Call-markaz
(+998 78) 141-90-99Ishonch telefoni
(+998 70) 619-23-33Yirik sanoat korxonasi bo‘lgan Olmaliq kon-metallurgiya kombinatining Qalmoqqir koni ishlab chiqarish zanjirining eng birinchi bo‘g‘ini hisoblanadi. Ma'danlar aynan shu yerdan qazib olinadi va kon ekskavatorlari yordamida elektrovozlarga yuklanib, maydalash uchun Mis boyitish fabrikasiga jo‘natiladi.
Qalmoqqir koni, ustki qatlam, sharqiy va markaziy karyerlarni o‘z ichiga olgan.
Ustki qatlam karyeri yuza jinslarni ochish ishlari bilan shug‘ullansa, sharqiy va markaziy karyerlar tog‘ jinslarini qazib olish, siljitish, vazifalarini bajaradi.
Eng boy qazilmalar esa Markaziy karyerda joylashgan. Shuning uchun ham ishchi-xodimlar, texnikalar soni sharqiy va ustki qatlam karyeridan ko‘ra bu yerda ancha ko‘proq. Ya'ni ma'danlarni yuklashga 8 ta 15 kubli, 7 ta 10 kubli ekskavatorlar safarbar etilgan. Burg‘ilash jarayonlarida 7 ta mahsus texnikalar ishlamoqda.
Umumiy hisobda 900 ga yaqin ishchi-xodimlar Qalmoqqir konida faoliyat yuritishadi.
Respublikamizda kuzatilgan anomal sovuq davrida ham konda texnologik ishlab chiqarish jarayoni bir lahzaga bo‘lsada to‘xtamadi. Konchilar, geologlar, marksheyderlar, maxsus texnika vositalari haydovchilari, va boshqa soha vakillari o‘zlariga yuklatilgan vazifalarni o‘z vaqtida uddasidan chiqishdi. Sababi kon ishchilarini yozning jazirama issig‘i-yu qishning qahraton sovug‘i qo‘rqita olmaydi.
Kalmoqqir kon boshqarmasi 2023-yil o‘z oldiga kondan 31 million 269 ming kub metr ma'danlarni qazib olishni reja qilishgan.
Ta'kidlash joizki, “Qalmoqqir” koni dunyodagi eng yirik mis porfirli ochiq konlardan biri hisoblanadi. Bugungi kunda konning uzunligi 4 kmni, eni 2 kmni, chuqurligi 530 metrni tashkil etadi.
2018-2022 yillar davomida Qalmoqir kon boshqarmasida boshqaruv tizimini avtomatlashtirish bo‘yicha muayyan ishlar amalga oshirildi. Bugungi kunga qadar ekskavatorlar, samosvallar va temir yo‘l transporti ishlarini birlashtirgan kon-transport kompleksini boshqarish bo‘yicha yagona dispetcherlik markazi tashkil etildi. Kon transportining ishlashi real vaqtda avtomatlashtirilgan dasturlar tomonidan GPS tizimi orqali nazorat qilinadi.
Bundan tashqari, maxsus "Telegram guruhi" ham tashkil etilib, u orqali kon uskunalari 10 daqiqadan ortiq turib qolsa tezkorlik bilan mas'ul shaxslarga ma'lumot uzatilib, yuzaga kelgan holatni bartaraf etish uchun zudlik bilan qaror qilishadi. Ushbu amalga oshirilgan yangiliklar transport vositalarining bo‘sh turishi sonini kamaytirishga, shuningdek, belgilangan yo‘nalishlardan tashqarida ishlashini bartaraf etishga imkon berdi. Natijada konda texnologik transport vositalaridan foydalanish samaradorligi ko‘payishiga olib keldi.
Shuningdek, konda ishlarni bajarishda tezkor boshqaruv tizimini 2023-yil IV choragida joriy etilishi hisobiga tog‘ jinsini tashish hajmi 10 foizga ko‘payib, samaradorlikni oshirish imkoniyati yaratiladi. Shuningdek, kon texnikalaridan foydalanish harajatlari 5 foizga, yonilg‘i sarfi 9 foizga kamaytiriladi.
Axborot xizmati