Рус O'z En
Ishonch telefoni
Qayta bog'lanish

OKMKda xalqaro standartlarga mos chiqindi saqlash ombori barpo etilmoqda

11 Avgust 2026, 13:8 25

Olmaliq kon-metallurgiya kombinatida mamlakatimiz mis sanoati tarixidagi eng yirik strategik investitsiya loyihalaridan biri — 3-Mis boyitish fabrikasi bosqichma-bosqich barpo etilmoqda. Ushbu majmuaning muhim infratuzilma obyektlaridan biri hisoblangan boyitish qoldiqlarini saqlash ombori ham zamonaviy muhandislik yechimlari asosida jadal sur’atlarda qurilmoqda.

Joriy yilning 16-mart kuni Prezidentimiz ishtirokida mazkur loyihaning amaliy bosqichiga rasman start berilgan edi. Bugungi kunda qurilish ishlariga 3 ta pudrat tashkiloti, qariyb 300 ta maxsus texnika vositasi hamda yuzlab muhandis va malakali mutaxassislar jalb etilgan. Ishlar kecha-yu kunduz, uzluksiz tashkil etilgan bo‘lib, hozirgi vaqtga qadar qurilish ishlarining qariyb 60 foizi bajarildi.

Qurilish sifati har bir bosqichda qat’iy nazorat qilinmoqda. Har bir bajarilgan qatlam avvalo geodezik o‘lchovlar orqali loyihaviy belgilarga muvofiqligi bo‘yicha tekshiriladi. Shundan keyin laboratoriya mutaxassislari tomonidan namunalar olinib, ularning zichligi, namligi hamda boshqa texnik ko‘rsatkichlari loyiha talablari asosida sinovdan o‘tkaziladi. Bu qurilayotgan inshootning mustahkamligi, xavfsizligi va uzoq muddatli ishonchli ekspluatatsiyasini ta’minlaydi.

Mutaxassislarning ta’kidlashicha, mazkur ombor xalqaro muhandislik standartlari asosida loyihalashtirilgan bo‘lib, unda ekologik xavfsizlik, resurs tejamkorligi va yuqori ishonchlilikni ta’minlovchi zamonaviy texnologiyalar joriy etilmoqda.

Majmuaning eng muhim afzalliklaridan biri — aylanma suv ta’minoti tizimidir. Flotatsiya jarayonidan keyin tindirilgan suv maxsus suzuvchi nasos stansiyalari orqali qayta texnologik jarayonga yo‘naltiriladi. Bu kombinat tarixida ilk bor qo‘llanilayotgan innovasion yechim hisoblanadi. Natijada suv resurslaridan oqilona foydalanish ta’minlanib, tabiiy manbalardan suv olish hajmi sezilarli darajada kamayadi.

Ekologik xavfsizlikni ta’minlash maqsadida ombor tubi va muhim uchastkalari yuqori mustahkamlikka ega geomembrana qoplamasi bilan himoyalanadi. Ushbu texnologiya texnologik suvlarning yer qatlamlariga singib ketishining oldini olib, yer osti suvlarini ishonchli muhofaza qilishga xizmat qiladi. Shuningdek, filtratsion suvlarni muntazam kuzatish uchun maxsus nazorat quduqlari tashkil etiladi.

Ayni paytda fabrikadan qariyb 7 km masofada, Qurama tog‘ tizmasining shimoli-g‘arbiy qismida joylashgan boyitish qoldiqlarini saqlash omborining ikkinchi xaritasida mavjud muhandislik kommunikatsiyalarini ko‘chirish ishlari amalga oshirilmoqda. Omborning birinchi xaritasi 1420 gektar, ikkinchi xaritasi esa 1380 gektar maydonni egallaydi. Umumiy maydoni qariyb 2800 gektarni tashkil etuvchi ushbu obyekt fabrikaning uzoq yillar davomida barqaror ishlashini ta’minlaydigan strategik infratuzilma hisoblanadi.

Boyitish qoldiqlarini saqlash ombori 3-Mis boyitish fabrikasi texnologik zanjirining ajralmas qismi hisoblanadi. Flotatsiya jarayonidan keyin hosil bo‘ladigan texnologik qoldiqlar uzunligi qariyb 9 km bo‘lgan maxsus gidrotransport tizimi orqali omborga yetkaziladi. Loyihaviy quvvati esa yiliga 59 million tonnadan ortiq texnologik qoldiqlarni xavfsiz va uzluksiz qabul qilish imkonini beradi.

Barcha texnologik jarayonlar raqamli boshqaruv tizimi orqali nazorat qilinadi. Ma’lumotlar markaziy dispetcherlik punktida real vaqt rejimida tahlil qilinib, texnologik jarayonlarning barqarorligi ta’minlanadi. Bu esa ishlab chiqarish samaradorligini oshirish, ehtimoliy nosozliklarning oldini olish va boshqaruv qarorlarini tezkor qabul qilish imkonini beradi.

3-Mis boyitish fabrikasi uchun barpo etilayotgan mazkur ombor nafaqat texnologik infratuzilmaning muhim qismi, balki ekologik xavfsizlik, suv resurslaridan oqilona foydalanish va zamonaviy muhandislik yechimlarini o‘zida mujassam etgan strategik obyekt hisoblanadi.

Eng muhimi, mazkur loyihaning amalga oshirilishi kombinatning ishlab chiqarish quvvatlarini yana-da oshirish, eksportbop mis mahsulotlari hajmini ko‘paytirish, raqamli texnologiyalar va ilg‘or ekologik yechimlarni keng joriy etish orqali mamlakatimiz tog‘-kon sanoatining raqobatbardoshligini yangi bosqichga olib chiqishga xizmat qiladi.

Axborot xizmati

Bo`lishmoq:
Text to speech