• Call-markaz

    (+998 78) 141-90-99
  • Ishonch telefoni

    (+998 70) 619-23-33
Рус O'z En
Ishonch telefoni
Qayta bog'lanish

Rejalar va yangi marralar

19 Aprel 2022, 12:6 1273

...Uzun konveyrlar, o‘tkir tishli maydalagichlar, mudom aylanib turadigan tegirmonlar bu yerdagi ish jabhasining uzluksiz davom etishidan darak berib turibdi. Hozirgi kunga kelib yiliga 4,0 million tonna rudani qayta ishlash quvvatiga ega bo‘lgan Olmaliq kon-metallurgiya kombinati 2-Mis boyitish fabrikasidagi ish jabhasi mana shunday manzarada namoyon bo‘ladi.

Ishga tushirilganiga 70 yil bo‘layotgan fabrikada dastlab Qo‘rg‘oshin, Oltin-Topgan, Uch-quloch konlaridagi qo‘rg‘oshin-rux rudalari qayta ishlangan bo‘lsa, endilikda Sariq-cho‘qqi rudalaridan tashqari, kombinatning Mis eritish zavodi chiqindi shlaklari ham qayta ishlanib kelinmoqda. Rudani qayta ishlash jarayonida olingan kollektiv mis-molibden konsentrati seleksiya uchun misni qayta ishlash zavodiga, mis konsentrati esa mis konsentrati va molibden oraliqlarini olish uchun Mis eritish zavodiga yuborilmoqda.

Shuni alohida aytib o‘tish joizki, 2016-yilda balans orti tashlanma rudalarini qayta ishlash bo‘yicha yangi uchastkaning foydalanishga topshirilganining o‘zi mazkur sanoat korxonasidagi yana bir muvaffaqiyatli odim bo‘ldi, deyish mumkin.

O‘z tarkibiga Maydalash, Maydalash va flotasiya sexi, Reagent bo‘limi, Suvsizlantirish seksiyasi va chiqindilarni saqlash sexlarini olgan fabrika tomonidan joriy 2022 yilda ishlab chiqarish istiqbollariga ko‘ra, 4 mln 600 ming tonna xom ashyo, shu jumladan 4000 tonna balans orti rudalari, 500 ming tonna tashlanma va 100 ming tonna konvertor shlaklari qayta ishlanib, konsentrat holatida Mis eritish zavodiga yuborilishi ko‘zda tutilgan.

Boshlangan yilning dastlabki oyida korxonaning asosiy ishlab chiqarish natijalari yuqori sur'atlarda namoyon bo‘ldi. Xususan, xom ashyoni qayta ishlash rejaga nisbatan 100,3%ga uddalanib, misni ajratib olish vazifasi 102,5%ga, misning boyitmaga chiqishi esa 124,6%ga bajarildi.

Bu muvaffaqiyatli marralar ortida shubhasiz, qo‘r to‘kib mehnat qilayotgan fidoyi insonlarning nomlari munosib e'tirof etiladi. Jumladan, maydalovchilar - Davron Mamatqulov, Azat Artem'ev, Dostonbek Haydarov, Farhod Ergashev, Ikrom Ergashev, texnologik uskunalar ta'miri bo‘yicha usta Laziz Berdiqulov, ishlab chiqarish uchastkasi ustasi Ulug‘bek Joniqulovlarning ishdagi jonbozligi, o‘z kasbiga fidokorligi ibrat va namuna bo‘lib kelmoqda.

Dilafro‘z EGAMBERDIYEVA

Bo`lishmoq:
Text to speech