Call-markaz
(+998 78) 141-90-99Ishonch telefoni
(+998 70) 619-23-33Har bir mamlakat, shaharning o‘z ramzi bo‘ladi. Eyfel minorasi Parijning ko‘rki, Registon maydoni qo‘hna Samaraqandning tarixidan rivoyatlar aytadi.
Yuqoridagi kabi har bir mehnat jabhasining ham o‘z ramzlari bo‘ladi.
Olmaliq kon-metallurgiya kombinati Markaziy ta'mirlash-mexanika zavodidagi har bir sex va uchastkalar o‘zining ramziy mahsulotlari va faxr-iftixori bo‘lgan insonlariga ega. Ma'lum bir masala yechimi aynan ana shunday insonlar qo‘lida bo‘ladi.
Temirchilik-payvandlash sexi Kimyoviy himoya uchastkasi boshlig‘i Abdumajit Samatov bilan har gal uchrashganimda negadir hayolimdan - zamindagi jamiki go‘zal narsalar - oftobdan va barcha yaxshi narsalar - insondan, degan fikr o‘taveradi.
Mehnat faoliyatining dastlabki besh yilini Qalmoqqir kon boshqarmasida o‘tkazgan Abdumajit Ergashevich o‘z taqdirini Temirchilik-payvandlash sexi bilan bog‘laganiga hademay qirq yil bo‘ladi. Hech bir kishi keragicha shakllangan holda dunyoga kelmaydi, lekin uning butun hayoti to‘xtovsiz harakatdagi taraqqiyot, doimiy shakllanishlardan iborat bo‘ladi. O‘z yo‘lini topish, o‘z o‘rnini bilish - inson uchun eng muhim jihat, bu insonning o‘zligini tanishi va maqsadlari sari qadamlari hamohangligi hosilasi hamdir. Oddiy chilangarlikdan boshlab mansab pillapoyalarini bosqichma-bosqich bosib o‘tar ekan, qahramonimiz Toshkent davlat politexnika institutida kechki ta'lim olishga ham muvaffaq bo‘ldi. Aslida insonning yoshi uning egallagan lavozimlari rasmiy hujjatlarida qayd etilgan bitiklarga bog‘liq emas. Kimdir qirq yoshidayoq salobatli va nuroniy qiyofaga kirsa, ba'zilar ellik-oltmishida ham “qirchillama” yigitdek shaxdam bo‘lishadi. Qisqasi, odam tashqi ko‘rinishidan qanday bo‘lsa - yoshi ham shunday, deyish mumkin! Abdumajid Samatovdagi g‘ayrat va shaxdamlik, yaratuvchanlik yo‘lidagi tashabusskorlik va intilishni hammada ham uchratavermaysiz.
Rezina-texnika mahsulotlarini tayyorlash va gumirovkalash uchastkasiga A.Samatovning rahbar etib tayinlanganidan keyin o‘tgan olti yil davomida bu yerda e'tiborga molik ishlar amalga oshirib borildi. Dastlab, uchastkaga xom ashyo sifatida keltirilayotgan rezina mahsulotlarining sifat ko‘rsatkichlarini aniqlash maqsadida doimiy tahlillar olinishi yo‘lga qo‘yildi. Ko‘p o‘tmay, sexdagi PD-1530 model uzatmali ikki valli valslar ishi takomillashtirildi. 250, 600, P-1250, P-5041 press markali vulkanizatsiyali gidravlik presslarning ekspluatatsiya qilinishi bosqichliklariga o‘zgartirishlar kiritilib, ularga texnik xizmat ko‘rsatish ishlari tartibga solindi. Eng asosiysi, zamonaviy dastgohlar bilan qurollangan yangi ish uchastkalari tashkil etildi. Rezinalarni eritib, mahsulotlarni qoliplarga quyuvchi avtomatlashtirilgan termoplastik dastgohi, 1250 gidravlik press kabi dastgohlar ishlab chiqarishga joriy etila boshlandi. Quyish sexi uchun bir martalik andozalarni penoplastika mahsulotlaridan tayyorlab berish yo‘lga qo‘yilishi evaziga korxona mahsulotlari assortimenti oshirilishiga muvaffaq bo‘lindi. Ayni kunga kelib kimyoviy himoya uchastkasi tomonidan 27 xil nomdagi doimiy assortimentdagi rezina-texnika mahsulotlari ishlab chiqarilmoqda. Kombinat korxonalarining rezinali himoya ehtiyot va butlovchi qismlariga bo‘lgan ehtiyojini to‘liq qoplash maqsadida har oyda 16 tonnadan ziyod mahsulotlar o‘z iste'molchilariga uzluksiz jo‘natib borilmoqda.
“Olmaliq KMK” AJning 75 yilligi munosabati bilan mamlakatimizning iqtisodiy qudratini yuksaltirish, kon-metallurgiya sanoatini ilg‘or texnologiyalar va zamonaviy ilm-fan yutuqlari asosida rivojlantirish, ishlab chiqarish barqarorligini ta'minlash, eksport salohiyatini oshirishga qo‘shgan munosib hissasi, strategik ahamiyatga ega bo‘lgan mineral boyliklarni samarali o‘zlashtirish, xalqaro andozalarga mos yangi korxonalarni tashkil etish borasidagi katta xizmatlari, ko‘p millatli mehnat jamoasida do‘stlik va hamjihatlikni mustahkamlash, yuqori malakali kadrlarni tayyorlash yo‘lidagi ibratli faoliyati uchun Prezidentimiz farmoniga ko‘ra taqdirlanganlar safida Abdumajit Samatov ham bor. Shu kunga qadar 2- va 3-darajali “Konchilik shuhrati”, kombinat “Mehnat faxriysi” ko‘krak nishonlari bilan taqdirlangan Abdumajit Samatov ko‘ksini endilikda “Shuhrat” medali ham bezab turadi. Bu mukofot OKMK, xususan MTMZda olib borilayotgan aniq manzilli va oqilona yondashuv asosida olib borilayotgan ishlar uchun e'tirof hamdir.
Hasan ABDULLAYEV