Рус O'z En
Ishonch telefoni
Qayta bog'lanish

Rux zavodi: Istiqlol to'yonasiga munosib mehnat zafarlari bilan

27 Avgust 2026, 15:24 48

Istiqlol bizga o'z taqdirimizni o'zimiz belgilash, milliy sanoatimiz qudratini yuksaltirish va kelajak uchun mas'uliyatni o'z zimmamizga olish imkoniyatini berdi. Bugun zavodimiz Mustaqillik ayyomini munosib mehnat zafarlari, yangilangan ishlab chiqarish quvvatlari va yirik strategik loyihalar bilan kutib olmoqda.

Zavodimiz tarixi o'tgan asrning 50–60-yillariga borib taqaladi. 1958-yil 15-mayda poydevori qo'yilgan korxonamizda 1963-yil 1-mayda ilk sulfat kislotasi, 1970-yil 30-sentyabrda esa O'zbekiston tarixida birinchi marta rux metalli ishlab chiqarildi. Keyinchalik Velslash sexining ishga tushirilishi va uch bosqichli tozalash tizimining joriy etilishi mahsulotimiz sifatini jahon standartlari darajasiga ko'tardi. Bugungi kunda avtomobilsozlik, mashinasozlik va maishiy texnika tarmoqlarida ruxga bo'lgan talabning ortishi jamoamiz zimmasiga yanada ulkan mas'uliyat yuklamoqda. Korxonamiz kuydirish, tanlab eritish, elektroliz, velslash, kadmiy hamda sulfat kislotasi ishlab chiqarish sexlaridan iborat yaxlit va uzluksiz texnologik majmuani tashkil etadi.

Yurtimiz mustaqillikka erishganidan so'ng, davlatimiz rahbarining tegishli qarorlari doirasida zavodimizda mahsulot tannarxini pasaytirish, energiya tejamkorlikni ta'minlash va ma'nan eskirgan jihozlarni yangilash bo'yicha keng ko'lamli modernizatsiya ishlari bajarildi.

Xususan, Kuydirish sexida xomashyoni uzluksiz tashishni ta'minlovchi 2 ta yangi ko'prikli kran o'rnatilib, shixta tayyorlash tezligi 30-40 foizga oshirildi. 4 ta qaynovchi qatlam pechi tubdan kapital ta'mirlanib, boshqaruv tizimi to'liq raqamlashtirildi. Endilikda kuydirish jarayoni inson omilisiz, avtomatik tarzda nazorat qilinadi.

Velslash va tanlab eritish sexlarida eritma tarkibidagi rux metallini yot unsurlardan tozalash jarayonini jadallashtirish maqsadida, mutlaqo yangi va yuqori unumdorlikka ega 6 ta press-filtr uskunasi to'liq ishga tushirildi. Markaziy laboratoriyada sifat nazoratini kuchaytirish uchun Germaniyadan eng zamonaviy uskunalar keltirildi. Murakkab elementlar tahlilini yuqori tezlikda o'tkazuvchi ICP induktiv plazmali atom emission spektrometri hamda ekspress-tahlil imkonini beruvchi Spectro Xepos rentgen-spektral analizatori o'rnatildi.

Zavodimizning ishlab chiqarish faoliyati atrof-muhit muhofazasi bilan uzviy bog'liqdir. Sulfat kislotasi sexi kuydirish jarayonida hosil bo'ladigan zararli oltingugurt gazini tutib qolib, undan xaridorgir mahsulot ishlab chiqarish asosiy ekologik vazifamiz hisoblanadi.

Prezidentimiz tashabbusi bilan ekologik vaziyatni yanada yaxshilash maqsadida qiymati yuqori bo'lgan yirik investitsiya loyihasi — 6-sonli Sulfat kislotasi sexi qurilishi boshlab yuborilgan bo'lib, ayni paytda yakuniy qurilish ishlari olib borilmoqda. “Yashil makon” umummilliy dasturi doirasida zavod atrofidagi sanitariya-himoya zonalarida minglab daraxt ko'chatlari ekilib, yashil maydonlar kengaytirildi.

Zavod kelajagi bilimli va shijoatli yoshlar qo'lida, desam mubolag'a bo'lmaydi. Kombinatda tashkil etilgan “Muhandislar maktabi”da yosh kadrlar 40/60 dual ta'lim tizimi asosida metallurgiya, mexanika va avtomatika yo'nalishlarida amaliy ko'nikmalarini oshirmoqdalar.

 Shuningdek, “Ustoz-shogird” an'analari va yoshlarni rahbarlik lavozimlariga tayyorlovchi maxsus liderlik kurslari yo'lga qo'yilgan. “Eng yaxshi yosh metallurg”, “Eng yaxshi yosh mexanik” kabi an'anaviy kasb mahorati tanlovlari g'oliblari to'g'ridan-to'g'ri zaxira kadrlar ro'yxatiga kiritilmoqda. Rahbariyat va yoshlar o'rtasidagi ochiq muloqotni ta'minlash maqsadida “Rahbar va yoshlar” uchrashuvlari muntazam o'tkazilib, xodimlarning muammo va takliflari joyida hal etilyapti.

Biz erishilgan natijalar bilan to'xtab qolmaymiz. 2040-yilgacha bo'lgan davrda Rux zavodi oldiga juda katta va salmoqli maqsadlar qo'yilgan. Zavod faoliyatini to'liq raqamlashtirish va yagona boshqaruv markazini ishga tushirish, klinker chiqindilarini chuqur qayta ishlash orqali xomashyo bazasidan 100 foiz foydalanish va qo'shimcha nodir metallar ajratib olish, ishlab chiqarish jarayonlarida inson omilini kamaytirish, xavfsizlikni ta'minlash va xodimlarni ijtimoiy qo'llab-quvvatlashni yanada kuchaytirish ustuvor vazifamizdir.

Mustaqilligimizning 35 yilligini yangilangan quvvatlar, yuqori iqtisodiy ko'rsatkichlar va ahil jamoa bilan kutib olayotganimiz barchamiz uchun cheksiz faxrdir.

Mehnatsevar ishchi-xodimlarini va hurmatli faxriylarimizni ulug' ayyom bilan yana bir bor tabriklab, barchangizga sog'liq, oilaviy baxt va Vatanimiz ravnaqi yo'lidagi ishlaringizda zafarlar tilayman! Istiqlolimiz abadiy bo'lsin!

Farrux Utanov,

Rux zavodi direktori

Bo`lishmoq:
Text to speech