Рус O'z En
Ishonch telefoni
Qayta bog'lanish

Sanoat yarmarkasida 207,2 mlrd so‘mlik shartnomalar imzolandi

22 Aprel 2025, 10:47 1134

Ma'lumki, joriy yilning 10-11-aprel kunlari Nurafshon shahrida Toshkent viloyati hududiy tarmoqlararo sanoat yarmarkasi o‘tkazildi.

Ikki kun davom etgan yarmarkada 300 dan ortiq yirik ishlab chiqaruvchi korxonalar 2,5 ming turdan ortiq mahsulotlari ko‘rgazmasi bilan ishtirok etishdi.

Toshkent viloyati hokimligi tomonidan 10-aprel kuni tadbirkorlar bilan ochiq muloqot ham tashkil etilib, unda OKMK boshqaruv raisi Abdulla Xursanov qatnashdi. Ochiq muloqot davomida tadbirkorlarning takliflari tinglandi.

Yarmarkada “Olmaliq kon-metallurgiya kombinati” AJ ham o‘z stendi ostida 50 dan ziyod turdagi ishlab chiqarilayotgan mahsulotlarini namoyish etdi. Shuningdek, import hajmlarini qisqartirish maqsadida 200 dan ziyod tovarlarni o‘zlashtirish bo‘yicha takliflar yarmarka ishtirokchilari e'tiboriga havola etildi. Bundan tashqari, 2024-yil va 2025-yilning 1-choragida sanoat kooperatsiyasi va mahalliylashtirish yo‘nalishida amalga oshirilgan chora-tadbirlar yuzasidan ishtirokchilar uchun taqdimot ham o‘tkazildi.

Kombinatning ishlab chiqarish faoliyatiga zarur bo‘lgan mahsulotlarni mahalliy ishlab chiqaruvchilardan xarid qilish maqsadida kunlik shartnomalar imzolanib, yarmarka yakunida jami 207,2 mlrd so‘mlik shartnomalar imzolandi.

Xususan, “CHIRCHIQ TRANSFORMATOR ZAVODI” MChJ bilan ishlab chiqarishni elektr tarmoqlari bilan ta'minlash maqsadida import o‘rnini bosuvchi TRDN-63000/110-U1 turdagi transformatorlar xaridi, “MOTORS TEKNOLOJI” MChJ bilan 130 tonnalik va 220 tonnalik karyer samosvallari sozligini ta'minlash maqsadida import o‘rnini bosuvchi ichki yonuv dvigatellari xaridi, “PROFIT DISTRIBUTION” MChJ bilan ishlab chiqarishda foydalaniladigan natriy sulfid kimyoviy mahsuloti xaridi bo‘yicha shartnomalar imzolandi.

Shuningdek, OKMK hamda mahalliy ishlab chiqaruvchilar o‘rtasida 2025-yil 21-aprel holatiga kooperatsiya portali orqali jami 900 mlrd so‘mlik shartnomalar imzolangan.

Abbos Abdullayev,

OKMK mahalliylashtirish bo‘limi boshlig‘i

Bo`lishmoq:
Text to speech