• Call-markaz

    (+998 78) 141-90-99
  • Ishonch telefoni

    (+998 70) 619-23-33
Рус O'z En
Ishonch telefoni
Qayta bog'lanish

Olmaliq tajribalari yuqori baholandi

08 Iyul 2024, 9:30 688

Ma’lumki, deputatlik xalqning katta ishonchi va mas’uliyat. Ammo deputatlik kasb emas, mansab emas va uning alohida maktabi yo‘q. Deputatlar turli sohalarda mehnat faoliyatini olib borayotgan, ma’lum hududdan saylangan xalq vakili bo‘lib, saylovchilari nomidan davlat hokimiyat organlariga masala va muammolarni yetkazadi, dastur va qarorlar qabul qilish jarayonida faol qatnashadi.

Bundan tashqari, yana ko‘plab vazifa va vakolatlarga ega. Bu shaxs saylangandan keyin xalqqa vakili bo‘lishning sir-asrorlarini, muammolarni hal qilishning mexanizmlarini, jamiyatning turli sohalari boshqaruvini o‘rganishi, tegishli qonunlarni o‘qib, tahlil qila olishi, takliflar va tashabbuslar bilan chiqishni bilishi, fikrini keng jamoatchilikka va mas’ulllarga samarali yo‘llar bilan yekaza olish ko‘nikmalarini o‘zida shakllantirishi kerak.

Bu jamoatchilik asosida ishlaydigan, qo‘shimcha maosh olmay turib, o‘zining kasbi bilan birgalikda shu katta mas’uliyatni bajaradigan insondan fidoiylikni talab qiladi. Bu jarayonda deputatlar o‘zaro bilim va tajriba almashishga, yutuqlari bilan o‘rtoqlashishga, kamchiliklarini uslubiy tavsiyalar bilan bartaraf etishga ehtiyoj sezadilar. Bu borada Xalq deputatlari mahalliy Kengashlarining kotibiyatlari tashkil etilganligi juda katta ahamiyatga ega bo‘ldi va o‘z samarasini berdi.

O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati tashabbusi bilan viloyatlar o‘rtasida deputatlar va Kengash kotibiyatlarining o‘zaro tajriba almashish maqsadida tashriflar tashkil etilmoqda. Bunda boshqa bir viloyat vakillari hududlardagi eng namunali, o‘rganish uchun arzirli tashabbus va tajribalari bor bo‘lgan tuman va shaharlarga tashrif buyurib fikrlashib, tajriba olmoqdalar. Xalq deputatlari Sirdaryo viloyati Kengashi, shahar va tumanlar deputatlari va Kengashlar kotibiyatlari mudirlaridan iborat 26 nafar xalq vakillari Toshkent viloyatiga tashrif buyurdilar.

Joriy yilning 3-5-iyul kunlari davom etgan tashrifning birinchi kunida mehmonlar Olmaliq shahar Kengashi deputatlari va Kengash kotibiyati faoliyati bilan yaqindan tanishishdi.

Mehmonlar shahar hokimligi binosida shahar hokimining birinchi o‘rinbosari Shermuhammad Begiyev, Xalq deputatlari Olmaliq shahar Kengashi kotibiyati mudiri Ergash Abdurayimov, deputatlar, Kengash huzuridagi “Yoshlar Parlamenti vakillari maktabi” a’zolari tomonidan iliq kutib olindi.

Xalq deputatlari shahar Kengashi majlislar zalida uchrashuv bo‘lib o‘tdi. Dastlab Sh.Begiyev mehmonlarga shahrimiz haqida qisqacha ma’lumot berib o‘tdi.

Shundan so‘ng, Xalq deputatlari shahar Kengashi kotibiyati mudiri Ergash Abdurayimov boshchiligida deputatlar va Yoshlar parlamenti vakillari maktabi a’zolari tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Kengashining “Mahallalardagi muammolarni hal etishda xalq deputatlari mahalliy Kengashlari deputatlari va senatorlarning “Mahalla yettiligi” bilan o‘zaro hamkorligini yo‘lga qo‘yish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarorining Olmaliq shaharidagi ijrosi to‘g‘risida, Kengash huzuridagi “Yoshlar parlamenti vakillari maktabi” faoliyati hamda deputatlik faoliyati sarhisobiga tayyorgarlik taqdimot qilindi.

Deputatlarimizning mazkur uchta yo‘nalishdagi ishlari mehmonlar tomonidan yuqori baholandi va e’tirof etildi.

Shunigdek, mehmonlar “Olmaliq KMK” AJ ga qarashli “Metallurg” madaniyat saroyi, komninat muzeyi, Qalmoqqir koni, 3-mis boyitish fabrikasining qurilishi bilan ham yaqindan tanishish imkoniyatiga ega bo‘ldilar.

Kun yakunida ham shahrimizda bo‘lgan mehmonlar, 4-iyul kuni tongda navbatdagi manzillarga kuzatib qo‘yildi.

Mehmonlar tomonidan shahrimizning deputatlari faoliyati, ijro hokimiyati bilan hamkorligi, “Olmaliq KMK” AJ va jamiyatning boshqa barcha sohalarda olib borilayotgan ishlar yuksak baholandi.

Xalq deputatlari Olmaliq shahar Kengashi kotibiyati

Bo`lishmoq:
Text to speech