"Olmaliq kon-metallurgiya kombinati" aksiyadorlik jamiyati
Call-markaz
+998 78 141 90 09Ishonch telefoni
+998 71 619 23 33Call-markaz
+998 78 141 90 09Ishonch telefoni
+998 71 619 23 33Bugungi kunda sun’iy intellekt va raqamli texnologiyalar ishlab chiqarish jarayonlarini yangi bosqichga olib chiqayotgan muhim omillardan biriga aylanmoqda. Ma’lumotlarni tezkor tahlil qilib, jarayonlarni avtomatlashtirish, mavjud resurslardan samarali foydalanishda ushbu zamonaviy yechimlarning imkoniyatlari tobora kengayib boryapti. Ayniqsa, yirik sanoat korxonalarida avtomatlashtirishni izchil yo‘lga qo‘yish jarayonlarning samaradorligi va barqarorligini oshirishga ham xizmat qiladi.
Shu maqsadda kuni kecha OKMK Markaziy apparatida O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2026-yil 24-iyuldagi 276-son qarori ijrosini ta’minlash hamda “Raqamli OKMK-2030” konsepsiyasini amalga oshirish masalalariga bag‘ishlangan yig‘ilish bo‘lib o‘tdi.
Tadbir avvalida OKMK boshqaruv raisi Abdulla Xursanov kombinatda amalga oshirilayotgan yirik investitsiyaviy loyihalar xususida to‘xtalib, ishlab chiqarish quvvatlarini rivojlantirish bilan bir qatorda, zamonaviy raqamli texnologiyalarni korxona faoliyatining barcha yo‘nalishlariga keng tatbiq etish muhimligini ta’kidladi.
Markaziy apparat Raqamlashtirish departamenti direktori v.b. Valiyor Irismetov “Raqamli OKMK-2030” yangilangan konsepsiyasini amalga oshirish bo‘yicha hisobot berar ekan, raqamli transformatsiyaning ustuvor yo‘nalishlari, ma’lumotlar bilan ishlash samaradorligini oshirish hamda sun’iy intellektdan foydalanish bo‘yicha belgilangan vazifalar haqida so‘z yuritdi. So’zga chiqqan MTTU MISiS Olmaliq filiali kafedra mudiri Barno Temirbekova ta’lim muassasasi va ishlab chiqarish korxonasi o’rtasida sun’iy intellekt yo‘nalishlarida yuqori malakali mutaxassislar tayyorlash, ilmiy-amaliy hamkorlikni mustahkamlash borasida olib borilayotgan ishlar haqida ma’lumot berdi.
Ta’kidlanishicha, so‘nggi yillarda oliygohda talabalarning nazariy bilimlarini mustahkamlash maqsadida OKMKning tarkibiy bo‘linmalarida amaliyot o‘tash, ishlab chiqarish jarayonlari bilan yaqindan tanishish hamda real loyihalarda ishtirok etish imkoniyatlari kengaytirilmoqda. Bu esa bo‘lajak mutaxassislarning kasbiy salohiyatini oshirish va kadrlar zaxirasini shakllantirishga xizmat qilyapti.
Yig‘ilish davomida mas’ullar videokonferensiya orqali o‘z tarkibiy bo‘linmalarida raqamli texnologiyalarni joriy etish borasida amalga oshirilgan ishlar, erishilgan natijalar hamda istiqboldagi rejalar yuzasidan axborot berdi.
“Raqamli OKMK-2030” konsepsiyasi doirasida sun’iy intellekt va ilg‘or raqamli yechimlarning keng joriy etilishi ishlab chiqarishda samaradorlikni oshirish, boshqaruvni yanada takomillashtirish uchun keng imkoniyat yaratmoqda. Bu esa OKMKning zamonaviy, innovatsion va raqobatbardosh sanoat korxonasi sifatidagi mavqeini yanada mustahkamlashga zamin yaratadi.
Axborot xizmati