Call-markaz
(+998 78) 141-90-99Ishonch telefoni
(+998 70) 619-23-332-MBFning 70 yilligiga
Ayni davrga kelib sifatli energiya ta'minoti va energiya samarador tizimlarni joriy etishga iqtisodiy ko‘rsatkichlarni yuqori bosqichga olib chiqishning muhim omillari sifatida qaraladi. Bu tamoyil o‘zining 70 yilligini qarshi olayotgan Olmaliq kon-metallurgiya kombinatining 2-Mis boyitish fabrikasi Energetika xizmati faoliyatining asosiy yo‘nalishlaridan biridir.
2-MBF Energetika xizmati o‘zining boy tarixiga ega. Korxona navbatlarining bosqichma-bosqich ishga tushirilib borilishi va ishlab chiqarish quvvatlarining ortib borishi asosida Energetika xizmatining yangi bo‘lim va uchastkalari faoliyati yo‘lga qo‘yildi.
Ushbu xizmat asosining o‘rnatilishida munosib hissa qo‘shgan jamoa rahbari Anvar Norqulov, tarmoqlar va podstansiyalar uchastkasi ustasi Sobir Almatov, elektromontyorlar Baxtiyor Matazimov, Abdutalip Mambetov, Azizbek Topilovlar nomini alohida ko‘rsatib o‘tish lozim bo‘ladi.
Energetika xizmati o‘z faoliyatini Yanchish va flotatsiyalash bo‘limi energetika xizmati, Energetika uskunalari va kommunikatsiyalarni ta'mirlash uchastkasi hamda Tarmoqlar va podstansiyalar uchastkalariga tayangan holda qurgan. Fabrika ishlab chiqarish jarayonlarining birinchi bosqichi hisoblanuvchi Yanchish, Yanchish va flotatsiyalash bo‘limlari energetika qurilmalari Tolib Mirsoatov rahbarlik qilib kelayotgan uchastka nazorati ostida faoliyat yuritadi. Makur jamoa tomonidan energetika qurilmalarining ishonchli, xavfsiz va tejamkor ishlashini ta'minlash, tasdiqlangan iste'mol rejalariga muvofiq texnologik uskunalarni barcha turdagi energiya tashuvchi manbalari bilan uzluksiz ta'minlash, shuningdek energetika uskuna va jihozlarida oldini oladigan profilaktik ta'mir ishlari amalga oshiriladi.
Dilmurod Davlyatov rahbarligidagi Energetika uskunalari va kommunikasiyalarni ta'mirlash uchastkasi rejali profilaktik ta'mirlash ishlarini tashkil etish va o‘tkazilishini ta'minlash bilan bir qatorda issiqlik elektr stansiyalari, uskunalar va tarmoqlar, bosim ostida ishlovchi idishlarni profilaktik ko‘rikdan o‘tkazish va ushbu qurilmalarning xavfsiz ishlashi ustidan texnik nazoratni olib boradi. Bundan tashqari, fabrika pnevmomexanik flotatsiya mashinalariga siqilgan havo yetkazib berilishini ta'minlaydi. Tarmoqlar va podstansiyalar uchastkasi esa butun fabrika ishlab chiqarish tizimini uzluksiz va avariyasiz elektr energiyasi bilan ta'minlash vazifalarini bajarib kelmoqda.
So‘nggi yillarda energetika uskunalariga texnik xizmat ko‘rsatishning ishonchliligi va xavfsizligini oshirish bo‘yicha bir qator chora-tadbirlar amalga oshirildi. Xususan, moyli o‘chirgichlarni vakuum o‘chirgichlariga modernizasiya qilish yo‘li bilan almashtirildi, yuqori kuchlanishli yacheykalarga mexanik blokirovkalovchi qurilmalar o‘rnatildi, elektr uskunalarda ishlashda qulaylik va xavfsizlikni ta'minlash maqsadida yangi ish qurollari va himoya vositalari olib kelindi.
Korxonani elektr energiyasi, bug‘, tabiiy gaz, texnik aylanma suvlar va siqilgan havo bilan uzluksiz ta'minlash, oqava suvlarni(kanalizatsiya) tarmoqlari orqali chiqarib yuborish yo‘nalishida ham bir qator qayta jihozlash va qurollantirish ishlari olib borilgani diqqatga molikdir. Jumladan, Tarmoq va podstansiyalar uchastkasida 2 dona 1000 kVa quvvatli transformatorlar quvvati 1600 kVa transformatorlariga almashtirildi, Yanchish va flotatsiyalash bo‘limidagi Grat-170 nasoslariga 4 dona chastota o‘zgartirgichlari o‘rnatildi. Energiya sarfini kamaytirish, yangi energetika qurilmalarini joriy etish va mehnat unumdorligini oshirish asosida mahsulot tannarxini tushirish hamda energetika manbalari iste'molini optimallashtirish ishlari ham fabrika energetiklari diqqat markazida bo‘lib turibdi.
2-MBFda ayni kunlarda reaktiv elektr energiyasi iste'molini qisqartirish loyihasini amalga oshirish borasida ishlar olib borilmoqda. Mazkur loyiha doirasida 2 dona yangi reaktiv quvvatni kompensasiya qilish qurilmalari harid qilinishi ko‘zda tutilgan.
O‘tgan hisobot yili davomida fabrika tomonidan 177 916 690 kV/soatga teng elektr energiyasi iqtisodiga erishildi. Sanoat suvlari tejamkorligi borasida esa 2.430.169 m3ga teng suv iqtisod qilinishiga muvaffaq bo‘lingan. Ta'mir ehtiyojlari maqsadlarida foydalanib kelinadigan tabiiy gaz esa 56907 m3 miqdorida tejalgan. Shuningdek, 830 G kalloriya hajmida issiqlik energiyasi tejamkorligiga erishildi. Energetika uskunalari barqaror faoliyatini ta'minlash va energetika manbalarini iqtisod qilishga qaratilgan tadbirlarning izchil bajarib borilishiga Baxtiyor Matazimov, Furqat Abdullayev, Rahim O‘rinboyev, O‘rozali Boyqorayev, Nigora Joniqulova, Matluba Jo‘rayeva, Muzaffar Rahmonov, Akrom Usmonov kabi elektromontyorlar munosib hissalarini qo‘shib kelishmoqda. Ayni kunlarda korxona energetika tizimini ISO 50001:2011 standartlariga o‘tkazish ishlari olib borilmoqda. Uning barobarida fabrikaning energetika sohasi muhandis-texnik xodimlarining standartlarni o‘zlashtirish bo‘yicha malakalarini oshirish ishlariga kirishildi.
Energetika manbalari sarfi ishlab chiqarishning asosiy qismini tashkil etishi va boyitish jarayonlari eng ko‘p energiya manbalari iste'mol qilishini inobatga oladigan bo‘lsak, fabrika energetiklarining fidokorona mehnatlari evaziga nafaqat sifatli va barqaror energiya ta'minotiga, balki mahsulotlar tannarxi tushirilishiga erishib kelinayotganiga guvoh bo‘lamiz.
Hasan ABDULLAYEV