazilib, ish vaqti hisobi avtomatlashtiriladi va mehnat intizomi nazorati yo‘lga qo‘yiladi.

“Jurnallar” axborot tizimi joriy etish orqali kombinatda 70% qog‘oz jurnallarni elektron formatda yuritish, tizimda ma'lumotlarni tahlil qilish imkoniyatini yaratiladi.

Angren kon boshqarmasida texnologik jarayonlarni avtomatlashtirilgan boshqaruv tizimi joriy etilishi yakuniga yetkazilib, asosiy texnologik uskunalarning “onlayn” nazorati va texnologik reglamentga muvofiq ishlab chiqarish jarayonini yuritish tizimi tashkil etiladi.

Mis boyitish fabrikasida konveyerlarining mexanik tarozilari 100% elektron tarozilarga yangilanadi va texnologik jarayonida ruda vaznini o‘lchash aniqligi oshiriladi.

Power BI axborot tizimi yordamida tezkor qaror qabul qilish uchun kerakli analitik ma'lumotlar va dashbordlar joriy etiladi. Tizim ishlab chiqarish va biznes jarayonlaridan, shuningdek turli avtomatlashtirilgan tizimlardan avtomatik ravishda “onlayn” ma'lumotlarni jamlaydi va qayta ishlaydi.

Yig‘ilishda Axborot texnologiyalari departamenti, Ishlab chiqarishni avtomatlashtirish boshqarmasi, Texnik xavfsizlik tizimi xizmati, kombinat tarkibiy bo‘linmalari AKT xodimlari va mutaxassislari ishtirok etishdi.

Tadbir davomida mas'ullarga raqamlashtirishni joriy etilishini yanada jadallashtirish vazifasi yuklatildi.

Axborot xizmati

Bo`lishmoq:
Text to speech