Call-markaz
(+998 78) 141-90-99Ishonch telefoni
(+998 70) 619-23-33Rangli va qora metallarni qazib olish bo‘yicha yer osti kon ob'yektlarining qurilishi bilan bog‘liq bo‘lgan investitsion loyihalarni o‘z vaqtida amalga oshirish hamda xom ashyo bazasini oshirishni ta'minlash maqsadida bundan roppa-rossa o‘n yil oldin tashkil etilgan “Olmaliq KMK” AJ Shaxta qurilish boshqarmasi o‘z faoliyatining ilk yillaridan boshlab hozirgi kungacha investisiyaviy dasturlarning asosiy ijrochisi sifatida nom qozonib kelmoqda.
Dastlab, amalda faoliyat yuritayotgan “Qizil olma” konining “Samarchuq” uchastkasida yer osti konini qurish investitsiyaviy loyihasi muvaffaqiyatli amalga oshirildi. “Qayrag‘och”, “Tuyacho‘l” va “Chimovuq II” uchastkalarida shaxta quruvchilar tomonidan yangi yer osti konlari va ob'yektlarini qurish ishlari yuqori samaradorlikda olib borildi. Ayni kunlarda esa amalda faoliyat yuritayotgan “Qizil-Olma” koni negizidagi “Chumovuq II” uchastkasi yer osti konini qurish” ob'yektida kon-kapital, kon-tayyorlov va kon-qidiruv lahmlari o‘tish ishlari amalga oshirilmoqda.
Konchilik ishida elektromexanika uskunalari va qurilmalari, tog‘-konchilik uskunalari, energetika kommunikatsiya tarmoqlari va yoritish tizimlarining ishonchli, xavfsiz, tejamkor va avariyasiz ishlashi muhim ahamiyat kasb etadi. Boshqarmaning Angren uchastkasi elektromexanigi Xayrulla Isroilov rahbarlik qilib kelayotgan ta'mir xizmati jamoasi zimmasiga ta'mir ishlarini tashkillashtirish, ularning yuqori sifatini ta'minlash bilan bir qatorda yer osti uchastkalariga yuqoridagi kabi zarur jihozlar, mustahkamlovchi materiallar yetkazib berish vazifalari yuklatilgan.
Chiroqchi Sarvinoz Tursunaliyeva konchilar chiroqlari va o‘z-o‘zini qutqaruvchi moslamalarning doimiy ravishda quvvatlantirib borilishi, ish smenasi arafasida konchilarga berilishi va hisobi yuritilishi uchun javobgar bo‘lsa, tajribali ta'mirchi-chilangar Ibrohim O‘charov nasos va ventilyatsiya qurilmalariga ekspluatatsion xizmat ko‘rsatilishi hamda ularda ta'mir olib borilishi uchun mas'ul. Talofatlangan agregatlar va qismlarni bevosita o‘rnatilgan joyida qayta ta'mirlash yoki demontaj qilib, ta'mir stendida mukammal ta'mirlashda bu ishchi o‘z mahorat maktabini yarata olgan.
Uskunalar, mashina va mexanizmlar, shu jumladan, elektr qurilmalari ishida nosozliklarni o‘z vaqtida aniqlash va bartaraf etish maqsadida har kuni tog‘-kon ustalari va mutaxassislar bilan tezkor muloqotlar yo‘lga qo‘yilib, asosiy stvollarni o‘tishda mexanizatsiya vositalarining yuqori samaradorligiga erishib kelinayapti.
Uchastka boshlig‘i o‘rinbosarlari Zokir Domlajonov va Shavkat Teshaevlar reja-topshiriqlarning amalda bo‘lgan standartlar, ishlarni xavfsiz amalga oshirish qoidalari va yo‘riqnomalariga muvofiq holda bajarilishi uchun uchastka va xizmatlarning ishlab chiqarish va xo‘jalik faoliyatiga oqilona rahbarlikni amalga oshirib borishayotgani bois brigadalar tomonidan smena va sutkalik topshiriqlar barqaror bajarilishiga muvaffaq bo‘linmoqda. Otabek Abdurahimov, Akrom Umarov, Sobir Sayfitdinov, Akrom Qo‘chqorov, Navro‘zbek Kenjaboyev kabi kon ishchilari tomonidan esa gorizontlar, s'ezdlar va shtol'nyalarda mustahkamlash, kon-tayyorlov ishlari yuqori samaradorlikda olib borilayapti.
Yilning o‘tgan sakkiz oyi davomida shaxta quruvchilar tomonidan 386 metr/4055 m3 hajmda kon kapital lahmlarini o‘tish ishlari amalga oshirilib, reja-topshiriqlar mos ravishda 117,7% va 127,05%ga ortig‘i bilan bajarildi. 770 metr/7617 m3 hajmda kon-tayyorlov lahmlarini o‘tish ishlari olib borilib, bu borada yakuniy ko‘rsatkichlar 173,6% va 183,8%ni tashkil qilgani tahsinga sazovor natijadir. Yana bir muhim ko‘rsatkichlardan biri bo‘lgan kon-qidiruv lahmlarini o‘tish ishlarida ham 125 metr/930 m3 hajm natija bilan rejalar ortig‘i bilan uddalanib, foizlar hisobida 173,6% / 183,8% ko‘rsatkich qayd etildi. Umumiy hisobda kon lahmlarini o‘tish ishlari 1 281 metr / 12 602 m3 hajm, foizlar hisobida 120,4%/129,3%ni tashkil etgani shaxta quruvchilarning hamjihat va omilkorona mehnatlari mahsulidir. Ushbu qo‘lga kiritilgan yutuqlar boshqarma jamoasining qo‘ygan ustuvor vazifalari sari shahdam odimlayotganidan dalolat beradi.
Hasan ABDULLAYEV