"Olmaliq kon-metallurgiya kombinati" aksiyadorlik jamiyati
Call-markaz
+998 78 141 90 09Ishonch telefoni
+998 71 619 23 33Call-markaz
+998 78 141 90 09Ishonch telefoni
+998 71 619 23 331991-yil Oʻzbekiston mustaqillikka erishgach birinchi navbatda qoʻshni mamlakatlar bilan hamkorlik munosabatlarini mustahkamlash vazifasiga kirishdi. Xususan, 1992-yil 23-noyabrda Qozogʻiston Respublikasi bilan rasmiy ravishda diplomatik aloqalar oʻrnatilgan boʻlib, oʻtgan 30 yildan ziyodroq vaqt mobaynida ikki davlat aloqalari oddiy qoʻshnichilikdan oliy darajadagi ittifoqchilik bosqichigacha rivojlanib keldi. Mamlakat prezidentlarining oʻzaro tashriflari esa turli yoʻnalishlardagi strategik aloqalarni mustahkamlash borasidagi muhim voqealarga aylandi.
Joriy yilning 29-may kuni yurtboshimizning Qozogʻistonda boʻlib oʻtgan Oliy Yevroosiyo iqtisodiy kengashidagi ishtiroklari davomida ham tomonlar oʻrtasida avtomobilsozlik, energetika, kimyo sanoati, metallurgiya, farmatsevtika, logistika, qurilish materiallari, uy-joy qurilishi, qishloq xoʻjaligi kabi tarmoqlarda qoʻshma loyihalarni amalga oshirish nazarda tutilgan “Yoʻl xaritasi” imzolangan edi. Mazkur hujjat doirasida kuni kecha Qozogʻistonning Oʻzbekistondagi favqulodda va muxtor elchisi Beybut Atamqulov OKMKga tashrif buyurdi. Kombinat rahbariyati va nufuzli mehmonlar oʻrtasida tashkil etilgan uchrashuv davomida geologiya-qidiruv ishlari va konlarni oʻzlashtirish boʻyicha tajriba almashish, kritik ahamiyatga ega va noyob metallar sohasida hamkorlikni rivojlantirish, mineral xomashyo va texnogen chiqindilarni qayta ishlash yoʻnalishida qoʻshma loyihalarni amalga oshirish masalalari muhokama qilindi.
Beybut Atamqulov, Qozogʻiston Respublikasining Oʻzbekistondagi Favqulodda va Muxtor elchisi: - Мen OKMKga ilk marotaba 3 yil avval tashrif buyurgan edim. Oʻsha vaqt korxonangiz bilan yaqindan tanishgan boʻlsam, bugungi uchrashuvdan koʻzlangan asosiy maqsad davlatimiz rahbarlarining mamlakatlarimiz oʻrtasidagi savdo aylanmasini kengaytirish vazifalari ijrosini taʼminlashga qaratilgan. Aytish joizki, 2025-yil Oʻzbekiston va Qozogʻistonning tovar ayirboshlash hajmi 4,9 milliard dollarni tashkil etdi. Bugungi tashrif davomida ham aynan mamlakat rivojida muhim ahamiyat kasb etuvchi togʻ-kon sanoatida qoʻshma loyihalarni ishlab chiqish masalalariga toʻxtaldik. Taʼkidlash joizki, OKMK respublikada ishlab chiqarish koʻlami va texnologik taraqqiyot boʻyicha eng ilgʻorlar safida turadi. Shaxsan oʻzim undagi yangilanishlarni OAV orqali kuzatib boraman. Birinchi mutaxassisligim metallurg boʻlgani uchun ham amalga oshirilayotgan islohotlarning asl koʻlamini yaxshi anglayman. Dunyodagi global oʻzgarishlar fonida savdo yoʻllarining arxitekturasi oʻzgarmoqda. Shu sabab ham biz bor imkoniyatlarimizni ishga solgan holda har ikkala tomon uchun birdek manfaatli boʻlgan hamkorlikni yoʻlga qoʻyishimiz kerak. Mening elchi sifatidagi muhim vazifam ham shundan iborat.
Xulosa oʻrnida aytish joizki, Oʻzbekiston va Qozogʻiston oʻrtasida togʻ-kon va geologiya sohasi hamda noyob xomashyolarni qayta ishlash yoʻnalishida yoʻlga qoʻyilayotgan yangi hamkorlik aloqalari nafaqat milliy sanoat tarmoqlarini modernizatsiya qilishga, balki Markaziy Osiyo mintaqasining ishlab chiqarish va investitsiyaviy salohiyatini tubdan yuksaltirishga xizmat qiladi.
Axborot xizmati