• Ishonch telefoni

    (+998 70) 619-23-33
Рус O'z En
Ishonch telefoni
Qayta bog'lanish

Ona tili - millatning ruhi

21 Oktyabr 2022, 8:44 1395

...So‘zi qudratli, sirli,

Ham go‘zal, ham sehrli,

Go‘yoki tirik jondek,

Muhabbatli, mehrli,

Go‘zal jonona tilim,

Asl durdona tilim...

Joriy yilning 20-oktabr kuni “Metallurg” MSda tashkil etilgan ma'naviy-ma'rifiy tadbir shoirning ona tilimizning madh etuvchi ushbu misralari bilan  boshlandi.

21-oktabr – O‘zbek tiliga davlat maqomi berilganligining 33 yilligi hamda O‘zbek tili bayrami kuni munosabati kombinat ishchi-xodimlari uchun “Qadring baland bo‘lsin – ona tilim” shiori ostida “Ona tilim  - millat ruhi” deb nomlangan tadbir o‘tkazildi.

Unda kombinat yoshlari, kasaba uyushmasi faollari, shahrimizdagi kollejlar o‘quvchilari, MTTU MISiS hamda Toshkent davlat texnika universiteti Olmaliq filiallarining talabalari ishtirok etishdi.

Tadbirda “Kamalak” havaskorlik drama to‘garagi a'zolari ona tilimizning tarixi va bugunini aks ettiruvchi kompozision sahna ko‘rinishini namoyish etishdi.

So‘ngra, OKMK bosh muhandisining ilm-fan bo‘yicha o‘rinbosari, taniqli olim, akademik Abdurashid Hasanov o‘zbek tilining boy tarixi haqida ma'lumot berib o‘tdi. 

Shuningdek, A.Hasanov tomonidan yaqinda nashrdan chiqqan “Ruscha-o‘zbekcha kon-metallurgiya atamalari izohli lug‘ati”ning ikkinchi qismini taqdimotini o‘tkazdi. Mazkur kitobni yaratilishida faol ishtirok etgan bir guruh ijodkorlar ham e'tirof etilib, ularga qimmatbaho sovg‘alar taqdim etildi.

Tadbir davomida OKMK xodimlari kasaba uyushmasi Kengashi, Yoshlar ittifoqi hamda Axborot xizmati tomonidan tashkil etilgan “Tilga e'tibor” viktorinasi, “Eng yaxshi she'r”, “Eng yaxshi maqola”, “Eng yaxshi fleshmob” kabi tanlovlarning g‘oliblari ham rag‘batlantirildi.

Jumladan, “Tilga e'tibor” viktorinasi g‘olibi sifatida Ishlab chiqarishni avtomatlashtirish boshqarmasi xodimi Abror Zokirov e'tirof etildi. 2-o‘rinni Mis boyitish fabrikasi kasaba uyushmasi qo‘mitasi raisi Ulug‘bek Alimov egalladi. Texnologik transport boshqarmasining transport vositalardan foydalanish bo‘yicha boshliq o‘rinbosari Bahrom Niyazmetov 3-o‘ringa loyiq ko‘rildi.

“Eng yaxshi maqola” nominasiyasi g‘olibi “Yoshlik-1” koni burg‘ulash uskunasi mashinist yordamchisi Shahzod G‘ulomov bo‘ldi. Ushbu yo‘nalishda 34-MTT musiqa rahbari Anora Abdurahmonova ham rag‘batlantirildi.

“Eng yaxshi she'r” nominatsiyasida Holmo‘min Suvonov (“Jizzax sement plant” MChJ Tog‘-kon sexi marksheyderlik ishlari ishchisi), 2-o‘rin: Bunyod Xudoyberdiev(MTMZ Ta'mir-mexanika uchastkasi (RMU) tokari), Sirojiddin Saylodinov(Texnologik transport boshqarmasi ta'mirlash bo‘yicha mexanigi)lar sovrindor bo‘lishdi.

“Eng yaxshi tabrik” (fleshmob) nominatsiyasida esa Idoraviy harbiylashtirilgan qo‘riqlash xizmat jamoasi g‘olib, deb topildi.

Shuningdek, “Zakovat” intellektual o‘yinida 1-o‘rinni egallagan Mis boyitish fabrikasining “Legion” jamoasi 1 mln so‘m pul mukofoti bilan taqdirlandi. Ishlab chiqarishni avtomatlashtirish boshqarmasi jamoasi 2-o‘ringa munosib ko‘rilib, 800 000 so‘m pul mukofotiga ega bo‘ldi. Olmaliq shahri yoshlaridan tashkil topgan “Parvoz” jamoasiga 3-o‘rin nasib etdi va ularga 600 000 so‘m pul mukofoti topshirildi.

“Eng yaxshi targ‘ibotchi” nominatsiyasi bo‘yicha g‘olib taqdirlandi.

“Metallurg” MS badiiy jamoalari tomonidan tayyorlangan konsert dasturi barchaga bayramona kayfiyat ulashdi.

 Axborot xizmati

Bo`lishmoq:
Text to speech