Call-markaz
(+998 78) 141-90-99Ishonch telefoni
(+998 70) 619-23-33Joriy yilning 12 mart kuni “Olmaliq kon-metallurgiya kombinati” AJ boshqaruv raisi "Navro‘z" umumxalq bayramiga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazish to‘g‘risida”gi buyruqqa imzo chekdi.
Prezidentimizning 2024 yil 4-martdagi "2024 yilgi Navro‘z umumxalq bayramiga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazish to‘g‘risida"gi qaroriga muvofiq, “Olmaliq KMK” AJda milliy qadriyatlarimiz keng tantana qilinadigan ayyom “Olam nurga to‘lsin sen bilan, Navro‘z!” shiori ostida nishonlanadi.
Shuningdek, buyruq bilan "Navro‘z" umumxalq bayramini munosib tarzda nishonlash bo‘yicha chora-tadbirlar rejasi tasdiqlandi.
Buyruqda kombinat tarkibiy bo‘linmalari rahbarlari zimmasiga Olmaliq shahrining biriktirilgan mahallalari, aholi punktlari, ko‘p qavatli uylar va unga tutash hududlar, bolalar maydonchalari, qabristonlar, ijtimoiy soha ob'yektlari va tarkibiy bo‘linmalar hududlarida bayram arafasida obodonlashtirish va ko‘kalamzorlashtirish ishlarini amalga oshirish yuklatildi. Bundan tashqari, "Navro‘z" bayrami shukuhini aks ettirish uchun tarkibiy bo‘linmalar hududlari bayramona shiorlar va bannerlar bilan bezatiladi.
Tasdiqlangan jadvalga muvofiq tarkibiy bo‘linmalarda bayram tadbirlari o‘tkaziladi.
Joriy yilning 20 mart kuni o‘tkazilishi ko‘zda tutilayotgan bayram tadbirida kombinat tarkibiy bo‘linmalari har yilgi an'anaga ko‘ra, yurtimiz hududlarining milliy qadriyatlari va urf-odatlari aks ettirilgan ko‘rgazmalarni tashkil etishadi.
Shu kuni “Metallurg” madaniyat saroyi hovlisidan boshlanadigan bayram tadbirlari “Yoshlar bog‘i”da milliy sport musobaqalari, qadimiy urf-odatlarimiz ko‘rgazmasi, turli tanlovlar, teatrlashtirilgan sahna ko‘rinishlari, musiqiy ko‘ngilochar dasturlar namoyishlari hamda sumalak, palov, ko‘k somsa, chuchvara va boshqa milliy taomlarni tayyorlash bo‘yicha musobaqalar bilan davom etadi.
Bundan tashqari, “Yashil makon” umummilliy loyihasining faol ishtirokchilari ham bayram shodiyonalari davomida taqdirlanadilar.
Shuningdek, ijtimoiy himoyaga muhtoj kekcalar, pensionerlar va nogironligi bo‘lgan shaxslar, yolg‘iz qariyalar, kam ta'minlangan, boquvchisini yo‘qotgan oilalarning uy-joylarida xayriya hasharlari tashkil etiladi.
Bayram munosabati bilan shahrimizda istiqomat qilib kelayotgan ikkinchi jahon urushi qatnashchilari, urush orti mehnat frontida xizmat qilganlar, Afg‘on urushi nogironlari hamda Chernobil AES falokatini bartaraf etishda ishtirok etgan faxriylarga oziq-ovqat jamlamalari va pul mukofotlari topshirilishi ham buyruqda o‘z aksini topgan.
Ikkinchi jahon urushi, mehnat fronti qatnashchilariga va kombinat mehnat faxriylariga bayramona dasturxon yozilib, konsert dasturi namoyish etiladi.
Shuningdek, ayyom munosabati bilan kombinat tarkibiy bo‘linmalariga biriktirilgan ixtisoslashtirilgan muassasalarda ham bayram dasturxoni yozilib, homiylik yordamlari ko‘rsatiladi.
Axborot xizmati