"Olmaliq kon-metallurgiya kombinati" aksiyadorlik jamiyati
Call-markaz
+998 78 141 90 09Ishonch telefoni
+998 71 619 23 33Call-markaz
+998 78 141 90 09Ishonch telefoni
+998 71 619 23 33“Olmaliq kon-metallurgiya kombinati” AJda ishchi-xodimlar o‘rtasida sog‘lom muhitni mustahkamlash va salbiy illatlarning oldini olishga qaratilgan tizimli ishlar izchil davom ettirilmoqda. Xususan, kombinatda onlayn qimorbozlik va kiberjinoyatchilikka qarshi kurashish maqsadida e’lon qilingan “Dolzarb 40 kunlik” chora-tadbirlar rejasi doirasida navbatdagi profilaktik tadbir joriy yilning 26-avgust kuni “Xonjiza” kon boshqarmasida tashkil etildi.
Tadbirda Sariosiyo tumani “Abdurahmon Hoji-ota” jome masjidi imom-xatibi O.Gulaxmedov, “Imom Nizomiddin Sangardakiy” jome masjidi imom-xatibi N.Mannonov, Denov tumani Milliy bank Amaliyot bo‘limi boshlig‘i A.Jumayev hamda huquq-tartibot idoralari xodimlari ishtirok etishdi.
Yig‘ilishda so‘z olgan “Xonjiza” kon boshqarmasi direktori B.Xo‘jamuratov jamoada sog‘lom ish muhitini mustahkamlash, xodimlarning moliyaviy va huquqiy madaniyatini yuksaltirish bosh vazifa ekanligini ta’kidladi. Ayniqsa, bugungi texnologiyalar rivojlangan davrda onlayn qimor o‘yinlari, kiberfiribgarlik va turli axborot xurujlaridan himoyalanish uchun har bir xodimdan shaxsiy mas’uliyat va yuqori ehtiyotkorlik talab etilishi qayd etildi.
Shuningdek, bankdan olinayotgan kredit mablag‘laridan oqilona va oila byudjetini to‘g‘ri rejalashtirgan holda foydalanish lozimligi uqtirildi. Tadbir davomida ish joyida mehnat intizomi, diniy bag‘rikenglik, o‘zaro hurmat tamoyillarini qadrlash hamda inson hayotiga qasd qilish kabi mudhish holatlarning oldini olishda psixologik barqarorlikning ahamiyati tushuntirildi.
Davra suhbatida O.Gulaxmedov so‘zga chiqib, yig‘ilganlarga halol mehnat qilish, o‘zgalar haqqiga xiyonat qilmaslik va to‘g‘ri hayot kechirishning inson ma’naviyatidagi o‘rni haqida to‘xtalib o‘tdi. Imom-xatib o‘z ma’ruzasida muqaddas manbalarga tayanib: “Mol-dunyolaringizni oralaringizda nohaq – harom yo‘llar bilan yemangiz!” deya ta’kidladi va firibgarlik, onlayn qimor hamda poraxo‘rlik kabi illatlar nafaqat qonunga zid, balki oilalar boshiga og‘ir kulfatlar soluvchi, inson kelajagini barbod qiluvchi ulkan gunoh ekanligini ta’kdiladi. U xodimlarni shukronalik bilan yashashga, halol rizq orqasidan oila tebratishga va bunday harom amallardan qat’iy uzoq bo‘lishga chaqirdi.
Tadbirga taklif etilgan bank mutaxassisi A.Jumayev virtual makondagi xavflar, xususan, noma’lum manbalardan keluvchi zararli APK fayllarni telefonlarga o‘rnatmaslik va bank kartalarining maxfiy kodlarini begona shaxslarga bermaslik haqida hayotiy misollar keltirdi.
IIB xodimi R.Urunov esa korxona mulkini asrash, o‘g‘irlik va boshqa huquqbuzarliklarning oldini olish, bu boradagi qonuniy javobgarlik masalalariga to‘xtalib o‘tdi.
Xulosa o‘rnida aytish joizki, har qanday salbiy illat va xavf-xatarning oldini olish uning oqibatlarini bartaraf etishdan ko‘ra bir necha barobar osonroqdir. Bu kabi tizimli va ochiq muloqot ruhidagi profilaktik uchrashuvlar kombinatimiz ishchi-xodimlarining huquqiy savodxonligini yuksaltirish bilan bir qatorda, ularni virtual va real hayotdagi tahdidlardan asrashda, oilaviy farovonlik va ish joyida xavfsiz muhitni ta’minlashda muhim poydevor bo‘lib xizmat qiladi.
Dilmurod Qosimov,
Xonjiza kon boshqarmasi yoshlar ittifoqi raisi