Call-markaz
(+998 78) 141-90-99Ishonch telefoni
(+998 70) 619-23-33Joriy yilning 30-may kuni “Olmaliq KMK” AJda raqamli transformatsiya yo‘nalishida amalga oshirilgan loyihalar bilan tanishish bo‘yicha seminar tashkil etildi.
Seminarda O‘zbekiston tog‘-kon sanoati va geologiya vazirligi, “Navoiy KMK” AJ, “O‘zmetkombinat” AJ, “O‘zbekko‘mir” AJ, “Navoiyuran” DK kabi tashkilotlarning axborot texnologiyalari va raqamlashtirish yo‘nalishidagi mas'ul va mutaxassislari ishtirok etishdi.
Dastlab, Olmaliq kon-metallurgiya kombinatida raqamli transformatsiya yo‘nalishida amalga oshirilgan ishlar yuzasidan loyihalar taqdimoti o‘tkazildi.
Unga ko‘ra, mazkur yo‘nalish bo‘yicha OKMKda 2022-yilda 48 ta loyiha, jumladan kon-transport kompleksi (6 ta), ishlab chiqarishni avtomatlashtirish (11 ta), boshqaruv va biznes jarayonlari (25 ta) va infratuzilmani takomillashtirish (6 ta) sohalarida amalga oshirildi.
2023-yil I choragida esa LeverX, Terralink, Polyus Didjital, Plug and Play va boshqa xalqaro kompaniyalar bilan imzolangan memorandumlarga asosan raqamlashtirish sohasidagi tajribalar o‘rganilib, kombinatni raqamli transformatsiya qilish bo‘yicha 2023-yilda uchun 40 dan ortiq loyiha ishlab chiqildi.
Shundan 13 tasi I chorakda amalga oshirildi (ishlab chiqarishni boshqarish – 2 ta, texnologik jarayonlarni avtomatlashtirish – 4 ta, boshqaruv va biznes jarayonlari – 3 ta va infratuzilma hamda kiberxavfsizlikni takomillashtirish – 4 ta).
Avtotransport va logistikani boshqarish tizimini (Transport Management System) ekspluatatsiyaga topshirish evaziga avtotransport va texnikalardan foydalanish samaradorligi 4 foizga oshirildi, qog‘oz hujjatlar almashinuvi 70 foizga qisqartirildi.
Buxgalteriya va moliya hisobotlari, ishlab chiqarish xarajatlari va boshqa turdagi hujjatlarning elektron arxivini ishga tushirish evaziga qog‘oz sarfi kamaytirildi, ma'lumotlar yo‘qolishi oldi olindi va onlayn qidiruv imkoniyati yaratildi.
Korxona bo‘linmalariga kirish/chiqish yagona boshqaruv va nazorat tizimi (SKUD) ishlashi uchun 33 mingdan ortiq xodimlar yangi ID-kartalar bilan ta'minlandi, ish vaqti hisoboti va nazorati avtomatlashtirildi.
Mis boyitish fabrikasida konveyerlarning mexanik tarozilari 100 foiz elektron tarozilarga yangilandi va texnologik jarayonda ruda vaznini o‘lchash aniqligi oshirildi.
Mis eritish zavodida “Metso Outotec” va “Engineering Dobersek” kompaniyalari mutaxassislari bilan birgalikda Vanyukov pechi va Sulfat kislota sexining boshqaruv tizimi, nazorat va o‘lchov asboblarining uzluksiz ishlashi ta'minlandi.
Shuningdek, 2023-yil yakuniga qadar bir qator ishlar amalga oshirilishi ko‘zda tutilgan. Jumladan, Angren kon boshqarmasida texnologik jarayonlarning avtomatlashtirilgan boshqaruv tizimini joriy etish natijasida, texnologik jarayonni optimal rejimda olib borish va uskunalarning to‘liq holatini kuzatish imkoniyati yaratiladi.
Issiqlik elektr markazida qozon va turbogenerator nazorat va o‘lchov vositalarini modernizatsiya qilish natijasida soatiga 12 MVt elektr energiyasi yo‘qolishining oldi olinadi hamda uskunalarning barqaror ishlashi ta'minlanadi.
3-Mis boyitish fabrikasi doirasida avtomatlashtirilgan boshqaruv tizimi foydalanishga topshiriladi va texnologik jarayon to‘liq avtomatlashtirilib, uskuna va jarayonlarni monitoring va tahlil qilish yo‘lga qo‘yiladi.
“Power BI” axborot tizimi yordamida tezkor qaror qabul qilish uchun kerakli tahliliy ma'lumotlar va dashbordlar joriy etiladi. Ishlab chiqarish va biznes jarayonlardan, turli avtomatlashtirilgan tizimlardan “onlayn” ma'lumotlarni jamlash va qayta ishlash tezligi 80 foizga oshiriladi.
“Qalmoqqir” va “Yoshlik I” konlarida ishlarni bajarishda tezkor boshqaruv tizimini (ASU GTK) joriy etilishi hisobiga tog‘ jinsini tashish hajmi 10 foizga ko‘payib, samaradorlikni oshirish imkoniyati (21 mln dollar yiliga) yaratiladi. Kon texnikalaridan foydalanish xarajatlari 5 foizga, yonilg‘i sarfi 9 foizga kamaytiriladi.
Yagona markazlashtirilgan dispetcherlik punktini yaratish hisobiga, qaror qabul qilish vaqti 3 barobarga qisqaradi va 90 foiz texnik jarayonlarning markazlashgan nazorati ta'minlanadi.
Mis boyitish fabrikasi flotatsiya jarayonida mahsulot sifatini aniqlash uchun mashina nazorati tizimi yo‘lga qo‘yilib, reagentlar sarfi 5 foizga kamayadi va texnologik jarayonni yuritish 2 foizga maqbullashtiriladi.
Bugungi kunda kombinatda 40 dan ortiq axborot tizimlari, ishlab chiqarishni avtomatlashtirish, telekommunikatsiya va infratuzilmalaridan samarali foydalanib kelinmoqda hamda amalga oshirilayotgan loyihalarni o‘z vaqtida ishga tushirish tizimli nazorat qilinmoqda.
Seminar ishtirokchilari Qalmoqir va Yoshlik-1 konlaridagi texnologik jarayonlar bilan tanishishdi.
Shuningdek mehmonlar e’tiboriga Sanoat temiryo‘l transport boshqarmasining 1-temiryo‘l sexi stansiyasida STTBning harakatdagi tarkibini ta’mirlash va texnik xizmat ko‘rsatishning avtomatlashtirilgan boshqaruv tizimini taqdimoti o‘tkazildi.
Mazkur temir yo‘l transportiga texnik xizmat ko‘rsatish va ta’mirlash ishlarini boshqarish tizimida RFID texnologiyasi asosida har birining bosib o‘tgan masofasini aniq hisobga olish, avtomatik tarzda texnik ko‘rik va ta'mirni rejalashtirish va ularni sifatli amalga oshirish evaziga xarajatlar yiliga 10 foizga (7 mlrd so‘m) qisqartiriladi.
Mehmonlar yangi barpo etilayotgan 3-Mis boyitish fabrikasi hamda TP 500 elektr nimstansiyasida ham bo‘lishib, ushbu ob’ektlar bilan tanishishdi.
Seminar ishtirokchilarining so‘nggi manzili kombinat muzeyi bo‘ldi.
Shu tariqa yirik sanoat korxonalarining mas’ullar va mutaxassislari seminarda o‘zaro tajriba almashishdi.
OKMK Axborot xizmati