• Call-markaz

    (+998 78) 141-90-99
  • Ishonch telefoni

    (+998 70) 619-23-33
Рус O'z En
Ishonch telefoni
Qayta bog'lanish

Samaradorlikka yo‘naltirilgan ta'mirlar

04 Iyul 2023, 12:28 678

Aholi hamda ijtimoiy soha obyektlari uchun qulay shart-sharoit yaratishda issiqlik va issiq suv ta'minoti bo‘yicha uzluksiz hamda sifatli xizmat ko‘rsatishni yo‘lga qo‘yish bugungi kunda eng dolzarb muammoga aylangan.

Ma’lumki, “Olmaliq KMK” AJning eng keksa energetika korxonalaridan biri hisoblanuvchi Issiqlik elektr markazi quvvatlari va texnik imkoniyatlari asosida bug‘ ko‘rinishidagi issiqlik energiyasi va issiq suv bilan asosiy iste'molchilar, shahar korxona va tashkilotlari, aholi turar-joylari bir necha tarmoqlar orqali ta'minlanib kelmoqda.

So‘nggi yillarda IEM texnologik qurilmalarini modernizatsiyalash va takomillashtirish yo‘nalishida olib borilgan ishlar iste'molchilar, shu jumladan aholi ehtiyojlarining samarali qondirilishiga xizmat qilmoqda. O‘tgan yilgi kuz-qish mavsumi tajribasidan kelib chiqqib, IEM barcha sexlari tomonidan energetika qurilmalarini kuz-qish mavsumiga tayyorlash ishlariga bugun qizg‘in kirishilgan.

Jumladan, IEMning Issiqlik tarmoqlari va yer osti kommunikasiyalari sexi tomonidan amalga oshirilayotgan ishlar fikrimizga misol bo‘la oladi.

- Issiqlik energiyasini yetkazib berish sifatini oshirish va uzluksizligini ta'minlash, zamonaviy tejamkor va energiyani iqtisod qiladigan texnologiyalarni joriy etish asosida issiqlik ta'minoti tizimining asosiy fondlarini yangilash va modernizasiyalash, yoqilg‘i-energetika resurslaridan samarali va oqilona foydalanish shu kunning muhim muammosiga aylangan, - deydi IT va YeOK sexi boshlig‘i v.b. Fayoz Jumanov. - Shuni ishonch bilan aytish lozimki, IEM va seximiz tomonidan ko‘zda tutilgan barcha ishlar, xususan rejali oldini olish ta'mirlari, mukammal va joriy ta'mirlar jadvallarida belgilangan tadbirlar to‘liq bajarilishi ta'minlab kelinmoqda. Issiq suv quvur o‘tkazgichlari joriy yilning ikkinchi choragida mukammal va joriy ta'mirlandi. Aprel oyidan boshlab shu kunga qadar 13 dan ziyod issiq suv quvur o‘tkazgichlari o‘rnatilgan manzillarda joriy ta'mir ishlari olib borildi. Mazkur ta'mirlar doirasida jami 1080 pogonnomertga yaqin turli o‘lchamlardagi issiq suv quvur o‘tkazgichlarimizda ishlar amalga oshirildi. Ayni kunlarda Moskovskaya ko‘chasi 6B-uyga kiruvchi issiq suv quvur o‘tkazgichlarida joriy ta'mir ishlari olib borilmoqda.

Seximizning yana bir brigadasi sa'y-harakatlari bilan IEM-MBF bug‘ quvur magistralida ham ishlar davom ettirilayapti. Har bir joriy ta'mir o‘tkaziladigan manzillar zarur miqdordagi issiqlik himoya qoplamalari, ta'mir uchun materiallar va ehtiyot qismlar bilan barqaror ta'minlanganligi ta'mirlarning o‘z muddatlarida yakunlanishiga xizmat qilmoqda. Shu o‘rinda barcha ta'mir ishlarining yuqor tashkilotchiligini ta'minlab borayotgan sex katta ustasi Mirolim Qidiraliyev, texnik hujjatlar ishlab chiqilishi va bajarilgan ishlar tahlilini olib borayotgan katta usta Rohila Ergashevalar nomini alohida ko‘rsatib o‘tish zarur bo‘ladi. Issiqlik uskunalari chilangar- ta'mirchilari - G‘iyosiddin G‘ulomiddinov, Alisher Qo‘shboev, elektrgazpayvandlovchi Davron Haydarovlar tomonidan bajarilgan ishlar doimo o‘z sifat ko‘rsatkichlari bilan ajralib turadi.

Issiqlik energiya manbalarini yetkazib beruvchi sifatida IEM o‘z zimmasiga olgan vazifalarni izchil bajarib kelmoqda, deyish mumkin. Markaz tomonidan mashaqqatli mehnatlar hisobiga ishlab chiqarilayotgan va iste'molchilarga yuborilayotgan energetika manbalari isrofgarchiligi esa alohida masala. Ko‘p kvartirali uylardagi issiqlik ta'minoti bo‘yicha Yetkazib beruvchi, Ijro etuvchi va Iste'molchi o‘rtasidagi munosabatlar yangi asoslarga qurilishini zamon taqozo qilayapti. Issiqlik beruvchi va qaytish quvurlar orqali o‘tuvchi issiqlik energiyasi va issiqlik manbaini o‘lchash uchun mo‘ljallangan o‘lchov vositalari ishini takomillashtirish, aholining energiya manbalarini iqtisod qilish borasidagi qarashlarini o‘zgartirish zarur.

Bugungi kunda qozonxona uskunalari va tarmoqlarning o‘ta eskirgani sababli mavjud issiqlik ta'minoti tizimida issiqlik manbalaridan maqbul darajada foydalanishning imkoni bo‘lmayapti, bu esa issiqlik ta'minoti korxonalari faoliyatiga, iste'molchilarni issiqlik energiyasi va issiq suv bilan ta'minlash sifatiga salbiy ta'sir ko‘rsatmoqda. Global iqlim o‘zgarishi tufayli Respublikada quruq fasllarning davomiyligi oshib bormoqda, tog‘larda qor zaxiralari maydoni kamaymoqda, kamsuvlik takrorlanishi tobora ko‘paymoqda, bu esa o‘z navbatida suv tanqisligi kelib chiqish xavfini tobora oshirayapti. Xonadonimiz jumragidan oquvchi issiq suv, uyimizdagi me'yoriy harorat asosini aynan suv tashkil etadi. Suvdan, shu jumladan issiqlik energiyasi manbalaridan foydalanishni samarali tartibga solishdan barchamiz manfaatdormiz. Aholiga uzatilayotgan issiq suv quvurlaridagi suvning kamida 50 foizini Issiqlik energiya markaziga qaytara olishni uddalasak, nafaqat iqtisodiy manfaat, balki suv deb ataluvchi bebaho ne'matning katta miqdorlarda tejalishiga erishgan bo‘lamiz.

Hasan ABDULLAYEV

Bo`lishmoq:
Text to speech