• Call-markaz

    (+998 78) 141-90-99
  • Ishonch telefoni

    (+998 70) 619-23-33
Рус O'z En
Ishonch telefoni
Qayta bog'lanish

Sinovlarda toblangan korxona

29 Mart 2024, 12:41 444

OKMKning 75 yilligiga

“Olmaliq KMK” AJ Rux zavodi metallurglari jamoasi O‘zbekiston rangli metallurgiyasining rivojlanishida ko‘plab shon-sharafli sahifalarni yozdi. Ushbu korxona tomonidan ishlab chiqarilgan mahsulotlar rangli metallar bozorida talabgir bo‘lib, zavod va mamlakat yalpi mahsulotining o‘sishiga katta hissa qo‘shmoqda. Ammo uning tarixi qurilishdan ancha ilgari boshlangan va bir necha bosqichlarda shakllanib kelgan. O‘zining shonli tarixi davomida korxona tomonidan 4,0 mln tonnaga yaqin metalli rux, 5 mln tonnaga yaqin sulfat kislotasi hamda 21 ming tonnadan ziyod kadmiy metalli ishlab chiqarilgan.

Olmaliq Rux zavodining qurilishi 1959-yilda ikkita asosiy sexlar - Kuydirish va Sulfat kislotasi sexini bunyod etilishi bilan boshlab berilgandi. 1963-yilda ilk mahsulot - sulfat kislotasi olindi. Ushbu mahsulotni ishlab chiqarish uchun zavod dastlabki yetti yil davomida keltirilayotgan pirit konsentratini qayta ishlash bilan mashg‘ul bo‘ldi. Korxona sulfidli rux konsentratlarini qayta ishlash asosida o‘z faoliyatini davom ettirdi. Qayta ishlash asosida olingan, tarkibida ko‘p miqdorda rux, qo‘rg‘oshin, kadmiy va boshqa metallar bo‘lgan rux keklari tashlanma maydonda to‘plab borildi. Zavodning uchinchi navbati - rux, qo‘rg‘oshin va kadmiy uchirma changlari(vozgon) ni olish va qayta ishlash imkonini beradigan velslash majmuasini bunyod etishga keng ko‘lamda kirishildi. 1972-yilning 29-iyunida birinchi yirik o‘lchamli velslash pechining ishga tushirilishi bilan rux keklari to‘plab borilishi to‘xtatildi va qayta ishlashga jalb etildi.

Mamlakat sanoati amaliyotida birinchilardan bo‘lib ruxli eritmalarni aralashmalardan uch bosqichda tozalash tizimining joriy etilishi yuqori tozalikdagi rux elektroliti olinishini ta'minladi. Buning natijasida katodli metallning sifati yaxshilandi, rux va kadmiyni ajratib olinishi keskin oshdi. 1973-yilda mehnat jamoasining sa'y-harakatlari bilan rux kuporosi ishlab chiqarildi, radioelektronika sanoati uchun muhim xom ashyo hisoblangan metall - indiy olindi. 1975-yilda korxonani loyiha asosida qurish va ishga tushirish ishlari yakuniga yetkazildi. 1992-yilga kelib zavod mehnat jamoasi tolling shartnomalari asosida keltirilayotgan xom ashyoni qayta ishlashga kirishdi. 1997-yildan tolling shartnomalari asosida keltirilayotgan xom ashyolar hisobiga to‘liq faoliyat olib borildi. “Qo‘rg‘oshinkon” koni faoliyatiga barham berilgani, 1998-yilda “Oltin-topgan” konidan rudalarni keltirish to‘xtatilishi munosabati bilan qo‘rg‘oshin-rux boyitish fabrikasi mis-molibden rudalarini qayta ishlash tizimiga o‘tkazildi. Zavod tolling shartlari bilan MDH, shuningdek boshqa xorij davlatlaridan keltiriladigan rux xom ashyosini qayta ishlashni o‘zlashtirib bordi.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining tegishli qarorlariga asosan, 2010-yilning sentyabrida Xondiza koni foydalanishga topshirildi. Mazkur kon boyitish majmuasining ilk rux konsentrati 2010-yilning noyabrida Rux zavodiga yetkazildi. Huddi o‘sha yilning dekabrida mustaqil O‘zbekistonning birinchi rux metalli quyildi.

“Olmaliq KMK” AJning ikkinchi metallurgiya korxonasida amalga oshirilgan ishlab chiqarishni modernizatsiyalash ishlari hisobiga rux mahsulotlari, shu jumladan, rux konsentratini ishlab chiqarish quvvatlari 45%ga oshirildi. Bunga Surxondaryo viloyatidagi Xondiza kon maydoni xom ashyolarini qayta ishlash hisobiga erishildi. Hozirda ushbu korxona Olmaliq kon-metallurgiya kombinatining o‘z va xorijdan keltirilayotgan rux konsentratlarini qayta ishlab kelmoqda.

2013-2014 yillarga mo‘ljallangan investitsiya dasturi doirasida O‘zbekiston Respublikasi hukumati elektrolit sexining mavjud quvvatlarini modernizatsiya qilish va texnik yangilash uchun Rux zavodiga 24,033 mln AQSh dollari ajratdi. Qayta qurish dasturiga binoan, elektroliz zalining 1-seriyasining 29-blogida temir-beton vannalar o‘rniga polimer materialdan tayyorlangan elektrolit vannalar o‘rnatildi. 2014-yil 28-yanvarda 29-blok foydalanishga topshirildi. 2015-yil 19-yanvarda 26 yildan buyon ishlamayotgan elektrolit sexining 1-seriyasi modernizatsiya dasturi asosida ishga tushirildi. 2016-yil dekabr oyidan Rux zavodida O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2016-yilning 20-mayidagi farmoniga muvofiq, tashqi bozorda talabgir bo‘lgan mahsulot - rux oksidi ishlab chiqarish yo‘lga qo‘yildi.

2018-yilni Rux zavodi qayta tug‘ilgan yil sifatida e'tirof etish mumkin bo‘ladi. Mamlakatimiz rahbarining “Olmaliq KMK” AJ ishlab chiqarish quvvatlarini rekonstruksiya qilish va barqarorlashtirish chora- tadbirlari to‘g‘risida”gi qaroriga asosan, 2018-yilning 30-sentyabridan boshlab ishlab chiqarish quvvatlarini rekonstruksiya qilish va barqarorlashtirish ishlari keng ko‘lamda boshlab yuborildi. Unga ko‘ra, Rux zavodining quvvatlarini yiliga 120 ming tonnagacha chiqarish ko‘zda tutildi.

Rux zavodida amalga oshirilgan eng so‘nggi diqqatga molik qayta qurollantirish ishlari sifatida texnologik jarayonlarni avtomatlashtirish (SCADA) tizimi korxonada joriy etilishi bo‘ldi. Mazkur tizim serverlarning quvvatini 3 barobarga ko‘tarish va axborot xavfsizligi darajasini keskin oshirish bilan birga, korxona ishlab chiqarish jarayonlari bosh bo‘g‘inida texnologik va sifat ko‘rsatkichlari keskin ortishiga xizmat qildi. Bu esa o‘z navbatida “Olmaliq KMK” AJning ikkinchi metallurgiya korxonasi tomonidan o‘tgan hisobot yilida 90 ming tonna miqdorida rux metalli ishlab chiqarilishini ta'minladi.

Hasan ABDULLAYEV

Bo`lishmoq:
Text to speech