Call-markaz
(+998 78) 141-90-99Ishonch telefoni
(+998 70) 619-23-33Oramizda tashabbuskorligi, kamtarinligi va fidoyiligi bilan yurt koriga yarayotgan, o‘z kasbining ustalari bo‘lgan kishilar ko‘p. Ana shundaylardan biri o‘z kasbining ustasi, har jabhada barchaga ibrat bo‘layotgan Mis eritish zavodi Metallurgiya sexi boshlig‘i, “Do‘stlik” ordeni sohibi Olimjon Shodmonovdir.
Olimjon aka o‘z mehnat faoliyatini kombinat bilan 1989-yili bog‘lagan. O‘sha yili u Metallurgiya sexida konverterchi sifatida ish boshlab, sex boshlig‘i lavozimigacha bo‘lgan mehnat yo‘lini bosib o‘tdi. O‘tgan yillar davomida u texnologik ishlab chiqarish zanjirini to‘liq o‘zlashtirdi. Olimjon Tog‘aevich o‘z ishining ustasi bo‘lgan mutaxassis, boy tajribaga ega, 25 yil davomida sexni mohirona boshqarib kelmoqda. U boshchiligida sex jamoasi esa berilgan topshiriq va vazifalarni yorug‘ yuz bilan ado etayapti.
U hamisha to‘plagan tajribalarini yosh mutaxassislarga o‘rgatishdan charchamaydi. Ishlab chiqarish sohasiga yangi texnika va ilg‘or texnologiyalarni qo‘llashda faol ishtirok etadi. Rangli metallurgiya sohasida yuqori malakali mutaxassis bo‘lgan Olimjon Shodmonov bugun qutlug‘ 60 yoshni qarshi olmoqda. Shu munosabat bilan tashkil etilgan taqdirlash tadbirida zavod rahbariyati tomonidan yuqoridagi fikrlar aytildi. Yubilyarga samimiy tilaklar bildirilib, uning kombinat rivojida qo‘shayotgan hissasi e'tirof etildi.
Tadbir davomida Olimjon Shodmonovga zarbop to‘n kiydirilib, esdalik sovg‘asi tuhfa etildi.
Sanobar Norinboyeva,
MEZ kasaba uyushmasi qo‘mitasi raisi o‘rinbosari