• Call-markaz

    (+998 78) 141-90-99
  • Ishonch telefoni

    (+998 70) 619-23-33
Рус O'z En
Ishonch telefoni
Qayta bog'lanish

ShHT va MDH Sanoat vazirlari poytaxtimizda uchrashdi

15 Iyul 2022, 12:42 1681

Ayni damda poytaxtimiz Toshkent shahrida O‘zbekiston Respublikasi raisligida Shanxay hamkorlik tashkilotiga a'zo davlatlar sanoat vazirlari yig‘ilishi bo‘lib o‘tmoqda. Shuningdek, bugun Mustaqil Davlatlar Hamdo‘stligiga a'zo davlatlarning Sanoat siyosati bo‘yicha Kengashi yig‘ilishi o‘tkaziladi.

Tadbirlarda Hindiston, Pokiston, Qirg‘iziston, Tojikiston sanoat vazirlari, Belarus, Rossiya, Qozog‘iston, Xitoy tarmoq vazirlari o‘rinbosarlari, ShHT Bosh kotibi Chjan Min, MDH Ijroiya qo‘mitasi raisi o‘rinbosari Ilhomjon Ne'matov, shuningdek, Rossiya va Qozog‘iston ishbilarmon doiralari vakillari hamda Olmaliq kon-metallurgiya kombinati rahbariyati ishtirok etmoqda.

Yig‘ilish ishtirokchilari ShHT va MDH doirasida sanoatni rivojlantirish, kooperatsiya asosida sanoat ishlab chiqarish hajmining barqaror o‘sishini ta'minlash, qo‘shma investisiya loyihalarini amalga oshirish, yangi texnologiyalar joriy etish, moddiy va moliyaviy resurslar jalb qilish, mehnat unumdorligini oshirish va sanoat mahsulotlarini diversifikasiya qilish bo‘yicha hamkorlikni yanada jadallashtirish va kengaytirish masalalarini muhokama qilishadi.

Uchrashuvlar chog‘ida ShHT va MDHga a'zo davlatlar sanoatini rivojlantirishga qaratilgan qator muhim hujjatlar tasdiqlanishi kutilmoqda.

Xususan, Shanxay tashkilotiga a'zo davlatlar vazirlari ShHT mamlakatlari ishbilarmon doiralari o‘rtasida sanoat kooperatsiyasini rag‘batlantirish dasturi loyihasini ma'qullaydilar. Mazkur hujjat Tashkilotning Samarqand sammiti kun tartibiga tasdiqlash uchun kiritiladi.

MDHga a'zo davlatlar sanoat vazirlari yig‘ilishida ham ushbu yo‘nalishdagi hamkorlikka doir hujjat tasdiqlanishi kutilmoqda.

Tadbir davomida OKMK rahbariyati tomonidan ishtirokchilarga kombinat faoliyati haqida ham to‘liq ma'lumot berildi.

OKMK Axborot xizmati

Bo`lishmoq:
Text to speech