Рус O'z En
Ishonch telefoni
Qayta bog'lanish

Sogʻlom ayol — baxtli oila, farovon hayot va yuksak yutuqlar garovidir!

21 Avgust 2026, 8:51 82

Markaziy taʼmirlash-mexanika zavodi xotin-qizlar va gender tenglik masalalari boʻyicha maslahat kengashi hamda kasaba uyushmasi qoʻmitasi tashabbusi bilan xodimlarning salomatligini asrash, mehnatdagi faolligi va oiladagi xotirjamligini qoʻllab-quvvatlash maqsadida tizimli tadbirlar amalga oshirilmoqda. Jumladan, joriy yilning 19 avgust kuni zavod ayollari uchun “Sogʻlom ayol — sogʻlom hayot va yutuqlar garovi” mavzusida seminar tashkil etildi.

Uchrashuvga taklif etilgan yuqori malakali tibbiyot mutaxassislari va ekspertlar ayollar salomatligi bilan bogʻliq eng muhim masalalar boʻyicha foydali maʼlumotlar va tibbiy tavsiyalar berishdi. Terapevt Dinara Ollayeva xodimlarga sogʻlom turmush tarzi, toʻgʻri ovqatlanish hamda kasalliklarning oldini olish sirlarini tushuntirgan boʻlsa, ginekolog Klara Sulaymonova ayollar salomatligi, ginekologik kasalliklar profilaktikasi va oʻz vaqtida tibbiy koʻrikdan oʻtishning ahamiyatiga toʻxtaldi.

Shuningdek, ishlab chiqarish va kundalik hayot muvozanatini saqlash, stress hamda emotsional charchoqni yengib, ruhiy xotirjamlikka erishish boʻyicha psixoanalitik Viloyat Davletova tomonidan xotin-qizlar uchun foydali va qiziqarli psixologik trening oʻtkazildi.

Savol-javoblarga boy va qizgʻin ruhda oʻtgan seminar davomida ishtirokchilar oʻzlarini qiziqtirgan savollariga mutaxassislardan atroflicha javob oldilar. Oʻz sogʻligʻiga eʼtiborli boʻlgan ayol — oilasi, jamoasi va jamiyatning eng mustahkam tayanchidir. Bu kabi muloqotlar zavod xotin-qizlarining tibbiy madaniyatini yuksaltirish bilan bir qatorda, ularning salomatligini asrashda muhim poydevor boʻlib xizmat qiladi.

Gulnoza Tangirova,
MTMZ Xotin-qizlar va gender tengligi maslahat kengashi raisi

Bo`lishmoq:
Text to speech