Call-markaz
(+998 78) 141-90-99Ishonch telefoni
(+998 70) 619-23-33Joriy yilning 14-mart kuni “Olmaliq KMK” AJ boshqaruvi raisi Abdulla Xursanov “Olmaliq shahar va kombinat tarkibiy boʻlinmalari hududlari, shuningdek, mahallalar, xiyobon va koʻchalarni obodonlashtirish va koʻkalamzorlashtirish, aholinnng ijtimoiy himoyaga muhtoj qatlamlarini qoʻllab-quvvatlash hamda “Navroʻz” umumxalq bayramini munosib nishonlashga tayyorgarlik koʻrish toʻgʻrisida”gi buyruqqa imzo chekdi.
Unga koʻra, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2022-yil 17-fevraldagi PQ-134-sonli “2022-yilgi Navroʻz umumxalq bayramiga tayyorgarlik koʻrish va uni oʻtkazish toʻgʻrisida”gi qarori maʼlumot va ijro uchun qabul qilindi.
Shuningdek, buyruqqa koʻra, “Navroʻz” umumxalq bayramini munosib tarzda nishonlashga tayyorgarlik koʻrish va bayram tadbirlarini tashkil etish boʻyicha ishchi guruh tarkibi hamda bayramni munosib tarzda nishonlash boʻyicha chora-tadbirlar rejasi tasdiqlandi.
Bundan tashqari, kombinat tarkibiy boʻlinmalari tomonidan bayram dasturxoni tashkillashtiriladigan Toshkent viloyatining ixtisoslashtirilgan muassasalarining tasdiqlangan roʻyxati ham buyruqda oʻz aksini topgan.
Buyruq asosida kombinat tarkibiy boʻlinmalar rahbarlariga Olmaliq shahrining biriktirilgan mahallalari, aholi punktlari, koʻp qavatli uylar va unga tutash hududlar, bolalar maydonchalari, qabristonlar, ijtimoiy soha obyektlari va tarkibiy boʻlinmalar hududlarida 2022-yilning 18-mart kuniga qadar obodonlashtirish, koʻkalamzorlashtirish ishlarini amalga oshirish vazifasi yuklatildi.
“Navroʻz” bayrami shukuhini aks ettirish uchun tarkibiy boʻlinmalar hududlari bayramona shiorlar va bannerlar bilan bezatilishi, tasdiqlangan jadvalga muvofiq tarkibiy boʻlinmalarda bayram tadbirlari (bayram oshi, sumalak, xalim, bayram konserti va b.) tashkil etiladi.
Tarkibiy boʻlinmalar tomonidan Oʻzbekiston Respublikasi hududlarining milliy qadriyatlari va urf-odatlari aks ettirilgan koʻrgazmalarni tashkil etish boʻyicha chora-tadbirlar ham tasdiqlandi.
“Navroʻz” bayramini munosib tarzda nishonlash boʻyicha chora-tadbirlar rejasiga koʻra, Ijtimoiy himoyaga muhtoj keksalar, pensionerlar va nogironligi boʻlgan shaxslar, yolgʻiz qariyalar, kam taʼminlangan, boquvchisini yoʻqotgan oilalarning uy-joylarida xayriya hashari tashkil etiladi.
Shuningdek, bayrami munosabati bilan Olmaliq shahrining ikkinchi jahon urush qatnashchilariga, ikkinchi jahon urush yillari front ortida xizmat qilganlarga, Afgʻon urushidan nogiron boʻlib qaytganlar hamda Chernobil AESdagi avariya oqibatlarini bartaraf etishda ishtirok etgan faxriylarga oziq-ovqat toʻplami va pul mukofotlari topshirish boʻyicha “Olmaliq KMK” AJ xodimlari kasaba uyushmasi Kengashi bilan qoʻshma qaror ishlab chiqilib, tasdiqlanadi.
Ikkinchi jahon urushi, mehnat fronti qatnashchilariga va kombinat mehnat faxriylariga bayramona dasturxon yozilib, konsert dasturi namoyish etiladi.
“Yoshlar” bogʻida milliy sport musobaqalari tashkil etilib, dorbozlar tomonidan tomoshalar koʻrsatiladi.
Shuningdek, “Yoshlar” bogʻida sumalak, palov, koʻk somsa, chuchvara va boshqa milliy taomlarni tayyorlash boʻyicha tashkil etiladigan musobaqalar ham barchaga bayramona kayfiyat ulashishi shubhasiz.
“Metallurg” madaniyat saroyi badiiy ijodiy dastalari tomonidan esa konsert dasturi ham namoyish etiladi.
OKMK Axborot xizmati