Call-markaz
(+998 78) 141-90-99Ishonch telefoni
(+998 70) 619-23-33O‘zbek futbolining afsonalaridan biri Igor Anatolyevich Shkvirin qutlug‘ 60 yoshni qarshi olmoqda.
Murabbiylik faoliyati davomida OKMK futbol klubini ham boshqargan Igor Anatolyevichning faoliyatiga nazar solamiz.
Asosan hujumchi ampluasida to‘p surgan qahramonimiz futbolchilik faoliyatini 1980-yili “Yangiyer” jamoasida boshlaydi. 1983-yili esa “Paxtakor” jamoasi safiga qo‘shiladi. 1986-1987 yillar Lvovning SKA klubi a'zosi, 1988-89 yillar Dnepopetrovskning “Dnepr” jamoasida to‘p suradi. 1990-yili Paxtakor safiga qaytgan qahramonimiz 1 yildan keyin Vladikavkazning “Spartak” jamoasi tarkibida to‘p tepadi. 1992-yil ikkinchi yarmida xorijiy klublar varianti ko‘rib chiqiladi. Dastlab, Avstriyaning “Forverts” klubi bilan muzokaralar olib borilib, natija bo‘lmaydi. Natijada shartnoma shartlari bo‘yicha har ikki tomon kelisha olmaydi. “Lokerene” ko‘rigi ham muvaffaqiyatsiz yakunlanadi. Oradan bir necha kunlar o‘tib, Gollandiyada Tel-Avivning “Makkabi” jamoasi tarkibida nazorat uchrashuvida ishtirok etadi. O‘sha paytdagi jamoa murabbiyi Avraam Grant Igorning imkoniyatlarini yuqori baholaganini alohida ta'kidlash joiz. Grant Tel-Avivning yana bir jamoasi “Xapoel”ga shaxsan o‘zi Igorni tavsiya qiladi. 1992-yilda “Xapoel” tarkibida maydonga tushgan Igor murabbiy bilan turlicha qarashlarga ega bo‘lib, ikkinchi davrada murabbiy ishdan ketadi. Shkvirin esa mavsumda 13ta to‘p kiritadi. Shundan so‘ng, Makkabi (Netaniya) jamoasiga o‘tadi. Qahramonimizning tan olishicha 1993-94 yilardagi mavsum u uchun xorijdagi eng omadli bo‘ladi. Igor hech nimani o‘ylamay gollar ura boshlaydi. Xirosimadagi Osiyo o‘yinlarida O‘zbekiston terma jamoasida porlagan Igorni Malayziyaga taklif etishadi. Makkabi bilan shartnomaga ega bo‘lgan Igorni jamoa qo‘yib yuboradi. “Paxang” tarkibidagi mavsum Igor uchun juda omadli kechadi. Jamoa mamlakat chempioni bo‘ladi va kubog final o‘yinida Igor ishtirok etadi.
Shundan so‘ng, bir muddat Bney Ieguda, Makkabi (Petax-Tikva), Makkabi (Gersliya), Makkabi (Yaffa) kabi Isroil jamoalarida to‘p surgan qahramonimiz 1998-yili Paxtakorga qaytadi.
1999-2000 va 2000-2001 yillarda Hindistoning Moxun Bagan hamda Cherchill Brazers kabi jamoalari tarkibida ham to‘p tepadi. 2001-yili Paxtakor tarkibida oxirigi mavsumni o‘tkazgan Shkvirin o‘sha yili butsalarni mixga iladi.
Igor Shkvirin haqidagi statistik ma'lumotlarni to‘plash jarayonida yana bir ma'lumot diqqatimizni tortdi. 1991-yili Igor sobiq ittifoq chempionatida faoliyatining eng yorqin damlarini o‘tkazdi. 15ta (ayrim manbalarda 14ta deb qayd etilgan) gol urib, musobaqa to‘purarlari ro‘yxatida ikkinchi bo‘lgan. 1991-yilning kuzida “Paxtakor” Fransiyaning “Sent-Etenn” klubidan transfer bo‘yicha taklif oldi. Transfer taklifi 700 ming dollar bo‘lib, u paytlarda katta summa edi. Shkvirinning transferi deyarli hal bo‘lgandi. Hattoki, futbolchi go‘yo xayrlashuv intervyusini berib, o‘zining potensial vorisi sifatida Valeriy Kechinovni (bir yildan so‘ng O‘zbekiston chempionatining eng yaxshi to‘purari va mamlakatning tengsiz futbolchisi bo‘lgan hujumchi) ko‘rsatgandi. Biroq yakunda tomonlar kelisha olishmadi.
Yutuqlari:
Jamoaviy:
1988-yili SSSR chempioni;
1989-yili SSSR futbol ittifoqi Kubogi sohibi;
1994-yili Osiyo o‘yinlari chempioni;
1995-yili Malayziya chempioni;
1998-yili O‘zbekiston chempioni;
2000-yili Hindiston chempioni.
Shaxsiy yutuqlari:
1990-yili SSSR 1-ligasida Paxtakor tarkibida eng yaxshi to‘purar(37ta matchda 37ta gol);
SSSR chempionatida oli ligasida urilgan gollar bo‘yicha 2-o‘rin;
1994-yili O‘zbekiston terma jamoasi tarkibida yozgi Osiyo o‘yinlarida eng yaxshi final o‘yinchisi(7 o‘yinda 8ta gol);
1998-yili O‘zbekiston chempinatida to‘purar(14ta o‘yinda 22ta gol);
2000-yili Hindiston milliy futbol ligasida to‘purar (16ta uchrashuvda 11ta gol.);
2009-yili OKMK jamoasi safida milliy chempionat oliy ligasida “Eng yaxshi murabbiy” sifatida e'tirof etiladi;
1994-yil O‘zbekiston Respublikasi Prezidenitining Farmoni bilan “Shuhrat” medali davlat mukofoti bilan taqdirlanadi.
Gollari:
Qahramonimiz SSSR, Rossiya, O‘zbekiston, Malayziya, Isroil va Hindiston chempionatlarida jami bo‘lib 302 marotaba raqiblar darvozasini ishg‘ol qiladi.
1992-yildan 2000-yilgacha O‘zbekiston terma jamoasi safida to‘p surib 31ta o‘yinda 21ta gol uradi.
Murabbiylik faoliyati
Qahramonimiz 2002-yili Osiyo futbol konfederatsiyasida murabbiylik kurslarini tamomlab “V” litsenziyasini oladi va “Krilya Sovetov” jamoasida bosh murabbiy Aleksandr Tarxanovning yordamchisi sifatida murabbiylik faoliyatini boshlaydi.
2005-yili O‘zbekiston chempionati oliy ligasida Zarafshonning “Qizilqum” jamoasi bosh murabbiyi bo‘ladi. 2007-yilda esa parallel ravishda O‘zbekiston olimpiya terma jamoasining bosh murabiyi Vadim Abramovning yordamchisi sifatida ham faoliyat yuritadi. 2008-yildan 2010-yilga qadar O‘zbekiston terma jamoasida murabbiy Rauf Inileyev hamda Mirjalol Qosimovlarning assistenti bo‘lib ishlaydi.
2008-yilda esa OKMK jamoasida bosh murabbiy sifatida ish boshlaydi. Igor Shkvirinni murabbiylik qilgan yillari OKMK oliy liga grandlariga haqiqiy boshog‘riq bo‘ladi. Paxtakor, Bunyodkor, Nasaf, Navbahor, Neftchi kabi grand jamoalari OKMK bilan o‘tkazilgan uchrashuvlarda ochkolar yo‘qotishadi. OKMK jamoasi I.Shkvirin boshchiligida turnir jadvalida 5-8 o‘rinlarni muntazam egallab kelgani ham ahamiyatli.
2016-yili esa OKMK jamoasi I.Shkvirin bilan xayrlashadi.
So‘ngra, Bekobodning “Metallurg” jamoasida seleksioner murabbiy, Jizzaxning So‘g‘diyona jamoasi hamda Yaypanning “Turon” jamoalarida bosh murabbiy sifatida faoliyat yuritadi.
Igor Anatolyevich Shkvirinni barcha futbol muxlislari nomidan qutlug‘ sana munosabati bilan muborakbod etib qolamiz.
OKMK Axborot xizmati