Call-markaz
(+998 78) 141-90-99Ishonch telefoni
(+998 70) 619-23-33Havo taqsimlash sexi “Olmaliq KMK” AJ Mis eritish zavodining eng yirik va muhim yordamchi sexlari sirasiga kiradi. Sex ishlab chiqarish tizimi havo taqsimlash bloklari bo‘limi, kislorodni kompressorlash, ballonlarni to‘ldirish va resepient stansiyasi bo‘limlari va aylanma suv hamda havoni quvurlar orqali haydash stansiyalarini o‘z ichiga olgan.
Atmosferadan olingan havo sovutilishi hisobiga texnik va texnologik kislorod, suyultirilgan azot va kriogen suyuqliklar tayyorlanib, iste'molchilarga yetkazilishi yo‘lga qo‘yilgan. Sexni bunyod etish ishlari 1960-yillar boshida boshlangan. 1967-yili 1-sonli havo taqsimlash blogi ishga tushirildi. Bu yerda birinchi kislorod 26-iyul sanasida ishlab chiqarilgan.
Keyingi yili 2-sonli havo taqsimlash blogi ishga tushirildi. Bu paytga kelib sexda kislorodni kompressiyalash va kislorod ballonlarini to‘ldirish bo‘limlari faoliyat yurita boshlagandi. 1987-yilda KA-15 kislorod-azot blogini qurish ishlari boshlab yuborildi. 1990-yil mazkur blok ham foydalanishga topshirildi. 1998-yil kuzida kislorod-azot-argon ishlab chiqaruvchi KAAr-16/16 blogini montaj qilish ishlariga kirishildi.
Havo taqsimlash sexi metallurgiya ishlab chiqarishlarining agregatlariga texnologik va texnik kislorod, shuningdek mamlakatimiz sog‘liqni saqlash muassasalariga tibbiy kislorod yetkazilishini ta'minlab keladi. Sex o‘z faoliyatini beshta bo‘linma - uchta havo taqsimlash blokli havo taqsimlash uskunalari bo‘limi, Kislorodni kompresslash sexi, Kislorodli ballonlarni to‘ldirish sexi, Azot ballonlarini to‘ldirish va saqlash sexi va quvur havo stansiyasiga tayangan holda yo‘lga qo‘ygan.
Havo taqsimlash bloklari HTSning asosiy bo‘limi hisoblanib, bo‘lim MEZ sexlarining uzluksiz texnologik jarayonlarini ta'minlab boruvchi turli uskunalar bilan jihozlangan. Bugungi kunda bu yerda uchta “3-sonli KA-15”, “4-sonli KAAr-16/16”, “5-sonli KDO-15000” havo taqsimlash uskunalari, uchta “K-1500”, “ATLAS COPCO GT-078”, “HANWHA SE-110A” rusumli havo kompressorlari ekspluatasiya qilib kelinadi.
Alsu Maksyutova rahbarlik qilib kelayotgan Kislorodli ballonlarni to‘ldirish sexi tomonidan bir ish smenasi davomida 500dan ziyod texnik kislorod ballonlari to‘ldirib berilishiga muvaffaq bo‘linmoqda. Musabika Zokirova, Sevara Misirova, Muqaddas G‘ofurova kabi apparatchilar sexning yuqori ko‘rsatkichlariga o‘z hissalarini qo‘shib kelishmoqda.
Metallurgiya sexining konverter bo‘g‘ini va zavod tarmoqlarini siqilgan havo bilan ta'minlashdek mas'uliyatli vazifa esa quvur- havo stansiyasi bo‘limi tomonidan amalga oshirib kelinmoqda.
OKMKning rudalarni qazib olish, qayta ishlash va tayyor mahsulotlarni ishlab chiqarish quvvatlari ortib borishiga bog‘liq holda Havo taqsimlash sexi tomonidan elektr energiyasi iste'molini iqtisod qilish, siqilgan havo va kislorod ishlab chiqarish hajmlarini oshirish maqsadida bir qator loyihalar amalga oshirildi.
Jumladan, “Mis eritish zavodi Havo taqsimlash sexida yangi kislorod stansiyasini texnik qayta qurollantirish” loyihasi doirasida yangi kislorod stansiyasini bunyod etish bo‘yicha 26,2 mln dollarlik mablag‘lar o‘zlashtirildi. Bu yerda foydalanishga joriy etilgan “HANWHA SE-110A” kompressori 0,2 MVt soat elektr energiyasi iqtisod qilinishiga olib keldi. Bundan tashqari, quvur-havo stansiyasiga o‘rnatilgan kompressorlar parkining almashtirilishi ham yuqori natijani berdi. Yangi o‘rnatilgan “HANWHA SM-6000” kompressorlari siqilgan havo ishlab chiqarish quvvatlarini keskin oshirish va elektr energiyasi solishtirma sarfini keskin qisqartilishiga zamin yaratdi. 2022 yilda “Mis eritish zavodi quvur havo puflantirish stansiyasini rekonstruksiya qilish va kengaytirish” loyihasi doirasida uchta yangi zamonaviy “HANWHA SE-65A” rusumli bosimni oshirib beruvchi uskunalar ishga tushirildi. Shu kunlarda kislorod ballonlarni to‘ldirish va resepient stansiyasi bo‘limi uchun yangi ishlab chiqarish uchastkasini qayta jihozlash ishlari keng miqyosda olib borilmoqda. Uchastka yangi manzilda ish boshlashi hisobiga yiliga 3 960 ming m3 hajmda texnik kislorodni ballonlarda iste'molchilarga jo‘natish imkoniyati yaratiladi. Bundan tashqari, sexning yangi 6-havo taqsimlash blogini qurish yo‘nalishida ham loyiha-smeta hujjatlari ishlab chiqilib, yangi blok uchun qurilish maydoni tayyorlanmoqda. Mazkur loyiha to‘liq amalga oshirilishi bilan sexning gazsimon kislorod ishlab chiqarish bo‘yicha quvati 40000 m3 soatga yetkazilishi kutilmoqda.
Hasan ABDULLAYEV