• Call-markaz

    (+998 78) 141-90-99
  • Ishonch telefoni

    (+998 70) 619-23-33
Рус O'z En
Ishonch telefoni
Qayta bog'lanish

Portlatish ishlari talablarga rioya etishni talab etadi

16 Dekabr 2022, 13:54 2925

Ma'lumki, Olmaliq kon-metallurgiya kombinatida “Yoshlik I” konini o‘zlashtirish” loyihasi izchil amalga oshirilmoqda. Ayni vaqtda mazkur loyiha doirasida yangi 3-Mis boyitish fabrikasining qurilish ishlari jadal sur'atlarda olib borilayapti.

Konni o‘zlashtirish texnologiyasi jarayonida undagi qoya va tosh tog‘ jinslarini ajratib olish va parchalash uchun portlatish energiyasidan foydalanish bugun eng samarali usul hisoblanadi. 1 kilogramm sanoat portlovchi moddasi portlashi natijasida bir lahzada 70 million kilovattdan ziyod quvvat ajralib chiqadi. Mexanik, elektrik, magnit va boshqa shu kabi usullar qo‘llanib tog‘ jinslari parchalanganda quvvat ko‘rsatkichi bir necha yuz kilovattni tashkil etadi xolos. Shuning uchun ham keyingi 10-15 yil davomida qattiq tog‘ jinslarini parchalashda portlatish energiyasidan foydalanish yagona samarali usul bo‘lib qolmoqda.

Portlatish ishlarini bajarish uchun avvalo kar'yerda quduqlar burg‘ulanib, uning ichiga portlovchi moddalar zaryadi joylanadi va so‘ng portlatiladi. Kar'erlar va boshqa ob'ektlarda portlatish ishlari “Portlatish ishlarida xavfsizlikning yagona qoidalari” va boshqa xavfsizlikni ta'minlovchi normativ hujjatlarga qat'iy rioya etgan holda olib borilishi lozim. Portlatish ishlariga jalb etilgan barcha rahbar va ijrochi xodimlar portlatish texnologiyasi bo‘yicha maxsus o‘quv muassasalari yoki kurslarda tayyorgarlikdan o‘tib, tegishli qoidalar bo‘yicha bilimlar sinovidan o‘tishlari va tegishli guvohnoma, ya'ni “Portlatuvchining yagona kitobchasi”ga ega bo‘lishlari majburiydir.

Portlatish ishlari belgilangan tartibda tuzilgan loyiha va pasportlar asosida olib boriladi. Xavfsizlikni ta'minlovchi barcha mezonlar hisobga olinib, tuzilgan loyiha, pasport va unga og‘ishmasdan rioya etilishi portlatish ishlarining xavfsizligini ta'minlaydi.

“Olmaliq KMK” AJ obyektlarida portlatish ishlarida xavfsizlik qoidalariga rioya etilishi yuzasidan Olmaliq kon-texnika inspeksiyasi tomonidan belgilangan tartibda tizimli ravishda davlat nazorati olib borilmoqda. Xususan, joriy yil davomida “Yoshlik I” koni qurilish obyektlarida Inspeksiya xodimlari tomonidan 23 marta nazorat-profilaktika ishlari amalga oshirilib, aniqlangan qoidabuzilishlarni bartaraf etish va kelgusida bu kabi holatlarga yo‘l qo‘ymaslik maqsadida tegishli rahbarlarga bajarilishi majburiy bo‘lgan yozma taqdimnoma hamda tavsiyaviy ko‘rsatmalar berilgan. Shuningdek, portlatish ishlariga jalb qilingan barcha xodimlar o‘rtasida tushuntirish va profilatika ishlari olib borilmoqda. Jumladan, portlatish ishlarini bajarish qat'iy reja asosida belgilangan vaqtda o‘tkazilishi yo‘lga qo‘yildi, sutkaning qorong‘i vaqtida va tuman tushganda portlatish ishlarini bajarishga chek qo‘yildi, pasport va loyihalarni tuzishda mavjud shart-sharoitlarni hisobga olgan holda xavfsizlik choralari aniq belgilanishiga e'tibor kuchaytirildi.

Hozirda “Yoshlik I” koni negizida 3-sonli Mis boyitish fabrikasi qurilishi uchun yer maydonlarini tekislash ishlari burg‘ulash-portlatish usuli bilan muntazam ravishda olib borilmoqda. Burg‘ulash-portlatish ishlari “Enter tngineering pte.ltd” MChJ kompaniyasi bilan “Maksam Uzbekistan” QK MChJ korxonasi hamda “Eurasiaengineering” MChJ korxonalari o‘rtasida tuzilgan shartnoma asosida o‘tkazilmoqda. 2024-yilda ishga tushadigan mazkur fabrikada burg‘ulash-portlatish ishlari haftaning har kuni belgilangan vaqt va joylarda xavfsiz olib borilishi nazoratga olingan. Jumladan, portlatish ishlari o‘tkaziladigan hududga yaqin joylashgan aholi turar-joy punktlari portlatish ishlari olib borilishidan oldin xabardor qilinmoqda, aholini xavfsiz joylarga olib chiqish tadbirlari amalga oshirilmoqda.

Shuni yana bir bor ta'kidlash lozimki, burg‘ulash-portlatish ishlarini amalga oshiruvchi har bir korxona belgilangan tartibda tasdiqlangan “Portlatish ishlarida yagona xavfsizlik qoidalari”, “O‘zbekiston Respublikasi hududida portlovchi materiallarni avtomobil transportida tashish qoidalari” va “Portlovchi moddalarni ishlab chiqarish, sotib olish, saqlash, transportda tashish, ulardan foydalanish va ularni hisobga olish to‘g‘risida”gi yo‘riqnoma” talablariga rioya etishlari lozim.

Sohib ABDIYEV

Olmaliq kon-texnika inspeksiyasi davlat inspektori

Bo`lishmoq:
Text to speech