• Call-markaz

    (+998 78) 141-90-99
  • Ishonch telefoni

    (+998 70) 619-23-33
Рус O'z En
Ishonch telefoni
Qayta bog'lanish

O‘quv markazi: faoliyat samaradorligi

26 Fevral 2022, 9:6 1054

Zamon va davr talabiga mos keladigan bir necha loyihalarni amalga oshirishda Olmaliq kon-metallurgiya kombinati miqyosida tashabbus ko‘rsatib kelayotgan O‘quv markazi faoliyati diqqatga sazovordir. Kombinatda xodimlar malakasini oshirish va qayta tayyorlash, yangi ishga qabul qilingan ishchi-xodimlarni qayta tayyorlash, mehnatkashlarning nazariy va amaliy bilimlarini, mahoratlarini, ishlab chiqarish samaradorligi hamda ishlar sifatini oshirishni ta'minlaydigan tashkiliy, uslubiy va boshqa tadbirlarni amalga oshirish kabi vazifalar ish mohiyatining asosini tashkil qilgani holda O‘quv markazi yangi loyihalarni amaliyotga tatbiq etib kelmoqda.

Sohadagi yangiliklar bilan taninish maqsadida O‘quv markazi kadrlar tayyorlash va qayta tayyorlash bo‘limi boshlig‘i o‘rinbosari Shahzod O‘rolboyev bilan hamsuhbat bo‘ldik.

- Intervyu avvalida O‘quv markazining bugungi kundagi faoliyatiga, sohadagi yangiliklarga batafsil to‘xtalib o‘tsangiz.

- Bilasiz, Davlatimiz rahbari shahrimizga tashrif buyurganlarida 3-Mis boyitish fabrikasi va “Yoshlik I” konlarining bugungi kundagi faoliyati hamda jabhadagi keng ko‘lamli islohotlar bilan tanishdi. Tashrif davomida Prezidentimiz kombinat uchun kadrlar tayyorlashni alohida vazifa sifatida ta'kidlab o‘tdi. Aynan shu masala bizning kelgusidagi faoliyatimiz bilan bevosita bog‘liq jarayonlar ekanligini alohida ta'kidlab o‘tish joiz, deb bilaman.

O‘quv markazi 2022-yil uchun kadrlarni tayyorlash borasida yuksak marralarni o‘z oldiga qo‘ygan. Jumladan, yil boshida MTTU “MISiS”ning Olmaliq filiali bilan hamkorlikda Mis sanoati klasterini tashkil qilish chora- tadbirlari bo‘yicha kon ishi va metallurgiya yo‘nalishlarida malaka oshirish kurslari tashkil qilindi. O‘quv markazi va Janubiy Koreya davlatining Toshkent shahridagi INHA hamda ADJU universitetlari bilan memorandum tuzildi. Memorandumda asosiy vazifa etib “Olmaliq KMK” AJ xodimlari uchun elektrotexnika va kompyuter muhandisligi yo‘nalishida qisqa muddatli o‘quv kurslarini tashkil qilish, arxitektura va qurilish muhandisligi yo‘nalishida seminar-treninglarni o‘tkazish, xorijiy tillarni intensiv o‘rgatish o‘quv kurslarini tashkil qilish masalalari, kombinat faoliyatini raqamlashtirish, yangi ob'ektlarining loyihalashtirish ishlarida universitet olimlarining tavsiyalarini ishlab chiqish, talabalarni 2-kursdan boshlab yozgi ta'til davomida kombinatning tegishli muayyan tashkilotlari va korxonalarida malakaviy amaliyotlarini o‘tkazilishini ta'minlash va istiqbolda kadrlar tayyorlashga buyurtmalarini shakllantirish bo‘yicha keng qamrovli ishlarni amalga oshirish belgilangan.

Shu bilan bir qatorda yangi tashkil etilgan Geologiya fanlari universiteti bilan ayni vaqtda memorandum tuzish bo‘yicha muzokaralar olib borilmoqda.

- Ma'lumki, kombinat rahbar- xodimlarida “Korporativ boshqaruv” malakalarini shakllantirish maqsadida Toshkent shahridagi Biznes va tadbirkorlik oliy maktabi bilan tizimli hamkorlik yo‘lga qo‘yilgan. Hamkorlik natijalari qanday bo‘lmoqda?

- Hamkorlikdagi ishlarning samarali natijasi sifatida bugungi kungacha 27 nafar rahbar- xodimlarning malakasi oshirilib, imtihonlardan ijobiy baholarga o‘tgan holda sertifikatlarga ega bo‘lishdi.

Mis eritish zavodi direksiyasi xodimlarining “Loyiha boshqaruvi” yo‘nalishida malakasini oshirish yo‘lida kombinat miqyosidagi malakali mutaxassislar ishtirokida o‘quv darslari tashkil etildi. Bundan tashqari, kombinat boshqaruvi raisining “Kadrlar malakasini oshirish va qayta tayyorlash tizimini takomillashtirish to‘g‘risida”gi buyrug‘i ijrosini ta'minlash maqsadida kombinat tarkibiy bo‘linmalarining o‘quv xonalarini zamon talablari darajasida tashkil etish, kasbiy ta'limga oid jihozlar bilan ta'minlash ishlari, shuningdek, korxonalardagi mavjud o‘quv dasturlarini ishlab chiqarish texnologiyalaridagi o‘zgarishlar va yangiliklarni inobatga olgan holda qayta ko‘rib chiqib, qo‘shimcha va o‘zgartirishlar kiritish, asosiysi lotin tiliga o‘tkazish ishlari olib borilmoqda.

- Darhaqiqat, yil O‘quv markazi uchun yangi loyihalar bilan boshlandi. Xususan, ADJU universiteti bilan yo‘lga qo‘yilgan hamkorlik munosabatlari haqida fikr bildirishimiz mumkin. Mazkur munosabatlar kombinat uchun nechog‘li ahamiyatga ega deb bilasiz?

- Yil boshidan kombin at boshqaruvi raisi o‘rinbosarlari va Ijro apparati bo‘lim rahbarlari uchun ADJU universiteti bilan hamkorlikda ingliz tilining bir necha bosqichlarida kurslar tashkil etdik. Mazkur loyiha nafaqat rahbar- kadrlar o‘rtasida, balki kombinat ishchi-xodimlari uchun ham bosqichma- bosqich tashkil etilishi kutilmoqda. ADJU universiteti bilan yo‘lga qo‘yilgan ushbu hamkorlik aloqalari yana yangi va zamonaviy bosqichlarda davom etgani holda kadrlar salohiyatining jahon andozalariga mos ravishda yuksalishiga o‘zining munosib hissasini qo‘shishiga ishonaman.

- Batafsil ma'lumotlar uchun rahmat. Yangi marralar sari ildam qadamlar tashlab borayotgan O‘quv markazi jamoasining ishlariga rivoj tilayman.

- Rahmat, salomat bo‘ling.

Suhbatdosh Dilafro‘z EGAMBERDIYEVA

Bo`lishmoq:
Text to speech