"Olmaliq kon-metallurgiya kombinati" aksiyadorlik jamiyati
Call-markaz
+998 78 141 90 99Ishonch telefoni
+998 71 619 23 33Call-markaz
+998 78 141 90 99Ishonch telefoni
+998 71 619 23 33Shveysariyaning O‘zbekistondagi elchixonasi tomonidan poytaxtimizda “Sifat. Innovatsiya. Ishonch” shiori ostida “Shveysariya kunlari”ni o‘tkazilmoqda. Mazkur tadbir joriy yilning 29-noyabr sanasidan boshlanib, 2-dekabrga qadar davom etadi. Ushbu an’anaviy platforma O‘zbekiston – Shveysariya ishbilarmonlik aloqalarini mustahkamlab, davlatimizning Jahon savdo tashkilotiga a’zo bo‘lishi jarayonida mahalliy ishlab chiqaruvchilar va eksportchilarimizga boy tajriba to‘plash imkonini taqdim etishi bilan ahamiyatlidir.
Jumladan, “Shveysariya kunlari” doirasida ushbu mamlakat ishbilarmon doiralari vakillaridan iborat delegatsiya joriy yilning 30-noyabr kuni Olmaliq kon-metallurgiya kombinatida ham bo‘lishdi.
Shveysariyaning O‘zbekistondagi Favqulodda va Muxtor elchisi Konstantin Obolenskiy boshchiligidagi delegatsiya dastlab, “Metallurg” madaniyat saroyida bo‘lib, bu yerda kombinat tarixi hamda Suyurlitepa yodgorligi muzeylari bilan tanishishdi.
Mehmonlarning navbatdagi manzili Qalmoqqir va “Yoshlik-1” konlari bo‘ldi. Mazkur konlardagi kon qazish ishlari, ma’danlarni tashish jarayonlari mehmonlarda katta taassurot qoldirdi.
Yaqinda barpo etilib, ishga tushirilgan 3-Mis boyitish fabrikasining ishlab chiqarish quvvatlari, o‘rnatilgan uskunalar, qo‘llanilayotgan texnologiyalar bilan yaqindan tanishgan delegatsiya vakillari kombinatning yuqori potensialga egaligini e’tirof etishdi.
Germaniyaning “Aurubis” kompaniyasining o‘quv markazi namunasi asosida loyihalangan, zamonaviy o‘quv jihozlari bilan ta’minlangan, amaliy mashg‘ulotlar o‘tish uchun barcha sharoitlar yaratilgan Muhandislik maktabi mehmonlarning navbatdagi manzili bo‘ldi. Mazkur Muhandislik maktabida hozirda geologiya, konchilik ishi, kon sanoati transportlari, marksheyderlik ishi, foydali qazilmalarni boyitish, metallurgiya, mexanika, energetika, ishlab chiqarishni avtomatlashtirish yo‘nalishlarida faoliyat olib borayotgan kombinat ishchi xodimlari o‘qitilmoqda. Shuningdek, ushbu maktabda kombinat va O‘zbekistonning boshqa sanoat korxonalari hamda xorijiy kompaniyalar uchun muhandis texnik xodimlarni tayyorlash ham yo‘lga qo‘yilgan.
Kunning ikkinchi yarmida tomonlar o‘rtasida muzokaralar ham o‘tkazildi. Muzokarlarda Shveysariyaning O‘zbekistondagi Favqulodda va Muxtor elchisi Konstantin Obolenskiy hamda OKMK boshqaruv raisining xodimlar va ijtimoiy masalalar bo‘yicha o‘rinbosari Sa’di Shermatov, Shveysariya davlatining ABB, Aqua+Tech, Hilti, Leica Geosystems, Liebherr Mining, LNS Group, SGS, SICPA kabi kompaniyalarining vakillari, kombinat mutaxassislari ishtirok etishdi.
Uchrashuv davomida videokonferens aloqa yordamida Shveysariya Federal tashqi ishlar departamenti katta maslahatchisi Frederik Shone “Xomashyo qazib olish va savdo sohasida mas’uliyatli, barqaror va shaffof amaliyotni ta’minlash bo‘yicha xalqaro faoliyatda Shveysariyaning ishtiroki” mavzusidagi ma’lumotlarni ishtirokchilar hukmiga havola etdi.
Shuningdek, tomonlar “Foydali qazilmalarni mas’uliyatli qazib chiqarish: hamkorlik va investitsiya imkoniyatlari”, “Shveysariya qadriyat takliflari: mas’uliyatli va foydali qazilmalarni barqaror qazib olish” kabi mavzular bo‘yicha taqdimotlar o‘tkazildi.
Uchrashuvda 10ga yaqin Shveysariya kompaniyalari faoliyatlari yuzasidan batafsil ma’lumotlar berishdi.
Mazkur tashrifdan ko‘zlangan asosiy maqsad barqaror konchilik amaliyotlarini joriy etish uchun Shveysariya-O‘zbekiston xususiy sherikligining salohiyatini o‘rganishdan iborat bo‘ldi.
O‘zbekistonning tog‘-kon sanoati barqaror rivojlanish, modernizatsiya va global investitsiya sherikliklariga, shuningdek, ekologik, ijtimoiy va boshqaruv (ESG) standartlarini mustahkamlash va joriy etishga qaratilgan holda o‘zgarishlarni boshdan kechirmoqda. Keng ko‘lamli islohotlar fonida milliy iqtisodiyotning strategik elementi sifatida ushbu sektor xalqaro hamkorlik, xususan, ilg‘or texnologiyalarni qo‘llash, infratuzilmani takomillashtirish, ekologik mas’uliyat va inson kapitalini rivojlantirish sohalarida o‘sib borayotgan salohiyatni taklif etadi.
Bu kabi tadbirlar Shveysariya kompaniyalarining O‘zbekistondagi OKMK va umuman konchilik sanoati haqidagi bilimlarini kengaytirish, istiqbolli investitsiya va hamkorlik imkoniyatlarini aniqlash, Shveysariya-O‘zbekiston biznes va institusional aloqalarini mustahkamlash, mas’uliyatli konchilikning o‘sish platformasi sifatida xabardorligini oshirish, sinov loyihalari, texnik-iqtisodiy asoslash va tarmoqlararo hamkorlik uchun asos yaratish vazifalarini bajarishi shubhasiz.
Tadbir davomida mehmonlarning fikr-mulohazalari bilan qiziqdik.
Konstantin Obolenskiy Shveysariyaning O‘zbekistondagi Favqulodda va Muxtor elchisi: - Bugun biz Olmaliq kon-metallurgiya kombinatiga 25 ta kompaniya vakillari bilan tashrif buyurdik. Bu, albatta, Shveysariya va O‘zbekiston o‘rtasidagi mustahkam hamkorlik yana-da rivojlanib borayotganidan dalolat beradi. Tashrif davomida bizni OKMK rahbariyati juda samimiy va iliq kutib oldi.
Kompaniyalar o‘zlarining innovasion g‘oyalari hamda mavjud resurslardan samarali foydalanish bo‘yicha ilg‘or yechimlarni taqdim etishdi. Ushbu tashkilotlar juda ijodkor, texnologiyaga yo‘naltirilgan va sifatga alohida e’tibor beruvchi subyektlar hisoblanadi. Bu, mening fikrimcha, Shveysariya biznesiga xos bo‘lgan eng asosiy fazilatlardan biridir. Kelgusida yana-da hamkorlik munosabatlarni mustahkamlash niyatidamiz.
Mixail Kortenbusch, “Business Finance Consulting” kompaniyasi direktori: - Bugun Olmaliq shahrida bo‘lib, kon majmuasini ko‘zdan kechirish imkoniga ega bo‘ldim, rostini aytsam, juda hayratda qoldim. Men moliya sohasida faoliyat yuritaman, Markaziy Osiyoda bir necha yil yashaganman va shuni ishonch bilan ayta olamanki, bu yerda sanoatga juda keng qamrovli, strategik yondashuv mavjud. Yangi rivojlanish strategiyalari ishlab chiqilgan, ayniqsa oltin, mis va boshqa qimmatbaho metallar bo‘yicha boshlangan yo‘nalishlar juda istiqbolli. O‘zbekistonda sanoatning kelajagi porloq deb o‘ylayman va butun kombinat jamoasiga muvaffaqiyat tilayman.
Shuningdek, tashrif davomida muzey mavjudligi, milliy raqslar namoyish etilgani bizda katta taassurot qoldirdi. Bu yer — shunchaki kombinat emas, balki butun shahar hayoti shu korxona bilan chambarchas bog‘langanini yaqqol his qildik.
Rustem Sharipov, “ABB” kompaniyasi vakolatxona rahbari: Men Shveytsariyaning ABB kompaniyasida faoliyat yuritaman. Biz 3-Mis boyitish fabrikasiga shar tegirmonlari uchun o‘n ikki dona yirik drayverlarni yetkazib berdik. Hozirda ularni bosqichma-bosqich ishga tushirish jarayonidamiz. To‘rttasi allaqachon muvaffaqiyatli ishga tushirildi, qolganlari esa yakuniy sozlash bosqichida. Shuningdek, konveyer liniyalari, blok-modulli inshootlar, elektrlashtirish tizimi hamda konveyer liniyalarining qisman avtomatlashtirilishi — bularning barchasi bizning ABB kompaniyamiz tomonidan yetkazib berilgan va joriy etilgan loyihalardir.
Umuman olganda, Shveysariya kompaniyalari hamda Shveysariya davlati O‘zbekiston bilan investitsiyalar va hamkorlik aloqalarini kengaytirishga katta qiziqish bildiradi. Ayniqsa, yangi qurilayotgan fabrika yirik investitsiya loyihalaridan biri hisoblanadi.
Dunyoning har qanday kompaniyasi yiliga oltmish million tonna ishlab chiqarish quvvatiga ega bo‘la olmaydi — bu juda katta ko‘rsatkich. Biz sizga 2030-yilgacha 4-MBF doirasida ishlab chiqarish quvvatini 120 million tonnagacha oshirishni tilaymiz. Shveysariyada ishlab chiqarilgan yuqori sifatli uskunalarimiz bilan ushbu yuksak maqsadlarga erishishingizda yordam berishga tayyormiz.
Ma’lumot uchun: Shveysariya kunlari Shveysariyaning O‘zbekistondagi elchixonasi tomonidan har yili o‘tkaziladigan tadbir bo‘lib, Shveysariya innovatsiyalari, ishonchliligi va sifatini namoyish etish orqali iqtisodiy va madaniy aloqalarni mustahkamlashga qaratilgan. Tadbirlar interaktiv sessiyalar, tematik ko‘rgazmalar va uchrashuvlarni o‘z ichiga oladi. Master-klasslar ham hukumat vakillari, ham biznes hamjamiyatiga qaratilgan.
OKMK Axborot xizmati