Call-markaz
(+998 78) 141-90-99Ishonch telefoni
(+998 70) 619-23-33Til madaniyat ko‘zgusi va ruhimizning qanoti. Biz ona tilimiz orqali xalqlar, millat va elatlar orasida hamisha aziz-u mukarram ekanligimizni aslo unutmasligimiz kerak. O‘zbekona lutf, muomala, milliy qadriyatlar, odob-axloq esa ona tilimiz madaniyatining kalitidir. Mamlakatimiz mustaqillikka erishgach, tilimizga, uning sayqal topishiga e'tibor yanada ortdi. O‘z tiliga mehr-muhabbatli inson xalqini, Vatanini, milliy qadriyatlarini, madaniy merosini ham e'zozlaydi. Bu borada Olmaliq kon-metallurgiya kombinatida ham samarali ishlar amalga oshirib kelinmoqda.
Jumladan, Vazirlar Mahkamasining Davlat tilini rivojlantirish departamenti tashabbusi bilan Respublika Ma'naviyat va ma'rifat markazi, Tog‘-kon sanoati va geologiya vazirligi hamda "Olmaliq kon-metallurgiya kombinati" AJ Ma'naviyat va ma'rifat kengashi hamkorligida kombinat tarkibiy bo‘linmalarida "Qadring baland bo‘lsin, ona tilim" shiori ostida insholar va diktanlar tanlovlari o‘tkazib kelinmoqda.
Xususan, bu kabi tanlovlar O‘zbekiston Respublikasi mustaqilligining 33 yilligi hamda "Davlat tili haqida"gi qonun qabul qilinganligining 35 yilligiga bag‘ishlab "Qadring baland bo‘lsin, ona tilim!" shiori ostida Uch-Quloch koni, Angren kon boshqarmasi, Xondiza kon boshqarmasi kabi bo‘linmalarda tashkil etildi.
Uch-Quloch koni tikuvchi xotin-qizlari o‘rtasida o‘tkazilgan diktant tanlovida Muborak Yusupova, Gulchehra Qurolova, Zamira Qobilovalar g‘olib bo‘lishdi.
Xondiza kon boshqarmasi ishchi-xodimlari o‘rtasida tashkil etilgan insholar tanlovida chilangar ta'mirlovchi Zokir Akaboyev g‘oliblikni qo‘lga kiritdi. Zokir rassomlik mahoratini ham namoyish etib, mustaqillik ayyomiga bag‘ishlab rasm ham chizib berdi. 2-o‘rinni Nazorat o‘lchov asboblari va avtomatika chilangari Abdubakir Bahodirov egalladi.
Tanlov g‘oliblari 21-oktyabr – O‘zbek tili bayrami arafasida taqdirlanishadi.
Eslatib o‘tamiz, bu kabi tanlovning Respublika bosqichida "Davlat tiliga e'tibor qaratayotgan eng yaxshi tizim" nominatsiyasida vazirlik va idoralar o‘rtasida OKMK jamoasi ham ilk bor ishtirok etmoqda.
Axborot xizmati