Call-markaz
(+998 78) 141-90-99Ishonch telefoni
(+998 70) 619-23-33Tabassum yarashar ayol yuziga,
Quloq tuting gar g‘am cheksa ohiga,
Ayolni qadrlang, ayolni asrang,
Aslo ozor bermang ayol zotiga....
2022-yil 3-mart kuni Angren shahridagi “Afsona” tantanalar majmuasida “Olmaliq KMK” AJ xotin-qizlar o‘rtasida ma'naviy-ma'rifiy va etika-estetika targ‘ibotni rivojlantirish maqsadida “Olamni mehrga to‘ldirgan ayol” deb nomlangan tadbir tashkil etildi.
Tadbirda Angren kon boshqarmasi, Angren quvur zavodi, “Shaxtaqurilish” boshqarmasida mehnat qilayotgan xotin-qizlar hamda kombinat tarkibiy bo‘linmalarida faoliyat yuritib kelayotgan xotin-qizlar masalalari bo‘yicha komissiya raislari ishtirok etishdi.
Tadbir avvalida O‘zbekiston qahramoni, mehnat faxriysi Saydali Rahmanov, O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining Xotin-qizlar va gender tenglik masalalari qo‘mitasi raisi o‘rinbosari Mahmudjon Parpiyev, Mahalla va oila ilmiy tadqiqot instituti direktori o‘rinbosari, Oliy Majlis Senati ekspert a'zosi Oynisa Musurmonova va OKMK xodimlari Kasaba uyushmasi Kengashi raisi Abdurashid Haydarov munis ayollarni bayram bilan qutlashdi.
Bu olam mehriga eng loyiq kimsa,
Kim deya gohida savol bo‘ladi,
Jannat onalarning poyida bo‘lsa,
Dunyoning azizi ayol bo‘ladi,
deya O‘zbekiston yozuvchilar uyushmasi a'zosi, shoir Mirzo Karim o‘z ijodiga mansub bo‘lgan misralar bilan aziz va mo‘'tabar ayollarimizni madh etib, samimiy muborakbod etdi.
Bir dasturxon atrofida tashkil etilgan tadbirda “Shans” badiiy raqs ansambli raqqossalari ijrosidagi joizibali raqslar, “Ideal shou” guruhi ijodkorlarining ajoyib taronalari barchaga xushkayfiyat bag‘ishladi.
Tadbir davomida kombinat xodimlari kasaba uyushmasi Kengashi bosh psixologi Viloyat Davletova so‘z olib, ayolning jamiyatda tutgan o‘rni, oiladagi vazifasi haqida to‘xtalar ekan, bularning har birining o‘ziga yarasha yuki, xizmati va ma'suliyati borligini ta'kidladi. Zamonaviy ayol bo‘lish uchun shaxsiy “men”ni rivojlantirish dolzarb masala ekanligini ma'lum qildi.
Ishchi-xodimlar tomonidan tayyorlangan sahna ko‘rinishi olqishlarga sazovor bo‘ldi.
Shuningdek, OKMK xodimlari kasaba uyushmasi Kengashi tomonidan tashkil etilgan bayram tadbirida 8 mart – Xalqaro xotin-qizlar kuni munosabati bilan ayollarga esdalik sovg‘alari tuhfa etildi.
OKMK Axborot xizmati