• Ishonch telefoni

    (+998 70) 619-23-33
Рус O'z En
Ishonch telefoni
Qayta bog'lanish

O‘zbekiston-Xitoy hamkorligi ko‘rgazmasida OKMK mahsulotlari namoyish etildi

23 May 2023, 9:10 1662

18-19 may kunlari O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Xitoy davlatiga tashrifi davomida Sian shahrida O‘zbekiston-Xitoy hamkorligi ko‘rgazmasi ham tashkil etildi.

Ko‘rgazma O‘zbekiston va Xitoy o‘rtasidagi sanoat, infratuzilmani rivojlantirish, qishloq xo‘jaligi, fan, ta'lim va innovatsiyalar sohalaridagi hamkorlikka bag‘ishlandi.

Ko‘rgazmada O‘zbekiston Respublikasi Tog‘-kon sanoati va geologiya vazirligi, Olmaliq kon-metallurgiya kombinati va “O‘zmetkombinat” AJlar ham ishtirok etishdi.

OKMK stendlarida ishlab chiqarilayotgan mahsulotlar namoyish etildi.

Shuningdek, OKMK mas'ullari va Xitoyning “ME Mining Equip” kompaniyasi rahbariyati o‘rtasidagi uchrashuvda O‘zbekistonda samosvallarga qo‘shimcha qismlar ishlab chiqarish bo‘yicha qo‘shma korxona tashkil etish hamda harajatlarni kamaytirish va samaradorlikni oshirish maqsadida yoqilg‘i dvigatellarini elektrodvigatellarga o‘zgartirish masalalari muhokama qilindi.

Bu sohada tajribaga ega “ME Mining Equip” kompaniyasi joriy yilning sentyabr oyigacha yuk ko‘tarish quvvati 220 tonnagacha bo‘lgan samosvallarga elektrodvigatel o‘rnatish ustida ish olib borishayapti. Agar samosvallar sinovdan yaxshi o‘tsa, ularni OKMK faoliyatida ham qo‘llash taklifi kombinati mutaxassislari tomonidan bildirildi.

Ma'lumot uchun: Davlatimiz rahbari Shavkat Mirziyoyevning tashrifi doirasida jami 41ta ikki tomonlama hujjat imzolandi, umumiy qiymati 25 milliard dollardan ziyod bo‘lgan yangi yuqori texnologik sanoat, savdo va investitsiya loyihalarini amalga oshirish yuzasidan kelishuvlarga erishildi.

Shuningdek, O‘zbekiston-Xitoy hamkorligi ko‘rgazmasi bilan tanishildi, yangi qo‘shma loyihalar ishga tushirildi va Xitoy ishbilarmon doiralari vakillari bilan uchrashuv o‘tkazildi.

Shu bilan birga, davlatimiz rahbari “Markaziy Osiyo – Xitoy” birinchi sammitida ishtirok etib, mintaqaviy hamkorlikni rivojlantirish bo‘yicha muhim taklif va tashabbuslarni ilgari surdi.

Axborot xizmati

Bo`lishmoq:
Text to speech