Call-markaz
(+998 78) 141-90-99Ishonch telefoni
(+998 70) 619-23-33Temir yo‘lni bejiz iqtisodiyotning qon tomiriga qiyoslashmaydi. Zero, bu soha rivoji yo‘lida bosib o‘tilgan har bir qadam aholi farovonligini ta'minlash barobarida mamlakat iqtisodiyotining yuksalishi, hukumatimiz tomonidan belgilab berilgan yirik investitsiyaviy dasturlar ijrosi yo‘lida ham alohida ahamiyat kasb etadi.
O‘zining shonli tarixiga ega bo‘lgan Sanoat temiryo‘l transporti boshqarmasi Olmaliq kon-metallurgiya kombinati konlari va korxonalari bilan hamqadamlikda rivojlanib bormoqda. Bugungi kunda u kombinatning yirik transport korxonasiga aylanishi bilan bir qatorda OKMKning mamlakatimiz iqtisodiy tarmoqlari, shuningdek, jahon temiryo‘llar logistikasi bilan aloqalari mustahkamlanishiga munosib hissa qo‘shib kelmoqda.
Boshqarma ayni kunga kelib 4 ta temir yo‘l sexi, 5 ta xizmat va bitta noruda qurilish materiallari karyerini o‘z ichiga olgan. Rudalarni fabrikalarga eltish, tog‘ jinslari va ustki qatlamlarni zahira konlarga tashish, xo‘jalik yuklarini yuklash va tushirib olish hamda yo‘llarni bo‘shatib berish bilan shug‘ullanib keluvchi mazkur korxona safida hozirda 3 mingga yaqin turli kasb va mutaxassisliklarga ega ishchi-xodimlar mehnat qilishmoqda.
STTB tasarrufidagi 4-Temir yo‘l sexining bugungi kundagi faoliyati bilan yaqindan tanishish maqsadida sex boshlig‘i Zafar Musayev bilan muloqotda bo‘ldik.
- Oltmish yillik tarixga ega bo‘lgan seximiz OKMK miqyosida barcha turdagi temir yo‘l ta'mir ishlarini, jumladan, temir yo‘lni kapital ta'mirlash, strelkali o‘tkazgichlarni to‘g‘irlash, ularni kapital va o‘rta ta'mirlash, shuningdek, temir yo‘l relslarini almashtirish va joriy ta'mirlash kabi vazifalarni muntazam ravishda amlaga oshirib keladi.
STTB balansida joylashgan temir yo‘lning uzunligi 257,246 km.ni tashkil etadi.
OKMKning sanoat temir yo‘llari 513 ta strelka o‘tkazgichlar, 13 ta temir yo‘l stansiyalari, 108 ta sun'iy inshootlar (4 ta katta ko‘priklar, 16 ta yo‘l o‘tkazgichlar, 1 ta akveduk, 88 ta trubalar) hamda 35 ta temir yo‘l kesishmalaridan iborat bo‘lib, ulardan 9 tasi qo‘riqlanadigan temir yo‘l kesishmalari hisoblanadi.
4-TYS jamoasi zimmasiga temir yo‘llar, sun'iy inshootlarning kapital qurilishi va ularni saqlab borish, turli o‘lchamlardagi shag‘al va qumlar ishlab chiqarish hamda ta'mir ishlarini olib borish vazifasi yuklatilgan. Temiryo‘llarni ta'mirlash bo‘yicha barcha ishlar yuqori darajada mexanizatsiyalashtirilib, bu yerda 26 ta maxsus o‘ziyurar texnikalar, shu jumladan rostlash-rixtalash mashinalari, o‘lchov texnikalari, zvenolarni yotqizish kranlari hamda ikkita zveno-yig‘uv bazasi imkoniyatlaridan foydalaniladi.
So‘nggi yillarda 4-TYS tomonidan mega loyihalar doirasida yangi temiryo‘llar, yo‘l qurilmalari va inshootlarini bunyod etish ishlari yuqori sur'atda jadallik bilan olib borilayotgani e'tiborga molikdir. Xususan, temiryo‘l quruvchilarimiz oldiga “Yoshlik I” konini o‘zlashtirish” investitsiya loyihasining birinchi bosqichi doirasida 3-MBF temir yo‘llari, “668 Razyezd -Otvalnaya” va “Razvyazka-“Yoshlik” stansiyalari temir yo‘l bog‘lamalarini qayta qurish vazifasi qo‘yilgan. “Razvyazka” stansiyasi yo‘nalishida umumiy uzunligi 14 km va “Otvalnaya” stansiyasi yo‘nalishida 13,2 km uzunlikdagi yangi temir yo‘llarni yotqizish rejalashtirilgan bo‘lsa, kuni kecha “Qalmoqqir” konidagi mavjud uch izli temiryo‘lni qayta qurish ishlari yakuniga yetkazildi. “Razvyazka” stansiyasida uch yo‘lli temiryo‘l qurilishi ishlari 2023-yilning birinchi choragida boshlangan bo‘lib, 4,26 km uzunlikdagi ushbu temiryo‘l “Qalmoqqir” konining shimoliy bortini kengaytirish maqsadida qayta barpo etildi. Temiryo‘lga 8 jamlama strelkali o‘tkazgichlar o‘rnatildi. Bundan tashqari, aloqa tarmog‘i va ta'minot liniyalarini qurish bo‘yicha loyihaga muvofiq, 133 jamlama kontakt tarmoqlari tayanch ustunlari va tayanch ustuni asoslari o‘rnatildi. 8,5 km ta'minot va aloqa simlari tortildi. Yangi temiryo‘l ishga tushirilishi natijasida eski temiryo‘l o‘rnidan ham ma'danlar qazib olinishi kutilmoqda.
Aytib o‘tish joizki, mazkur uch izli temiryo‘l qurilishiga 17,8 milliard so‘m mablag‘ sarflandi.
Ushbu qurilish ishlari STTB hamda “Olmaliqmetallurgqurilish” tresti ishchi- xodimlari tomonidan amalga oshirildi. Temir yo‘lning ishga tushirilishi qo‘shimcha ravishda o‘rtacha 3 mln m/kub hajmdagi ma'dan qazib olish imkonini beradi.
O‘tgan yili seximiz jamoasi tomonidan “Yoshlik” temiryo‘l stansiyasi qurib bitkazilgani, “Otvalnaya” stansiyasi yo‘nalishida 13,2 km uzunlikdagi yangi temir yo‘llar tortilgani ham quruvchi-ta'mirchilarimiz OKMKning investitsiyaviy loyihalarida faol ishtirok etib kelayotganidan dalolat beradi.
- Investitsiyaviy loyihalar doirasida bugunga qadar yotqizib bo‘lingan temir yo‘llar haqida aytib o‘tsangiz.
- Ayni kunga qadar “3-MBFga olib boruvchi temir yo‘llar qurilishi” obyekti bo‘yicha 1 jamlama strelkali o‘tkazgich va 312,5 metr temir yo‘l yotqizilgan bo‘lsa, “Otvalnaya” stansiyasini rekonstruksiya qilish” obyekti bo‘yicha 12 jamlama strelkali o‘tkazgich va 5100 metr temir yo‘l, aynan mazkur ob'ekt bo‘yicha yana 1 jamlama strelkali o‘tkazgich va 350 metr temir yo‘l qurildi. Jami bo‘lib joriy yil boshidan 14 jamlama strelkali o‘tkazgich hamda 5762,5 metr temir yo‘l barpo etilishiga erishildi va bu keng ko‘lamli ishlarga 11,7 mlrd. so‘m miqdorida mablag‘ sarflandi.
Temiryo‘llar inshootlariga xizmat ko‘rsatish bilan bir qatorda yangi temiryo‘l tarmoqlarini bunyod etishda temiryo‘l ustalari - O‘sarbek Yaxyoyev, Mirag‘zam Umirov, Mirg‘iyos Ortiqboyev, Adham Egamberdiyev, shuningdek yul ustalari - Baxtiyor Turg‘unov, Doniyor Mashakirov, Davron Xoliqulovlarning hissalari alohida bo‘ldi.
- Kelgusida belgilangan Yo‘l xaritasi qanday?
- Yaqin o‘n yillikda OKMK dunyodagi eng katta gigant sanoat korxonasiga aylanishi kutilayotgan ekan, bunda o‘z-o‘zidan yangi temir yo‘llar qurilishiga ehtiyoj sezilishi tabiiy. STTB balansida joylashgan 257,246 km uzunlikdagi temiryo‘l bir necha ming kilometrlarga, yana shuncha kilometrga uzayishi rejalanmoqda.
- Ma'lumotlaringiz uchun rahmat. Salomat bo‘ling.
Suhbatdosh Dilafro‘z EGAMBYERDIYEVA