Рус O'z En
Ishonch telefoni
Qayta bog'lanish

Quyosh energiyasi – daromad manbai

26 Iyun 2025, 13:37 834

Mamlakatimizda qayta tiklanuvchi energiya manbalarini rivojlantirishga e'tibor qaratilib, soliq imtiyozlari va subsidiya kabi rag‘blantirish tizimi asosida 2023-yil 1-apreldan “Quyoshli xonadon” dasturi ishga tushirildi. Dasturga ko‘ra, xonadonlarga o‘rnatilgan quyosh panellari ishlab chiqargan har bir kilovatt-soat elektr energiya uchun 1000 so‘mdan subsidiya ajratilmoqda. Bu esa hamyurtlarimizni quyosh energiyasidan nafaqat foydalanishlari balki ehtiyojlaridan ortganini sotib, qo‘shimcha daromadga ham ega bo‘lishiga zamin yaratmoqda.

Olmaliq kon-metallurgiya kombinati Texnologik transport boshqarmasida samosval haydovchisi sifatida mehnat qilib kelayotgan G‘ulom Murotov xonadoniga quyosh panellarini o‘rnatib, elektr energiyasiga bo‘lgan ehtiyojidan ortganini sotib, daromad qilayapti.

Internetda quyosh panellarining foydasi haqida videolavhani ko‘rib, bunga qiziqib qoldim. Videoda Samarqandlik hamyurtimiz Germaniyada quyosh panellarini o‘rnatish bilan shug‘ullanayotgani, bu bo‘yicha mamlakatimizda ham bir qator imtiyozlar joriy etilganini bilib, 2025-yilning yanvar oyida uyimga quyosh panellarini o‘rnatishni boshlab yubordim, - deydi G‘.Murotov. – 26-yanvar kuni dastlab 15 kVt quyosh panellarini o‘rnatdim. Ushbu panellar orqali fevral oyida o‘z ehtiyojlarimdan tashqari 1 mln so‘m mablag‘ ishlab topdim. Bu esa quyosh panellariga bo‘lgan qiziqishimni yanada orttirdi. Quyosh panellarini o‘rnatgan tashkilotga murojaat qilib, yana quyosh panellarini o‘rnatish istagim borligini bildirdim. Kredit olib, yana quyosh panellarini o‘rnatdim. Mart oyida uyimga o‘rnatilgan 26 kVt quyosh panellari menga  2,5 mln so‘m daromad olib keldi. Aprel oyiga kelib uyimda jami bo‘lib 50 kVt quyosh panellari o‘rnatildi. Oyma-oy quyosh panellarini o‘rnatib borishimga sabab, bu oddiy biznes ekanligi va bu orqali qo‘shimcha daromadga ega bo‘lish imkoniyati borligi. Siz quyosh panellari orqali nafaqat xonadoningizni elektr energiyasiga bo‘lgan ehtiyojini to‘liq qoplaysiz, balki oila byudjetiga qo‘shimcha daromad ham topasiz. Jannatmakon yurtimizda 1 yilning 365 kunida 300 kuni quyoshli sanaladi. Raqamlarga qaraydigan bo‘lsak fevral oyida 1 mln so‘m, mart oyida 2,5 mln so‘m, aprel oyida 4 mln so‘m, may oyida 6,7 mln so‘m daromad qildim. Ushbu raqamlarni telefonimga o‘rnatilgan dastur orqali har kuni kuzatib boraman. Quyosh panellari soatiga qancha elektr energiyasi ishlab chiqarayapti, qancha ehtiyojingizga ishlatiladi, qanchasini sotayapsiz, hammasi real vaqt rejimida sizga uzatib turiladi. Ushbu biznesni boshlash uchun bir marotaba sarmoya kiritasiz xolos. Mablag‘ evaziga quyosh paneli, invertor, energiya hisoblagich  sotib olasiz. Ularni o‘rnatib olgach, faqatgina quyoshdan elektr energiyasini qabul qilib olib, ortiqchasini iste'molchiga sotasiz. Aqlli hisoblagichning o‘zi hisoblab, tarmoqqa qancha elektr energiyasi yetkazib berilayotgani va qancha so‘m bo‘layotganini ko‘rsatib turadi. Har oyning 25-kunida hisobingizga elektr energiyasi puli kelib tushaveradi. Uch yil yer solig‘idan ham ozod qilindim. Yuqorida aytganimdek, barcha jarayonni kuzatib borasiz. Kunning salqin paytida panellarini changdan tozalab, yuvib turish kerak. Hamshaharlarimizga, kombinatda ishlayotgan hamkasblarimga quyosh panellarini o‘rnatishni tavsiya etaman. Faqat taniqli kompaniyalarnikini o‘rnating. Xonadonimga o‘rnatilgan quyosh panellariga 30 yil kafolat berilgan bo‘lib, ikki tomonlama ishlaydi.

Agar kombinat tomonidan quyosh panellarini o‘rnatishda imtiyozlar berilsa, 100 kVt quyosh panellari o‘rnatardim. Hisob-kitoblarimga ko‘ra, quyosh panellariga sarflagan harajatlarim 1 yilu 8 oyda to‘liq qoplanadi.

Darhaqiqat, mamlakatimizda qayta tiklanuvchi energiya manbalaridan aholi va tadbirkorlik subyektlari faol foydalanishini rag‘batlantirishga alohida ahamiyat qaratilmoqda. Bunday qurilmalarni sotib olish, o‘rnatish, ularga servis xizmat ko‘rsatish borasida moliyaviy ko‘maklar, shuningdek, o‘rnatilgan uskunalar egallagan yer maydonlariga soliq imtiyozlari joriy etildi.

Ma'lumot uchun: Olmaliq shahrida jami 52 ta MFY mavjud bo‘lib, shundan 25 ta mahallalardagi xonadonlarni hovli uylar tashkil etadi. 2023-yilda jami 181 ta hovli uylarga quvvati 267,5 kVt quyosh panellari, 2024-yilda jami 83 ta hovli uylarga quvvati 480 kVt quyosh panellari o‘rnatildi. Joriy yilning shu kuniga qadar esa 70 ta hovli uylarga quvvati 277 kVt bo‘lgan quyosh panellari o‘rnatildi. 2023-2025-yillarda jami 334 ta hovli uylarga quvvati 1024,5 kVt  bo‘lgan quyosh panellari o‘rnatilgan.

Olmaliq shahar elektr ta'minoti korxonasi taqdim etgan ma'lumotlarga ko‘ra, oxirgi uch yil davomida hamshaharlarimiz tomonidan 215 000 kVt elektr energiyasi sotilgan.

Yashil energetikaning taraqqiy etishi aholini uzluksiz energiya bilan ta'minlashga xizmat qiladi.

Sherzod Tilovberdiyev

Bo`lishmoq:
Text to speech