• Call-markaz

    (+998 78) 141-90-99
  • Ishonch telefoni

    (+998 70) 619-23-33
Рус O'z En
Ishonch telefoni
Qayta bog'lanish

O‘quv kursi yakunlandi

10 Fevral 2023, 12:32 819

“Olmaliq KMK” AJda kadrlar malakasini oshirish va qayta tayyorlash to‘g‘risidagi” Nizomga muvofiq, Markaziy ta'mirlash mexanika zavodining bir guruh ishchilari 2023-yilning dastlabki oyida yuklovchi, yuk ko‘tarish mexanizmlarini yerdan turib boshqariladigan ishlarni bajarish huquqini beruvchi yordamchi kasbiga o‘qitildi va kurs yakunida bilimlar sinovdan o‘tkazilib, ularga tegishli guvohnomalar topshirildi.

Ommaviy yuklarni yuk ko‘tarish kranlari va mexanizmlari yordamida harakatga keltirish, ko‘tarish va tushirish ishlari har qanday ishlab chiqarish uchastkalari faoliyatida muntazam ravishda amalga oshirib kelinadi. Yuklovchilar xo‘jalik va texnologik yuklarni harakatlantirib borar ekan, kran mashinistlari bilan hamkorlikda ish olib borishadi. Yuklarni harakatlantirish bosqichlarida yo‘l qo‘yilgan xatoliklar moddiy boyliklar talofatlanishi, mexanizasiya vositalari ishdan chiqishiga olib kelishi bilan birga inson hayoti va salomatligiga xavf solishi mumkin. Ana shu jihatlar e'tiborga olingan holda kombinat bo‘linmalarida mehnat qilayotgan asosiy kasb egalarini ikkinchi, ya'ni yordamchi yuklovchilik kasbiga tasdiqlangan maxsus dasturlar asosida o‘qitish yo‘lga qo‘yilgan. Shu maqsadda Markaziy ta'mirlash mexanika zavodi sex va uchastkalarining bir guruh ishchilari uchun ham ana shunday o‘quv kursi tashkil qilindi. O‘quv kursi korxonaning mehnat muhofazasi va xavfsizlik texnikasi bo‘limi boshlig‘i Rustam Ahmedov tomonidan olib borilib, tinglovchilar 60 soatlik nazariy hamda 52 soatdan iborat amaliy mashg‘ulotlarni o‘tashdi. Tinglovchilarga amaliy mashg‘ulotlar zavod mutaxassislari va yuklash kasbi bo‘yicha ko‘p yillik tajribaga ega mutaxassislar tomonidan olib borildi.

Nazariy va amaliy mashg‘ulotlar davomida yuk ko‘tarish mashina va mexanizmlarining tuzilishi, mo‘ljallanishi, yuklarni qamrab olish vositalariga qo‘yiladigan talablar, materiallar, mahsulotlar, uskunalarning o‘lchamlari va joylashtirilishi, materiallar, mahsulotlar joylashtiriladigan maydonlarning tayyorlanishi, yuklarni mustahkam belgilangan o‘lchamlarga muvofiq holda saranjomlashning talab va qoidalari chuqur o‘rgatib borildi. Bundan tashqari, yuk ko‘tarish mashinalari(tel'fer)ning alohida detallari va qismlari, tugmali boshqaruv korpusining himoyaviy yerga ulagichlari, po‘lat sim arqoni va uning barabanga o‘ralishi holati, yaroqsizlikka chiqarilish normalari, kryukning holati hamda yuklarni ortish-tushirish qoidalariga doir qoidalar va talablar bilan kurs tinglovchilari tanishtirildi. Va ularning MTMZning kasab-malaka komissiyasi imtihonlaridan o‘tkazilishi davomida olingan nazariy va amaliy bilimlari mustahkamlandi.

Kurs bitiruvchilariga guvohnomalarni topshirar ekan, korxona bosh muhandisi Shavkat Mengliqulov jamoa oldida turgan vazifalarga to‘xtatilib o‘tib, ishlab chiqarish va texnologik jarayonlar izchil olib borilishi, yuklarni ortish-tushirib olish operatsiyalarining sifati va tezkorligi mavjud uskuna va jihozlarning ishchanlik qobiliyatini oshirish, barcha turlardagi ta'mirlar sifatini ta'minlashda muhim omil ekanligini ta'kidladi. Ishchilarga mas'uliyatli vazifalarini sharaf bilan uddalashlariga ishonch bildirib o‘tdi.

Ayni kunlarda O‘quv markazi va kombinat bo‘linmalari bilan hamkorlikda ishchilarning malakasini oshirish, ularni kasb-hunarga qayta tayyorlash, ikkinchi va yordamchi mutaxassisliklrni o‘zlashtirish, muhandis-texnik xodimlarning malakasini oshirish va qayta tayyorlash yo‘nalishida belgilab olingan vazifalar izchil bajarib borilmoqda. Belgilangan rejaga asosan, 2023-yil davomida 9500 nafardan ortiq xodimlarni qayta tayyorlash va malakasini oshirish ko‘zda tutilgan.

G‘ayrat SALIMBOYEV,

O‘quv markazi ishlab chiqarish

ta'lim katta ustasi

Bo`lishmoq:
Text to speech